Sport | 00:32 / 19.11.2020
3652
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik poygachi Lyuis Hemiltonga ritsar unvonini berish taklif qilindi 

Foto: BBC Sport

Britaniya parlamentining bir guruh deputatlari bosh vazir Boris Jonsonni “Formula-1” poygalarining 7 karra chempioni Lyuis Hemiltonni ritsar unvoniga tavsiya qilishga chaqirishdi.

Britaniyalik deputatlar “Mercedes” poygachisi Hemilton “Formula-1”da chempionlik unvonlari soni bo‘yicha rekordchi bo‘lgan afsonaviy Mixael Shumaxerga tenglashib olgandan keyin milliy darajada tan olinishi va unga ritsar unvoni berilishi kerakligini aytishmoqda.

Deputatlarning bu boradagi rasmiy murojaati Jonsonga joriy haftada yo‘llanishi kutilmoqda.

Ta'kidlanishicha, bunday iltimos bildirilgan maktubni bosh vazirga Britaniya avtosporti federatsiyasi prezidenti Devid Richards 11 noyabrdayoq yo‘llagan.

“Britaniya ko‘plab yillar davomida “Formula-1” uchun muhandislik ishlanmalari sohasida dunyo yetakchisi bo‘lgan va ko‘plab ajoyib poygachilarni tayyorlagan. Endi biz bu poygachilardan eng buyugining yutug‘ini nishonlay olamiz. Buni Lyuis Hemiltonni ritsar unvoni bilan taqdirlashdan ko‘ra munosibroq yo‘li yo‘q”, deb aytilgan Richardsning maktubida.

Hozircha britaniyalik poygachilar orasida ritsar unvoniga “Formula-1” poygalarining uch karra chempioni Jyeki Styuartgina ega. 

Hemilton faoliyatidagi yettinchi chempionlik unvonini 15 noyabrda Turkiya bosqichida muddatdan oldin qo‘lga kiritdi hamda bu borada rekordchi bo‘lgan Shumaxerga yetib oldi.  

Shundan keyin Hemilton Britaniyaning eng nufuzli qora tanli kishisi deb topildi.

Mavzuga oid