O‘zbekiston | 20:12 / 04.12.2020
3810
3 daqiqa o‘qiladi

«Yashnobod» texnoparki va ikki klaster Xitoy shafeligidagi texnozona a'zosi bo‘ldi

«Bukhara Cotton Textile» va «Tashkent Cotton Textile» klasterlari hamda «Yashnobod» texnoparki Ipak yo‘li yuqori va yangi texnologiyalar zonasi assotsiatsiyasiga a'zo bo‘ldi.

2 dekabr kuni Toshkentda Ipak yo‘li yuqori va yangi texnologiyalar zonasi assotsiatsiyasi (SRSPA)ning 5-Toshkent forumi onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi.

Assotsiatsiya xabariga ko‘ra, ushbu forum to‘qimachilik sohasi va oliy ma'lumotli kadrlarni tayyorlash sohasidagi kompaniyalar o‘rtasida halqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

SRSPAni 2016 yilda Xitoy Fan va texnika vazirligi tashkil etgan. U innovatsion rivojlanish, o‘zaro hamkorlik va investitsiyalar bo‘yicha platforma hisoblanadi.

Platformaning asosiy maqsadi – Ipak yo‘liga tutash hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdir. Hozirgi kunda 40dan ortiq mamlakatning yirik investitsion va ishlab chiqarish kompaniyalari, ta'lim muassasalari, ilmiy markazlar va texnoparklar SRSPA a'zosi sanaladi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ko‘magida o‘tkazilgan 5-Toshkent forumi tashkilotchilari – Ipak yo‘li yuqori va yangi texnologiyalar zonasi assotsiatsiyasi, Toshkent To‘qimachilik va yengil sanoat instituti (TTeSI), «Bukhara Cotton Textile» va «Tashkent Cotton Textile» klasterlari bo‘ldi. Forumni TTeSI prorektori, professor Solih Toshpo‘latov moderator sifatida boshqardi.

Tadbirda SRSPA bosh kotibi Chjan Jenchjun, TTeSI rektori Ilhom Sobirov, «Bukhara Cotton Textile» va «Tashkent Cotton Textile» klasterlari rahbari, senator Murtazo Rahmatov, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligidan boshqarma boshlig‘i Javlon Abdujalilov va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasidan boshqarma boshlig‘i Sardor Odinayev asosiy ma'ruzalar bilan chiqdi.

Forum ochilishida klaster iqtisodiyoti, hamkorlik aloqalari, turli sohalardagi ilmiy va ishlab chiqarish quvvatining rivojlanishida ushbu tadbirning ahamiyati ta'kidlab o‘tildi. Forum doirasida ishtirokchilarga «BCT Cluster» va «TCT Cluster» klasterlarining faoliti bilan bog‘liq taqdimot namoyish etildi.

Shuningdek, anjuman yakunida assotsiatsiya tarkibiga yangi a'zolarni qabul qilish tadbiri ham bo‘lib o‘tdi. Assotsiatsiyaga «BCT Cluster» va «TCT Sluster» klasterlar kompaniyasi hamda «Yashnobod» innovatsion texnoparki ham qabul qilinib, ularga a'zolik sertifikatlari berildi.

Mavzuga oid