O‘zbekiston | 18:16 / 27.11.2020
20215
5 daqiqa o‘qiladi

Taroq-pichoq, jangovar yelpig‘ich va uzuk – O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan sovuq qurollarning namunaviy klassifikatori ma'lum qilindi

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning 10 oyi davomida fuqarolar orasida o‘tkir tig‘li, kesuvchan yoki zarb beruvchi 36 ming 537ta predmet aniqlangan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Jamoat xavfsizligini ta'minlashga doir qonun hujjatlari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ichki ishlar vazirligi Tashkiliy departament Yuridik ta'minlash boshqarmasi bosh yuriskonsultanti, mayor Sarvar Mamadaliyevning ma'lum qilishicha, yildan yilga jamoat joylarida yoshlar orasida pichoq va boshqa sovuq qurollarni olib yurish, o‘zaro janjal vaqtida mazkur ashyolar bilan qo‘rqitish yoki ularni qo‘llash kabi huquqbuzarliklar ko‘paymoqda.

Sarvar Mamadaliyev

“Misol uchun, 2017 yilda jami 1 391ta o‘tkir tig‘li, kesuvchan yoki zarb beruvchi (chillaklar) predmetlar aniqlangan bo‘lsa, 2018 yilda 4 223ta, 2019 yilda 4 451ta, 2020 yilning 10 oyida esa bu ko‘rsatkich 36 537taga yetgan.

Shuningdek, 2020 yil 9 oyida Jinoyat kodeksining 104-moddasida nazarda tutilgan 791ta jinoyatdan 302tasi sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolardan foydalanib sodir qilingan”, – deydi IIV vakili.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, 2020 yil 5 noyabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 104- va 105-moddalarida inson o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan predmetlardan foydalangan holda sodir etganlik uchun hamda qo‘l va oyoq yordamida tan jarohatini yetkazganlik uchun bir xil jazo turi belgilangan. Endilikda qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ishlatib sodir etganlik uchun ushbu moddalarning ikkinchi qismi bilan malakalanishi va og‘irroq jazo turi tayinlanishi belgilangan.

Shuningdek, ushbu Qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks fuqaroviy qurolni, sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurganlik uchun javobgarlik nazarda tutuvchi 185-2-moddasi bilan to‘ldirilgan, unga ko‘ra, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda, jamoat joylarida ochiq (g‘ilofsiz) holda olib yurganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi, agarda sovuq qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni ulardan ov qilishda, kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda, jamoat joylarida olib yurish, xuddi shuningdek, o‘zini o‘zi himoya qilish maqsadida olib yurganlik uchun esa huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, anjumanda O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan sovuq qurolning namunaviy klassifikatori ham taqdim qilindi. Ularning ichida jangovar arbalet va kamonlar, nayza, jangovar pichoq va qilich, jangovar yelpig‘ich va xanjar, kastet va nunchaki, jangovar uzuk, taroq-pichoq, zont-pichoq va hassa-xanjarcha kabi sovuq qurollar bor.

O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan sovuq qurollarning batafsil namunaviy klassifikatori quyidagi rasmlarda.

Bundan tashqari ko‘rsatilgan ashyolardan tashqari inson hayoti va sog‘lig‘i uchun yuqori xavf tug‘diruvchi tig‘ining yoki keskichining (damining) uzunligi to‘qson millimetrdan ortiq bo‘lgan, tugmasi yoki pishangi bosilganda sopidan avtomatik ravishda chiqadigan va mahkamlanadigan yoxud og‘irlik kuchi yoki tezkor harakat hisobiga surilib chiqadigan hamda avtomatik ravishda o‘rnashadigan tig‘li sovuq qurol va pichoqlarning, shuningdek qurol sifatida qo‘llash uchun maxsus moslashtirilgan zarb berib-parchalovchi va uloqtiruvchi ta'sirga ega ashyolar ham bo‘lishi mumkin.

Sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarning namunaviy KLASSIFIKATORI

Shuningdek, ko‘rsatilgan ashyolardan tashqari, inson hayoti va sog‘lig‘i uchun yuqori xavf tug‘diruvchi kasbiy, ishlab chiqarish yoki sport faoliyatida yoxud xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan, sanoat usulida yoki qo‘lbola tarzda yasalgan tig‘li, kesuvchi ashyolar ham bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid