O‘zbekiston | 14:03 / 18.12.2020
13915
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat avtomobil faralariga oid qarorni bekor qilishi mumkin - deputat

Hukumat o‘tgan yili qabul qilingan hamda keskin e'tirozlarga sabab bo‘lgan avtomobil faralariga oid qarorni bekor qilishi mumkin. Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha kun avval bir guruh deputatlar avtomobil chiroqlarini kunduz kuni yoqib yurishni majburiy etuvchi Vazirlar Mahkamasi qaroriga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha o‘z taklifini bosh vazir Abdulla Aripovga yuborgan.

“Yuborgan murojaat va takliflarimiz hukumat tomonidan bee'tibor qoldirilmadi. Mendagi ma'lumotlarga ko‘ra, bosh vazirimiz topshiriqlariga asosan 2019 yil 4 iyunda qabul qilingan “Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 460-sonli qaror bekor qilinishi kutilmoqda. Shu bilan jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘lgan “faralar” masalasiga nuqta qo‘yiladi, deb umid qilamiz.

Hukumat tomonidan jamoatchilik fikri, deputatlar murojaatiga befarq bo‘lmay, qabul qilinayotgan qaror va hujjatlarda xalq manfaatlari inobatga olinayotganini doim olqishlaymiz. Zero, bu biz qurishni istayotgan Yangi O‘zbekiston, ya'ni qonun ustuvorligiga asoslangan, demokratik davlatning asosiy shartidir”, — deb yozadi deputat.

Avvalroq, 2021 yildan boshlab sutkaning har qanday vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlar yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanmagan haydovchilar jarimaga tortilishi ma'lum qilingandi.

IIV YHXBB xabariga ko‘ra, “Yo‘l harakati qoidalari”ning 138-bandida “Kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart”ligi belgilangan.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 iyundagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 460-son qarori 2-bandida 2021 yil 1 yanvarga qadar kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi bo‘yicha talab avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmasligi ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid