O‘zbekiston | 08:36 / 04.12.2020
4412
2 daqiqa o‘qiladi

Litseylarga pedagoglarni ishga qabul qilishda 5 yillik staj to‘g‘risidagi talab bekor qilindi

“Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori e'lon qilindi. 

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, oliy ta'lim muassasalarining o‘quv ishlari uchun mas'ul prorektori (filial direktori o‘rinbosari) bir vaqtning o‘zida akademik litsey direktori hisoblanadi.

Bunda, OTMlarning o‘quv ishlari uchun mas'ul prorektor (filial direktori o‘rinbosari)lariga normativlarga muvofiq belgilanadigan ustamalarga qo‘shimcha ravishda OTMning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bazaviy lavozim maoshiga nisbatan har oylik 20 foiz ustama to‘lanadi.

Mazkur qaror bilan akademik litseylarga xodimlarni pedagogik faoliyatga jalb etish uchun belgilangan kamida 5 yil uzluksiz pedagogik ish stajiga ega bo‘lish to‘g‘risidagi talab bekor qilindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish bo‘yicha akademik litseylarning ikkinchi bosqich o‘quvchilari uchun to‘rtinchi semestr davomida bepul test sinovi tashkil etiladi.

Akademik litseylar faoliyati yiliga kamida ikki marotaba Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining hay'at yig‘ilishi hamda OTMlarning ilmiy kengashida keng muhokamadan o‘tkaziladi. 

2021/2022 o‘quv yilidan:

  • akademik litseylarning reytingi ishlab chiqiladi;
  • akademik litseylar yo‘nalishlari va bloklariga qarab bir pedagog xodimga to‘g‘ri keladigan o‘quvchilar soni nisbatining cheklangan normativi 1:12 nisbatda belgilanadi; 
  • chuqurlashtirib o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha har semestrda o‘quvchilarni, salohiyatiga ko‘ra, teng nisbatda guruhlarga bo‘lib o‘qitishga ruxsat etiladi.

Mavzuga oid