Merkel, Erdo‘g‘an va albatta, Putin haqida. Obama memuarida dunyo siyosati yetakchilari haqida nimalar yozdi?
Yaqinda AQShning 44-prezidenti Barak Obama «Orzudagi zamin» deb nomlangan xotira kitobini nashrdan chiqardi. Kitob sotuvga chiqarilgan birinchi kunning o‘zida AQSh va Kanadada 890 ming nusxada sotildi. Bu Penguin Random House nashriyoti uchun rekord natija hisoblanadi. Bu kitob AQSh prezidentlari tomonidan yozilgan kitoblar tarixida eng ko‘p sotilgan xotira kitobi bo‘lishi kutilmoqda.
Obama o‘z kitobida AQSh siyosati va o‘zining oilaviy hayoti haqida yozgan. Shuningdek, kitobda uning chet elga safarlarida dunyo rahbarlari bilan uchrashuvlari ham keng yoritilgan. Quyida Obamaning dunyo yetakchilari haqidagi mulohazalari keltiriladi.
Devid Kemeron. Britaniya sobiq bosh vaziri
Konservativlar partiyasi vakili, 2010 yildan 2016 yilgacha Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lib ishlagan Devid Kemeron haqida Obama «o‘ziga ishongan, hayot sinovlari oldida o‘zining nafis odob-axloqini yo‘qotmagan» deb ta'riflaydi. Obama Kemeron shaxs sifatida unga yoqqani haqida yozadi. «Hatto to‘qnashib ketib boshimni uning boshiga urib olganimda ham u menga yoqqan», deb yozgan Obama.
Shu bilan birga, Obama Buyuk Britaniya rahbari yuritgan iqtisodiy siyosatga qo‘shilmaganini yozadi. «Kemeron an'anaviy erkin bozor siyosatiga to‘la sodiq bo‘lib, o‘z saylovchilariga davlat sektoridagi defitsit va xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha o‘z siyosiy platformasi – savdoni tartibga solish va ko‘paytirish islohoti bilan birgalikda Britaniya raqobatbardoshligining yangi davrini boshlab beradi, deb va'da berdi. Biroq shundan so‘ng, Britaniya iqtisodiyoti yanada chuqurroq tanazzulga yuz tutdi», deb yozadi Obama.
Nikolya Sarkozi. Fransiya sobiq prezidenti
Fransiyaning sobiq prezidenti Obamaga «hissiy jo‘shqin va ritorikalar yo‘g‘rilgan «Tuluza-Lotrek» suratidagi personajni eslatgan.
«Sarkozi bilan suhbatlar qiziqarli, ikkinchi tarafdan odamni charchatib yuboradi. Uning qo‘llari doimo harakatda, ko‘kragi Bantam xo‘rozidek titrab turardi. Sarkozining shaxsiy tarjimoni esa uning har bir xatti-harakati va ishoralarini takrorlashga urinar edi», deb eslaydi AQShning 44-prezidenti.
Angela Merkel. Germaniya kansleri
Germaniya kansleri Obamada «ishonchli, umidli, halol, bemisl darajada aqlli va mehribon» sifatlari bilan taassurot qoldirgan. Obamaning ta'kidlashicha, avvaliga Merkel uni shubhali qarash bilan qabul qilgan. Bunga Obamaning ajoyib nutqlari va jamoat oldida chiqish qobiliyati sabab bo‘lgan. Uning o‘zi haqiqatan ham o‘zining notiqlik mahorati bilan faxrlanadi.
«O‘shanda men Merkeldan xafa bo‘lmadim, chunki Germaniya rahbari uchun har qanday demagogdan nafratlanish tabiiy deb o‘ylayman», degan Obama o‘sha shubhali qarash haqida.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘an
Obamaning aytishicha, Turkiya rahbari unga «do‘stona» munosabatda bo‘lgan. «Umuman olganda, Erdo‘g‘an iltimos va so‘rovlarga ancha sezgir», deb yozgan sobiq prezident. «Men uning demokratiya va qonun ustuvorligini saqlashga bo‘lgan qiziqishi faqat o‘z hokimiyatini saqlab qolgandagina mavjud bo‘lishi mumkin degan aniq tasavvurga egaman», deb yozgani esa Obama Turkiya prezidentiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lganini yorqinroq ko‘rsatadi.
Manmohan Singh
Kitobda Hindistonning sobiq bosh vaziri «dono, mulohazali, beg‘ubor va halol siyosatchi», shuningdek, «Hindiston iqtisodiy rivojlanishining bosh me'mori» sifatida ta'riflangan.
«Manmohan Singh – odamlarning ishonchini ularning his-tuyg‘ulariga murojaat qilish bilan emas, balki hayotning yuqori darajasini ko‘tarish va halol, poraxo‘r bo‘lmagan siyosatchi sifatida munosib obro‘sini saqlab qolish orqali erishgan», deb xulosa bergan Obama.
Vatslav Klaus
Obama Chexiyaning «baxmal inqilobi»dan keyin hokimiyat tepasiga kelgan birinchi prezidenti Vatslav Gavelning muxlisi ekanini hech qachon yashirmagan. Uning o‘rniga kelgan Vatslav Klausni Oq uyning sobiq rahbari o‘z xotiralarida «muammoli shaxs» deb ataydi.
Obama bu prezident Yevropada o‘ng qanot populizmining qayta tiklanishiga boshchilik qilishidan qo‘rqqanini yozgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vatslav Klaus 2008-2009 yillarda ro‘y bergan jahon iqtisodiy inqirozi davrida millatchilik va muhojirlarga qarshi kayfiyat bilan boshqalarda Yevropa integratsiyasiga nisbatan shubhalar kuchayishiga sabab bo‘lgan.
«Sovuq urush tugaganidan keyin dunyoni qamrab olgan demokratlashtirish, liberallashtirish va integratsiyaning istiqbolli to‘lqini susaya boshladi», degan AQShning sobiq prezidenti Vatslav Klausning xatti-harakatlariga baho berib.
Vladimir Putin. Rossiya prezidenti
Barak Obama prezident sifatida Rossiyaga birinchi marta 2009 yil yozda tashrif buyurgan. Tashrif oldidan Oq uy rahbariga AQSh Milliy xavfsizlik kengashi xodimi Maykl Makfol maslahatchi bo‘lgan, keyinchalik u Moskvada elchi sifatida ish boshlagan.
O‘sha paytda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Obamani AQSh bilan yaxshi aloqalar o‘rnatishga qiziqqan «zamonaviy siyosatchi» sifatida hayratda qoldirgan. Xotira kitobidagi esdaliklarga ko‘ra, Makfol Obamani Medvedev haqiqatan ham «jahon sahnasidagi jiddiy roli»ni isbotlashga urinayotgani haqida oldindan ogohlantirgan.
«Qarorlar hali ham Putin tomonidan qabul qilinishini unutmang», degan Obamaga maslahatchisi. Bu Dmitriy Medvedevning Obama bilan birinchi uchrashuvidayoq tasdiqlangan. O‘sha paytda ikki tomonlama munosabatlarda asosiy muammolaridan biri Gruziya bilan bo‘lib o‘tgan «uch kunlik urush» edi. Obamaning eslashicha, bu mavzuda suhbat boshlanishi bilanoq, Medvedev Rossiya hukumatining rasmiy munosabatini takrorlagan. Ammo gap uncha «nozik» bo‘lmagan boshqa mavzularga o‘tganda, Medvedev o‘zini erkin tutib, ochiqchasiga zavqlanib suhbatlashgan. «U menga o‘zi aytgan biror-bir so‘zga ishonmasligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan edi», deb yozadi Barak Obama.
Shundan so‘ng, Obama Novo-Ogarevoda o‘sha paytda bosh vazir lavozimida bo‘lgan Vladimir Putin bilan uchrashadi. Uni qarorgohdagi shohona dasturxon tuzalgan zalda kutib olishadi. Obamaning yozishicha, Putin unga, siyosatga ilk bor kirib kelganida Chikagoda duch kelgan odamlarni eslatgan. «Qandaydir okrug xo‘jayini kabi kimsa, lekin qo‘lida yadro qurollari va BMT Xavfsizlik Kengashida veto qo‘yish huquqi bor odam», degan Obama Putin haqida.
«Putin menga bir vaqtlar «Chikago siyosati»ni yoki Timmani-hollni (XIX asr o‘rtalaridan XX asr boshlarigacha Nyu-Yorkda demokratik partiyadan nomzodlar ko‘rsatadigan jamiyat) pora, shantaj, aldov va zo‘ravonlik bilan boshqargan shaxslarni eslatdi», degan u.
Qo‘shma Shtatlardagi Chikago siyosiy «mashina»si azaldan korrupsiya ramzi bo‘lib kelgan. Oq uyning sobiq rahbari eslaganidek, Rossiya rahbari suhbat boshida AQShga qarshi barcha da'volarini batafsil bayon qilishni afzal ko‘rgan.
«Putin oxiri tugamaydigan gapini boshlaganida, men o‘z savolimni tugatishga arang ulgurardim. U AQSh tomonidan qilingan adolatsizliklar va amerikaliklarning ruslarga nisbatan hurmatsizlik holatlarini batafsil sanab o‘tdi. Hatto 11 sentyabr kuni prezident Bushga qo‘ng‘iroq qilib, razvedka ma'lumotlarini taqdim etganini ham gapirdi», deydi Obama o‘z xotiralarida.
Shuningdek, Rossiya rahbari AQSh O‘zbekiston va Qirg‘izistonda harbiy bazalar ochganda ushbu mamlakatlar rasmiylari bilan gaplashib, ularda Amerika harbiy bazalarini joylashtirishda yordam berganini gapirib o‘tgan. Obamaning eslashicha, Putin «Bush uning ogohlantirishlariga quloq solmagani» va uning Iroqqa bostirib kirishi Yaqin Sharqdagi vaziyatni izdan chiqargani haqida gapirgan.
Putin gapirayotib NATOning kengayishi va AQShda «Rossiya ta'sir doirasidagi mamlakatlar»ga uyushtirilgan «rangli inqiloblar» va AQShning «dunyoga hukmronlik qilish» yo‘lidagi urinishlariga ham to‘xtalgan.
Bundan tashqari, Putin AQSh Rossiyani «teng huquqli sherik» sifatida ko‘rmasligini, shuning uchun bunday sharoitda ikki tomonlama munosabatlar yaxshilanishiga umid qilish qiyinligi haqida ham gapirgan.
Obamaning ta'kidlashicha, Putin 45 daqiqa tinmasdan gapirgan. Shundan so‘ng, AQSh rahbari Putin tomonidan qilingan e'tirozlarga, savollarga batafsil javob berishga urinadi. Ammo Putinni uning javoblari qiziqtirmaydi, Putin uni diqqat bilan tinglamagan.
Mavzuga oid
07:50
Anapa aholisi mazut to‘kilishi sababli Putinga murojaat bilan chiqdi
14:14 / 23.12.2024
Kremlda Putin va Slovakiya bosh vaziri o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
10:43 / 23.12.2024
Tramp Putin u bilan Ukraina masalasida uchrashmoqchi ekanini ma’lum qildi
00:02 / 22.12.2024