O‘zbekiston | 21:14 / 04.12.2020
10845
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zdavkarantin»: Rossiya Federatsiyasiga eksport bo‘lgan quritilgan o‘rik mahsuloti uchun O‘zbekistonga taqiq qo‘yilmaydi

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanidan yuklangan 1 tonna quritilgan o‘rik mahsulotida karantin obekti hisoblangan  2 ta «Kapr qo‘ng‘izi» lichinkasi topilgan.

Foto: Anadolu Agency

 Joriy yilning 3 dekabr kuni Rosselxoznadzor rasmiy veb saytida O‘zbekistondan Rossiya Federatsiyasiga eksportga jo‘natilgan quritilgan o‘rik mahsulotida «Kapr qo‘ng‘izi» aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi rahbariyati «Rosselxoznadzor» karantin xizmati rahbariyati bilan tezkor ravishda onlayn muzokaralar olib bordi.

«Rossiya tomonidan yuborilgan fotosuratlar Markaziy karantin laboratoriyasi xodimlari ishtirokida tekshirilib, ko‘rsatilgan mazkur karantin obekti aynan «Kapr qo‘ng‘izi» emas, balki Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasida tarqalgan «Trogoderma» oilasiga mansub boshqa qo‘ng‘iz ekanligi taxmin qilinmoqda», — deya xabar bermoqda «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi.

Ma'lum qilinishicha, onlayn muzokaralar davomida Rossiya Federatsiyasi tomonidan quritilgan o‘rik mahsuloti uchun taqiq qo‘yilmaslikka kelishilib, faqatgina mahsulot yuklangan eksporter korxonaga nisbatan fitosanitar choralar ko‘rilishi haqida ahdlashuvga erishildi.

«Tezkor olingan ma'lumotga ko‘ra, ushbu tadbirkor Rossiya Federatsiyasidan quritilgan o‘rik mahsulotining eski hosilini yuklash bo‘yicha buyurtma olgan. Eksport sig‘imini to‘ldirish maqsadida hududdagi dehqon bozorlaridan eski hosillarning qoldiqlarini turli joylardan to‘plab, mahsulot yig‘gan. «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi mazkur holatdan so‘ng shuni e'lon qiladiki, O‘zbekiston Respublikasidan xorijga yuklanadigan barcha turdagi quritilgan mahsulotlar to‘liq fumigatsiya qilinishi, mahsulot fitosanitar tozaligini qat'iy nazoratdan o‘tkazib, fitosanitar sertifikati rasmiylashtirilib berilgandagina eksportga chiqariladi», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.  

Avvalroq, Rossiya Federatsiyasining Veterinariya va fitosanitariya bo‘yicha federal xizmatining («Rosselxoznadzor») rasmiy veb-saytida O‘zbekistondan Rossiyaga qalampir va pomidor mahsulotlarining kirib kelishi uchun vaqtinchalik taqiq qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid