Jamiyat | 08:18 / 07.12.2020
5255
2 daqiqa o‘qiladi

Sergelidagi qozonxona 571 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalangan - Energetika vazirligi

Energetika vaziri boshchiligidagi maxsus shtab, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zneftgazinspeksiya va “Hududgaz Poytaxt” gaz ta'minoti filiali xodimlari bilan hamkorlikda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Energetika vazirligi

Joriy yilning 5 dekabr kuni Toshkent shahar Sergeli tumani, Nilufar ko‘chasida joylashgan “Toshissiqquvvati” DUKga qarashli “Sanoat Energiya” qozonxonasining tabiiy gaz ta'minoti holati o‘rganilgan.

Mazkur qozonxona orqali Sergeli tumani aholisi va ijtimoiy soha obektlari issiqlik energiyasi (issiq suv va issiqlik ta'minoti) bilan ta'minlanadi.

“Sanoat Energiya” qozonxonasi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan strategik obekt bo‘lganligini inobatga olib, ushbu obektning bir maromda ishlashini ta'minlash maqsadida (boshqa tashkilotlarni tabiiy gazdan uzgan holda) uzluksiz ravishda tabiiy gaz yetkazib berilmoqda.

Shunga qaramasdan, korxona rahbari tomonidan qozonxonaga kirish gaz quvuriga qozonxona gaz hisobdonidan oldin o‘zboshimchalik bilan ulanib, qozonxona hududidagi binoda tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalangan holda, ohak ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi aniqlandi.

Ko‘rik vaqtida binoda jami 12ta (15 mm.lik uchi bukilgan truba) nostandart gaz yondirgichlari bilan jihozlangan, o‘lchamlari 3x5 metr bo‘lgan 2ta xumdonlarda ohak mahsuloti tayyorlanayotganligi ma'lum bo‘lgan”, - deyiladi xabarda.

Aniqlangan holat yuzasidan “Hududgaz Poytaxt” gaz ta'minoti filiali tomonidan amalga oshirilgan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami 571,3 million so‘m (571,3 ming kub metr tabiiy gaz) zarar yetkazilganligi aniqlandi. Qayd etilgan qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha barcha dalil va hujjatlar huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim etilgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur 571 ming metr kub tabiiy gaz bilan o‘rtacha 950ta hovli uylarning bir oylik ehtiyojini qondirish imkonini beradi.

Mavzuga oid