O‘zbekiston | 17:40 / 04.12.2020
19839
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident yangi zavodning imkoniyatlari bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent metallurgiya zavodidagi texnologik jarayon bilan tanishdi.

Ushbu korxona texnik va texnologik jihatdan xalqaro miqyosdagi yirik majmualar qatoriga kiradi. Bu yerda Italiya, Germaniya, Rossiya, Avstriya, Shveytsariya, Janubiy Koreya kabi 27 ta mamlakatdan asbob-uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish, nazorat qilish va boshqarish jarayonlari avtomatlashtirilgan. 

Eng muhimi, zavodda “yashil” texnologiyalar qo‘llangan. Chiqindilarni qisqartirib, qat'iy ekologik me'yorlarga amal qiladigan, chiqindi gazlarni ushlab qoladigan, oqova suvlarni tozalaydigan va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan.

Majmua mutasaddilari ishlab chiqaruvchilar bilan yo‘lga qo‘yiladigan kooperatsiya aloqalari haqida ma'lumot berdi. Zavod mahsulotlariga hozirning o‘zidayoq o‘nlab korxonalardan buyurtmalar tushayotgani aytildi.

- Metall muammo bo‘lgani uchun sanoatda zanjir yo‘q edi. Bu zavod ishga tushishi bilan talab yuqori bo‘lgan metallurgiya mahsulotini ishlab chiqarish zanjiri shakllanadi. Hududlarda yana yuzlab korxonalarning barpo etilishi uchun juda katta zamin bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari zavodning shourumida ham bo‘lib, bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Esdalik uchun daraxt ko‘chati ekildi.

Mavzuga oid