O‘zbekiston | 19:36 / 28.11.2020
11165
5 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi: «Chigitni boshqa viloyatga olib chiqishni taqiqlash qonunga zid»

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tadbirkorlar tomonidan bir viloyatdan boshqasiga paxta chigitini olib chiqishidagi muammolar yuzasidan qilingan murojaatlar haqida ma'lumot berdi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ma'lum qilishicha, qo‘mitaga xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan o‘rnatilgan tartibda xarid qilingan paxta chigitini bir viloyatdan (shahardan) boshqa viloyatga (shaharga) olib chiqishda muammolarga duch kelayotganligi yuzasidan noroziliklar bildirgan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Murojaatlarda, viloyat hokimliklari tomonidan hududlardagi ichki ishlar organlari xodimlariga viloyat hududlaridan paxta chigitini chiqarmaslik to‘g‘risida topshiriq berilgan va shunga ko‘ra bu mahsulot chegara post xizmatlaridan chiqarilmagani ma'lum qilingan.

Tadbirkorlar qo‘mitaga, qonunchilikka ko‘ra birja savdolarida respublikaning barcha hududlaridagi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan chigit mahsulotini sotib olish mumkinligi belgilangan bo‘lsada, hokimliklar tomonidan chigitni faqat o‘z hududidagi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotib olinishi va ishlatishi bo‘yicha ko‘rsatma berilayotganini bildirishgan.

«O‘zbekiston Respublikasi «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunining 8-moddasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati sub'yektlari qonun hujjatlarida taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishi hamda o‘z faoliyati yo‘nalishlarini, tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchilarni va o‘z tovarlarining (ishlarining, xizmatlarining) iste'molchilarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekanligi, 34-moddasiga asosan davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati sub'yektlarining amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emasligi ko‘rsatilgan.

Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslariga bitimlar tuzish bo‘yicha qarorlar qabul qilish, tadbirkorlik faoliyati sub'yektlariga ko‘rsatmalar hamda boshqa farmoyishlar berish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga asosan fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkin, shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, shartnomaning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunining 12-moddasiga asosan davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning iqtisodiy faoliyatiga oqibatda raqobat cheklanishi mumkin bo‘lgan tarzda aralashishi taqiqlanadi. Raqobatni rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi hamda iste'molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsituvchi harakatlariga, shu jumladan tegishli bozorni hududiy prinsip bo‘yicha, realizatsiya qilish yoki xaridlar hajmi bo‘yicha, tovarlarning xillari bo‘yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo‘yicha bo‘lib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi»ning 178-moddasiga asosan raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, tabiiy monopoliyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini va iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzilishi holati bo‘yicha tegishli javobgarlik choralari belgilangan», deyiladi qo‘mita xabarida.

Ma'lum qilinishicha, chigitni boshqa viloyatga olib chiqishni taqiqlanishi holati Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilib, barcha viloyatlar hokimliklariga hamda Ichki ishlar vazirligi va uning viloyat boshqarmalariga bunday harakatlarni sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish yuzasidan murojaat qilingan.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda Qo‘mita tomonidan Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyat hokimliklari hamda ushbu viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalariga nisbatan tegishli ish qo‘zg‘atilgan.

«Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ular faoliyat ko‘rsatayotgan hududidan qat'i nazar qonuniy xarid qilingan mahsulotlarni bir hududdan boshqasiga olib chiqib ketishda muammolar yuzaga kelgan taqdirda Qo‘mitaga murojaat qilishlari so‘raladi», deyiladi xabar so‘ngida.

Mavzuga oid