Jahon | 23:41 / 04.12.2020
14246
2 daqiqa o‘qiladi

Farer orollarida dunyodagi birinchi suv osti yo‘l o‘tkazgichi qurildi

Farer orollarida dunyodagi birinchi suv osti yo‘l o‘tkazgichi qurilishi yakunlandi. Aylanma o‘tkazgich 11 kilometrlik Eysturoyartunnilin tunnelining bir qismi hisoblanadi. Bir necha kundan keyin ushbu tunnelning ochilishi kutilmoqda.

Foto: Twitter/Marita á Rógvi

Tunnel Farer orollari poytaxti – Streymoy orolida joylashgan Torsxavn shahrini Esturoy orolidagi ikkita aholi punkti – Runavik va Strendur bilan bog‘laydi. Buning evaziga poytaxt va ushbu aholi punktlari orasidagi yo‘l 55 kmdan 17 kmgacha qisqaradi va ushbu masofani mashinada 15 daqiqada bosib o‘tish mumkin bo‘ladi. 

Eysturoyartunnilin tunnelini qurish qarori orollar parlamenti tomonidan 2014 yilda qabul qilingan. Loyihani amalga oshirish bilan Estunlar kompaniyasi shug‘ullanmoqda. Eng pastki nuqtasi Atlantika okeani sirtidan 189 metr chuqurlikda joylashadigan tunnelning ochilishi 19 dekabrga belgilangan. Uning qurilishi 162 mln dollarga aylangan. Tunnel orqali o‘tish pullik bo‘ladi. 

Farer orollarida boshqa suv osti tunnellari ham bor. 2002 yilda arxipelagda Voar va Streymoy orollarini bog‘lovchi 4,9 kmlik tunnel ochilgan. 2006 yilda esa Boroy va Esturoy orollari orasidagi 6,2 kmlik tunnel foydalanishga kiritilgan. Ayni vaqtda orollarda uzunligi 10,8 kmlik yana bir tunnel qurilishi olib borilmoqda. U Streymoy va Sandoy orollarini bog‘laydi. Tunnelni 2023 yilga ochish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid