Terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyat qilganlarning ijtimoiylashuvi bo‘yicha davlat dasturi bandlari to‘la bajarilmagan
Ayni paytda Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi videokonferensaloqa tarzida bo‘lib o‘tmoqda.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, majlis davomida mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov 2020 yilgi davlat dasturining Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish bandining bajarilishi bo‘yicha o‘rganish natijalarini o‘qib eshittirgan.
«O‘tayotgan yilning 9 oyi davomida davlat dasturining 44 ta bandining ijrosi tahlillariga ko‘ra, beshinchi bo‘limning 13 ta bandi o‘z muddatida bajarilgan.
Jahondagi epidemiologik vaziyat tufayli bitta bandning ijrosi 2021 yilga qoldirilgan. Bajarilayotgan va hali muddati kelmagan bandlar 22 tani tashkil qilmoqda. 7 ta band bo‘yicha esa mas'ul vazirlik idoralar tomonidan normativ huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib vazirlar mahkamasiga kiritilgan, lekin ayrim sabablarga ko‘ra, hanuzgacha qabul qilinmagan», – degan Qutbiddin Burhonov.
U hisoboti davomida ijrosi bajarilmay qolayotgan bandlarga ham e'tibor qaratgan.
«Xususan, davlat dasturining 2.48 bandida O‘zbekiston Milliy gvardiyasi zimmasiga 2020 yilning 1 apreliga qadar «Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan edi. Milliy gvardiya tomonidan joriy yil 20 fevralda ushbu qonun loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan (Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinishi kechikmoqda – tahr).
Shuningdek, davlat dasturining 2.51 bandida ichki ishlar vazirligi zimmasiga yil davomida diniy ekstremizm g‘oyalari ta'siriga tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reablitatsiya qilish va ularni sog‘lom hayotga qaytarish yuzasidan amaliy tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan.
Qayd etish lozimki, davlat rahbari tomonidan diniy oqimlar ta'siriga adashib kirib qolgan, o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lib tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarni afv etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Jumladan, oxirgi to‘rt yilda 12 marotaba afv etish bo‘yicha Prezident farmonlari e'lon qilindi. Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi tomonidan afv etilgan shaxslarni profilaktik hisobga olish va jamiyatga moslashuvini ta'minlash va uning monitoring ishlari olib borilmoqda. Ammo ijtimoiylashuv tadbirlariga qaramasdan terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlarning 250 nafari bugungi kunga qadar o‘z g‘oyasidan qaytmagan. Shu sababli hukumat tomonidan davlat dasturining ushbu bandi ijrosiga alohida e'tibor qaratilishini so‘rab joylardagi hokimlik, Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi organlari hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda ish tutishlari kerak», – degan qo‘mita raisi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
17:20 / 18.12.2024
Kelgusi yilda ta’lim va fan sohasiga 86,3 trln so‘m yo‘naltiriladi - Tanzila Norboyeva
14:50 / 18.12.2024
Senat 2025 yilga mo‘ljallangan davlat budjetini ma’qulladi
19:34 / 27.11.2024