Sport | 22:35 / 28.11.2020
29185
3 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Qosimov Qatardan chaqirtirib olingan. U ham kelishilgan o‘yinlarda qatnashgan bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonlik FIFA referisi Sherzod Qosimov Osiyo Chempionlar ligasi sharq mintaqasi uchrashuvlarida faoliyat olib borish uchun OFK tomonidan Qatarga taklif etilgan edi.

OChL g‘arb mintaqasi o‘yinlari singari to‘rt guruhdan iborat sharq mintaqasi uchrashuvlari ham markazlashgan holda Qatarda o‘tkazilmoqda. 18 noyabr kunidan davom ettirilgan ushbu mintaqa o‘yinlarini boshqarish uchun o‘zbekistonlik FIFA referisi Sherzod Qosimov ham Qatarga yetib borgan edi. 

Tribuna.uz manbasining ma'lum qilishicha, Sherzod Qosimov O‘FA tomonidan Qatardan chaqirib olingan. Referi Dohadan Toshkentga yetib kelgan. O‘zbekistonlik hakamning sharq mintaqasi o‘yinlariga chaqirtirilib, hali birorta o‘yin boshqarmay qaytgani sababi hozircha noma'lum. Qosimovdan tashqari, o‘zbekistonlik hakamlar guruhida bo‘lgan zaxira hakami Ilgiz Tantashev, qanot hakamlari Galiulin va Tsapenko Qatarda qolgan. OFK o‘zbekistonlik hakamlarni o‘yinlardan biriga tayinlanganiga qaramay, Qosimov O‘zbekistonga qaytishi ma'lum bo‘lgach o‘sha bahsni boshqa hakamlar guruhiga berib yuborgan.

Sherzod Qosimov avgust oyida «So‘g‘diyona» - «Bunyodkor» (3:3) o‘yinidagi bir qator shubhali qarorlari uchun Superliga bahslaridan 4ta o‘yinga chetlatilgan, ammo bu haqda O‘FA tomonidan rasman e'lon qilinmagandi. So‘nggi marta Superligada 17 oktabr kuni «Mash'al» - OKMK (0:2) uchrashuvida ishlagan 32 yoshli arbitr bir oydan ortiq vaqt davomida Superliga bahslariga tayinlanmayapti.

Eslatib o‘tamiz, PFL rasmiy sayti Superliga 21-turi doirasida 29 oktabr kuni o‘tkazilgan «Buxoro» - «So‘g‘diyona» (2:5) uchrashuvini o‘zbekistonlik FIFA toifasidagi referi Sherzod Qosimov boshqarishini e'lon qilgan, o‘yin arafasida esa tashkilot Qosimov o‘rniga Ahrol Risqullayev tayinlanganini ma'lum qilgandi.

Avvalroq, kelishilgan o‘yinlar va korrupsion ishlarga aralashgani uchun FIFA hakami Jasur Muxtorov 5 yil muddatga, bosh hakam Temur To‘xtasinov 2022 yilgacha, bosh hakam Asker Najafaliyevni esa 2020 yil oxirigacha futboldan chetlatilgani va har biri 90, 70 va 10 million miqdorida jarimaga tortilgani haqida O‘FA tomonidan xabar qilingan edi.

Mavzuga oid