Jamiyat | 15:36 / 09.12.2020
12808
9 daqiqa o‘qiladi

«Endi kimga shikoyat qilishim kerak?» - hazorasplik fermerning yeri qalbaki hujjat bilan qaytarib olingan bo‘lishi mumkin

Xorazm viloyati, Hazorasp tumanidagi «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi yerlari sud qaroriga ko‘ra, davlat zaxirasiga qaytarildi. Buning uchun da'vogar Hazorasp tumani hokimligi sudga qalbaki hujjat taqdim qilgan bo‘lishi mumkin.

Hazorasp tumani, Ovshar qishlog‘i, «Istiqlol» mahallasidagi «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi 2005 yilda Do‘stjon Xakimov tomonidan paxta-g‘alla yo‘nalishi bo‘yicha tashkil qilingan. 2019 yildagi «optimallashtirish» natijasida yer maydonlari 108,6 gektarga yetkazilgan. Kasbi meliorator-irrigator bo‘lgan 66 yoshli Do‘stjon aka shu yilning yozigacha yerlardan foydalanib kelayotgan edi.

2020 yil 7 iyul kuni Bog‘ot tumanlararo iqtisodiy sudi Hazorasp tumani hokimligining da'vosini qanoatlantirib, «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi yerlarini tuman zaxira yerlari hisobiga qaytarish haqida qaror chiqardi. Fermerning so‘zlariga ko‘ra, hokimlik yerni qaytarib olish uchun sudga qalbaki hujjatlarni taqdim qilgan. Ammo bu holatga shu paytgacha o‘tkazilgan sud mahkamalarida huquqiy baho berilmay kelmoqda.

Nima voqea yuz berdi?

2020 yil aprel oyida Hazorasp tumani hokimligi «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi yerlarini davlat zaxirasiga qaytarish uchun birinchi va muvaffaqiyatsiz urinishni amalga oshirgan. Bu haqda Kun.uz saytida «Hazorasplik fermer yerdan mahrum qilindi, u mutasaddi tashkilotlar ishidagi chalkashliklardan shikoyat qilmoqda» nomli maqola e'lon qilingan edi.

2020 yil yozida Hazorasp tumani hokimligi «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi yerlarini davlat zaxirasiga qaytarish uchun ikkinchi urinishni amalga oshiradi. Jumladan, fermer xo‘jaligining 109,8 gektar yerini davlat zaxirasiga qaytarish so‘ralib, Iqtisodiy sudga da'vo arizasi kiritilgan. E'tibor bergan bo‘lsangiz, yer maydoni 108,6 gektar emas, aynan 109,8 gektar deb ko‘rsatilgan. Darhaqiqat shunday, bu joyda raqamlar to‘g‘ri keltirilgan.

2020 yil 7 iyulda Bog‘ot tumanlararo iqtisodiy sudi Hazorasp tumani hokimligining da'vo arizasini qanoatlantirdi va «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligining «109,8 gektar yer maydonini» tuman zaxira yerlari hisobiga qaytarish haqida qaror chiqardi. Bu safar tuman hokimligining urinishi «muvaffaqiyatli» bo‘ldi.

Sud qaror qabul qilishda Hazorasp tumani hokimligi bilan «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi o‘rtasida «109,8 gektar yer»dan foydalanish uchun ijara shartnomasi tuzilmaganini, bu Yer kodeksining 31-moddasiga zid ekanini ta'kidlab, fermer yerlardan noqonuniy foydalanib kelgan deb hisobladi.

Darhaqiqat, Yer kodeksining 31-moddasida yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning qachon vujudga kelishi bayon etiladi. Ya'ni yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga keladi. Oddiyroq sharh beradigan bo‘lsak, yerni ijaraga olish shartnomasi tuzilib, imzolanib, davlat ro‘yxatiga olinmaguncha yerdan foydalanish mumkin emas.

Hazorasp tumani hokimligi sudga qalbaki hujjat taqdim qildimi?

Fermer xo‘jaligi rahbari Do‘stjon Xakimov Hazorasp tumani hokimligi tomonidan sudga kiritilgan da'vo arizasiga qalbaki hujjat ilova qilingan bo‘lishi mumkinligini ta'kidlamoqda. Fermer ikkita hujjatga tayanib shu fikrni bildirmoqda.

Jumladan, fermerning qo‘lida Hazorasp tumani hokimligining 2019 yil 27 yanvardagi 444/200q-sonli qarori bor. Unda Hazorasp tumani hokimligi «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligiga 108,6 gektar yer ajratgani qayd etilgan. Qarorni sobiq hokim Ravshan Jabbarov imzolagan.

Qizig‘i shundaki, Hazorasp tumani hokimligi tomonidan 2019 yil 27 yanvar kuni chiqarilgan 444/200q-sonli yana bir qaror bor ekan. Unda Hazorasp tumani hokimligi tomonidan «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligiga 109,8 gektar yer ajratilgani qayd etilgan. Ushbu qarorda ham sobiq hokim Ravshan Jabbarov imzosi turibdi. Hokimlik ayni shu qarorni da'vo arizasiga ilova qilgan holda sudga taqdim etgan.

Ya'ni Hazorasp tumani hokimi tomonidan bir xil sanadagi va ayni bir xil sondagi, ammo mazmunan ikki xil bo‘lgan 2ta qaror qabul qilingan bo‘lib chiqmoqda. Qarorlarning birinchisida fermerga 108,6 gektar, ikkinchisida 109,8 gektar yer ajratilgani ko‘rsatilgan.

Balki qarorni yozishda texnik xato bo‘lgandir, raqamlar bir-biriga o‘xshashligi uchun chalkashlik yuzaga kelgandir?

Ushbu savolga yo‘q deb javob berish mumkin. Chunki ikkinchi qarorda fermerga ajratilgan yerlarning kontur raqamlari 2taga ko‘paygan. Ya'ni, birinchi qarorda ko‘rsatilgan konturlarga 651 va 653 konturlar qo‘shilgan. Bu esa yer maydonining ko‘payganini anglatadi.

Balki, hokimlik o‘z qarorini o‘zgartirgandir, yangi, qo‘shimcha qaror chiqargandir?

Ushbu savolga ham yo‘q deb javob berish mumkin. Chunki bunday holatda qaror boshqa son bilan qabul qilinishi kerak edi.

Fermer Do‘stjon Xakimov «109,8 gektar yer» va undagi 651 va 653 konturlar ko‘rsatilgan qaror haqida umuman xabari yo‘qligini, bu haqda sud hujjatlari bilan tanishayotgan paytda tasodifan bilib qolganini aytmoqda.

Hazorasp tumani hokimligidan bu qarorlar haqida izoh so‘radik, ammo hech qanday javob ololmadik.

Xo‘sh, 2ta qaror bo‘lsa nima bo‘libdi, masalaning mohiyatini o‘zgartiradimi?

Ha, albatta o‘zgartiradi.

Gap shundaki, fermer Do‘stjon Xakimov aynan 109,8 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘rsatilgan va sudga taqdim qilingan ikkinchi qaror bo‘yicha yerdan mahrum qilinmoqda. Bunday qaror borligi haqida uning xabari bo‘lmagan, tabiiyki, 109,8 gektar yer maydonini ijaraga olish shartnomasi ham unda yo‘q.

Ammo fermer 108,6 gektar yer maydoni ko‘rsatilgan birinchi qaror bo‘yicha yerni ijaraga olish shartnomasini imzolaganini va Hazorasp tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limiga topshirganini ta'kidlamoqda.

Hazorasp tumani hokimligi va Hazorasp tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi fermer Do‘stjon Xakimov tomonidan imzolangan yerni ijaraga olish shartnomasi borligini inkor qilayotgan bo‘lsa-da, hozirda bu hujjat bor. U «O‘zdaverloyiha» Xorazm viloyati bo‘linmasida 1424-1-sonli papkada saqlanmoqda. Hujjatni tuman hokimi va kadastr rahbari ham imzolagan.

Sudlardagi «futbol» o‘yini

Fermer Do‘stjon Xakimov 2ta bir xil sonli, ammo mazmunan turlicha bo‘lgan qarorlar borligini ta'kidlab, sudlarda adolat izlashga urinib ko‘rdi. Jumladan, Bog‘ot tumanlararo iqtisodiy sudi qarori ustidan Xorazm viloyati iqtisodiy sudiga apellyatsiya shikoyati berdi. Hazorasp tumani hokimligining 2ta qarori haqida qo‘shimcha shikoyatni ham taqdim qildi. Ammo bu holatlarga sud tomonidan huquqiy baho berilmadi.

Shundan so‘ng, fermer Oliy sudga shikoyat yozib, Hazorasp tumani hokimligining 2ta qarori haqida ma'lumot berdi. Biroq Oliy sud ham holatga huquqiy baho bermadi va fermerning shikoyatini sudlov hay'atiga o‘tkazishni rad qilish to‘g‘risida ajrim chiqardi.

Qayd etish joizki, sud qarorlari va ajrimida Hazorasp tumani hokimligining bir xil sana va raqamga ega 2ta qarori haqida lom-mim deyilmagan.

«Endi men kimga shikoyat qilishim kerak? Qanday yo‘l tutay?» demoqda Do‘stjon Xakimov.

Muhtaram fermerlar, xotirjamlikka berilmang. Qo‘lingizda hokimlik chiqargan qaror, yerni ijaraga olish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘lishi mumkin. Ammo bu sizga hech qanday huquqiy kafolat bermaydi. Qayerdandir siz bilmagan yana bir qaror paydo bo‘lishi mumkin. Albatta bu qaror bo‘yicha sizda shartnoma yo‘q, demak, sudda yerdan mahrum qilinishingiz hech gap emas. Afsuski, siz fermerlarda huquq yo‘q, faqat majburiyat bor.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid