O‘zbekiston | 07:54 / 03.12.2020
21163
9 daqiqa o‘qiladi

Jalaquduqda xususiy korxona aldov yo‘li bilan odamlardan pul yig‘gan. Aholi bundan norozi

Kun.uz tahririyatiga Jalaquduq tumani Boycheki MFYda yashovchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Murojaatda «Favqulodda holatlarning oldini olish va qo‘riqlash xizmati» MChJ xodimlari kelib, aholidan 35 ming so‘mdan pul yig‘ib ketgani aytiladi.

Murojaatga bir nechta to‘lov kvitansiyalari, dalolatnoma va shartnoma nusxalari ilova qilingan.

«Shubhalangan bo‘lsam ham, to‘lov qildim...»

Murojaatchilardan birining aytishicha, uylariga noma'lum shaxslar kelib, o‘zlarini favqulodda vaziyatlar xizmatidan ekanini aytib, prezident va Vazirlar Mahkamasining qaysidir qarorlari asosida yurishganini, odamlardan 35 ming so‘mdan naqd pul yig‘ilayotganini, bu majburiy to‘lov ekanini aytishgan.

«Uyingizga biror kor-hol bo‘lsa, shu pullardan zararni to‘lab beramiz», deyishdi. Sug‘urta tashkilotiga o‘xshamasdi. Xullas, oz-moz so‘roqqa tutdim va ular berayotgan javoblari menda shubha uyg‘ota boshladi. Keyin naqd pul emas, plastikda to‘layman dedim. Shubhalangan bo‘lsam ham to‘lov qildim, kvitansiya ham yozib berishdi.

Bizdan keyin qo‘shnimiz ham birovdan qarz olib, to‘lov qildi. Uyga kirib taqdim qilingan qog‘oz bilan tanisha boshladim. Qarasam, shartnoma deyilgan va unda bizga ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan xizmatlar yozilgan, lekin o‘sha xizmatlar ko‘rsatilmadi. Shartnomadagi raqamga telefon qilib, gaplarini yozib oldim. Ular: «Anglashilmovchilik bo‘libdi, bizdan o‘tibdi», deb uzr so‘rashdi», – deydi fuqaro.

«MChS» emas, MChJ ekan

Jalaquduqlik fuqarolar hali hech qanday xizmat ko‘rsatilmay turib, aholidan pul yig‘ib olinganidan norozi bo‘lishmoqda. Ular MChJning Kozimjon ismli xodimi bilan telefon orqali suhbatda masalani ko‘ndalang qo‘yishganini aytishdi.

Fuqarolarga ko‘ra, bu tashkilot xodimlari o‘zlarini «favqulodda vaziyatlar tashkilotidanmiz», deb tanishtirishgan. Ularning gap-so‘zlari har qancha shubhali bo‘lsa-da, harbiylarga xos kiyimlari, to‘lov uchun kvitansiya taqdim etishi, shuningdek gap-so‘zlari sodda qishloq odamlarini ishonishga majbur qilgan.

Natijada ular pul to‘lamasak bo‘lmas ekan, degan xayolga borishgan.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati bilan bog‘landik. Vaziyatga boshqarma boshlig‘inig o‘rinbosari Bahromjon Rajabov izoh berdi.

«Bular – davlat ro‘yxatidan o‘tgan, yuridik shaxs maqomiga ega MChJ shaklidagi nodavlat tijorat tashkilotlari sanaladi. Lekin ular Favqulodda vaziyatlar vazirligiga umuman aloqador emas. Xususan, Andijon viloyati hududida faoliyat yuritayotgan bunday MChJlar viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tarkibiy tuzilmalariga kirmaydi.

Shuningdek, viloyat hududida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va sodir bo‘lgan yong‘inlarni bartaraf etish ishlari to‘liq boshqarmamiz shaxsiy tarkibi tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun hech qanday to‘lov ko‘zda tutilmaydi, ya'ni barcha ishlar beg‘araz olib boriladi», – dedi FVB rasmiysi.

Bu aslida qanday tashkilot?

Murojaatchi fuqarolarni o‘ylantirayotgan savollar ko‘p: aholidan pul undirib yurgan MChJ aslida qanday tashkilot? Uning asosiy maqsadi va vazifalari nimalardan iborat? Yig‘ib olgan puli evaziga aholiga qachon va qanday xizmat ko‘rsatadi?

Mazkur MChJning Kozimjon ismli xodimi aholi e'tirozidan xabardor bo‘lgani uchun undan izoh olishga harakat qildik. U bo‘lim boshlig‘i ekanini, barcha savollarga rahbarlaridan javob olishimiz mumkinligini, ularga shikoyat mazmunini yetkazib qo‘yishini aytib, telefonini o‘chirib qo‘ydi. Hatto familiyasini so‘rashga ham ulgurmadik.

Keyin MChJ ish yurituvchisi Baxtiyorjon Tillaqobilov biz bilan aloqaga chiqdi. Uning aytishicha, «Favqulodda holatlarning oldini olish va qo‘riqlash xizmati» MChJ 3 yildan buyon viloyat aholisiga ixtiyoriy tuzilgan shartnoma asosida xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

«Tashkilotning asosiy vazifasi – favqulodda holatlarning oldini olish uchun targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, mo‘rikonlarni tozalash, elektr energiya obektlari va isitish moslamalarni yong‘in xavfsizligiga qarshi ko‘zdan kechirish hamda yong‘indan jabr ko‘rgan oilalarga moddiy yordam berish.

Tashkilotimiz MChJ sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. 35 ta ish o‘rni yaratilgan. Aholiga ixtiyoriy tuzilgan shartnoma asosida xizmat ko‘rsatiladi. Bizda eng yaxshi texnika uskunalari va to‘rtta transport vositasi mavjud. Bir guruh xodimlarimiz targ‘ibot bilan shug‘ullanib, shartnomalar tuzsa, yana bir guruhi bevosita xizmat ko‘rsatadi.

Aholidan yig‘ilgan pul mablag‘larining bir qismi yong‘in sodir bo‘lgan holatlarda jabr chekkan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltiriladi. Ya'ni ularga eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda pul beriladi.

Joriy yilning o‘zida qariyb 35 ta oilaga moddiy yordam ko‘rsatdik. Bundan tashqari, pandemiya kuchaygan davrda bir qancha aholi xonadonlariga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi», – deydi MChJ ish yurituvchisi.

MChJ vakili Jalaquduqdagi holat haqida nima deydi?

Undan jalaquduqlik fuqarolarning shikoyati bo‘yicha izoh so‘radik. B.Tillaqobilov bu xususda shunday deydi:

«Xodimlarimiz aholidan ixtiyoriy ravishda pul yig‘adi. Har bir xodimni ishga olishda qonun talablari doirasida ish yuritish haqida tilxat yozdirib olamiz. Birorta mahallaga kirishdan oldin o‘sha MFY raisiga aloqa xati jo‘natilib, xodimlarimiz hududda ish olib borishi haqida ogoh etib qo‘yiladi. Aholida qandaydir savol yoki shikoyat bo‘lsa, yoxud xizmatimizga ehtiyoj tug‘ilsa, shartnomada ko‘rsatilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkinligi tushuntiriladi.

Jalaquduqdagi holat bo‘yicha shuni aytishim mumkinki, bu masalani joyida o‘rganib chiqamiz. O‘sha yerda ish olib borgan xodimlarimiz va mahalla ahli bilan suhbatlashamiz. O‘rtada yuzaga kelgan tushunmovchilikni albatta bartaraf etamiz».

Ochiq ma'lumotlar bazasiga ko‘ra, «Favqulodda holatlarning oldini olish va qo‘riqlash xizmati» MChJning yagona ta'sischisi fuqaro Axmedov Bekzod Ulug‘bek o‘g‘li bo‘lib, uning o‘zi jamiyatga rahbarlik qiladi.

Har yili shu bo‘lar takror...

Darvoqe, «Favqulodda holatlarning oldini olish va qo‘riqlash xizmati» MChJ bu sohada faoliyat yuritayotgan yagona firma emas.

Firma nomiga «yong‘inning oldini olish», «yong‘indan saqlash», «yong‘inga qarshi kurashish» kabi qo‘shimchalarni qo‘shib olgan bir nechta xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar mavjud. Ular ham aholiga muayyan miqdordagi to‘lov evaziga xizmat ko‘rsatadi. Aholi o‘zining qo‘liga tutqazilgan shartnomaga imzo chekadi-da, aytilgan pulni to‘laydi. Keyin kimga, nima uchun pul berganini unutib ham yuboradi. Lekin o‘sha firmalar ularni «unutmaydi» va keyingi yili yana eshik qoqib keladi.

Yana shartnoma tuziladi, yana pul to‘lanadi. Bu holat har yili takrorlanaveradi...

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasida yong‘in va uning oldini olish bilan bog‘liq va to‘lab borilishi shart bo‘lgan birorta ham kommunal to‘lov yoki soliq mavjud emas. Avgust oyida Adliya vazirligi «yong‘in solig‘i» uchun pul yig‘ib yurgan shaxslar haqida ogohlantirgan edi.

Mavzuga oid