O‘zbekiston | 14:09 / 20.12.2020
9440
2 daqiqa o‘qiladi

Ellikqal'a tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi mansabdorlari 1,6 mlrd so‘mni asossiz sarflashining oldi olindi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal'a tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi mansabdor shaxslari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda qonun normalariga rioya qilinmagani ma'lum bo‘ldi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mutaxassislari tomonidan Nukus shahrida istiqomat qiluvchi tadbirkor M.Sh. murojaati bo‘yicha Ellikqal'a tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi mansabdor shaxslari tomonidan budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilgan va ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasiga so‘rov yuborilgan.

Natijada prokuratura tomonidan Ellikqal'a tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi huzurida tuzilgan tanlov komissiyasining 2020 yil 24 sentyabrdagi 3-sonli majlisi bayoniga asosan tanlov g‘olibini aniqlash bo‘yicha komissiya qarori «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablariga zid ravishda qabul qilingani aniqlanib, mazkur majlis bayonini bekor qilish haqida protest kiritilgan.

«O‘rganishlar yakunida Ellikqal'a tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi mas'ul shaxslari tomonidan ofis mebellari xarid qilishda qonunchilik talablariga rioya qilinmagani uchun xarid bo‘yicha tuzilgan shartnomalar bekor qilinib, qariyb 1,6 mlrd so‘m budjet mablag‘lari asossiz sarflanishining oldi olindi», deyiladi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma'lumotida.

Shu bilan birga, davlat xaridlari sohasida qonun talablari ijrosini ta'minlamasdan, zimmasiga yuklatilgan xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmay xizmat intizomini buzib kelgan Ellikqal'a tumani Maktabgacha ta'lim bo‘limi vakillari D.B., M.H., M.N., O‘.S. va X.A.ga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid