Jamiyat | 16:20 / 20.12.2020
35310
16 daqiqa o‘qiladi

Seriallar va biz: Qutb ayig‘i holidamizmi?

Istanbul universiteti doktoranti, kinoshunos Otabek Tillayev «ARTICLE» ruknidagi navbatdagi maqolasida xorij seriallarining mafkuraviy va psixologik ta'sirlari xususida so‘z yuritadi.

Qutb ayig‘i holidamizmi?

Ovchilar qutb ayiqlarini qanday ovlashi haqida hech eshitganmisiz? Turk psixologi Said Chamlijaning bir risolasida o‘qiganlarim, ochig‘i, meni hayratga soldi.

Ovchilar qutb ayiqlarining terisiga hech qanday zarar yetkazmagan holda ularni ovlay olishar ekan. Xo‘sh, qanday qilib?

Qutb ayiqlari tabiatan qonni yaxshi ko‘rishadi. Ovchilar esa ularning aynan mana shu nozik nuqtasidan ustomonlik bilan foydalanishadi. Ular o‘tkir bolta yoki uchi o‘ta keskir bir qurolni tuproq ostiga uchi xiyol ko‘rinadigan qilib ko‘mib qo‘yishadi. Keyin esa qurolning ana shu uch qismiga biroz qon surtishadi. Qon hidi atrofga obdon tarqalguncha kutib turishadi. Tabiiyki, bu orada qon isini olgan ayiqlar ushbu hududga atrofni iskalay-iskalay yetib kelishadi va kela solib, qonni yalashga tushishadi.

Tuproq ostiga ko‘mib qo‘yilgan o‘tkir tig‘ ayiqlarning tilini kesib, tilkalab tashlaydi. Lekin ayiqlar qon isidan shunchalar sarmast va karaxt bo‘lib qolishadiki, hatto o‘z tillarining yaralanganini ham sezishmaydi. Ayiq qonni yalayveradi, tilidan esa qon oqaveradi. Aslida, o‘zining qonini o‘zi yalayotganini bilmayotgan ayiqni endi bu ajal tuzog‘idan hech kim va hech narsa qutqara olmaydi. Alaloqibat, u ko‘p qon yo‘qotgani tufayli yerga yuztuban yiqilib jon beradi. Shafqat nimaligini bilmagan ovchilar esa ayiqning jon taslim qilganiga ishonch hosil etgach, uning terisini osonlikcha shilib olishadi.

Nima uchun buni esga oldim? Sababi – bugun televideniye orqali namoyish etilayotgan, biz va farzandlarimiz kiprik qoqmay, teleekranga «mixlanib» tomosha qilayotgan seriallar ham, aslida, odamlarni ana shunday makkorona tuzoqqa tushirishga o‘xshaydi.

Ya'ni serialning birinchi qismini tomosha qildingizmi, tamom – tuzoqqa ilindim, deyavering. Endi bu changakdan osonlikcha qutula olmaysiz. Ayniqsa, ko‘rayotganingiz xorij seriallari bo‘lsa...

Eng dahshatlisi, ovchilar panada payt poylab turgani hatto xayolimizning bir kunjagiga ham kirmasligidir.

Tarixning achchiq sabog‘i

Siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonov AQSh tarixidan shunga o‘xshash real bir misol keltiradi.

Olimning aytishicha, 1970 yillarda Amerikada yangi elitaning hukmronligi o‘rnatiladi. Bu davrda televideniye, san'at, tomosha industriyasi kishilar ongiga g‘oyalar, timsollar, qarashlar va qadriyatlarni singdirib, tamoman yangi millatni shakllantirishga intiladi. Buning oqibatida esa millionlab odamlar o‘z yurtida o‘zini begonadek his eta boshlaydi. Hayvoniy mayl va gedonistik – hayotning mazmun-mohiyati aysh-ishrat va lazzatlanishdan iborat, deb hisoblaydigan qarashlar tizimi ildiz otadi. Qadimiy bayramlar yo‘qoladi. Ilgarigi qahramonlar timsoli so‘nib, madaniy maydonni kuch, zo‘ravonlik, behayolikni targ‘ib etayotgan super qahramonlar egallaydi.

Odamlar garchi ajdodlaridan meros qolgan azaliy ma'naviy qadriyatlar tag-tomiri bilan yulib tashlanayotganini ko‘rib turishgan bo‘lsa-da, xuddi qutb ayiqlari singari ilojsiz qolishadi. Oxir-oqibat, Kipling tasvirlagan «bozor hukmdorlari» jinsiy mayl, shuhrat, boylik, hokimiyat bilan yangi Amerikaning yangi hukmdorlariga aylanishadi.

Bugun telekanallarimizda efirga uzatilayotgan ayrim ko‘rsatuv va seriallar ham hashamatli hayot, jon koyitmay pul topish, nikohdan tashqaridagi g‘ayriaxloqiy munosabatlar, jirkanch illatlar va qadriyatlarimizga mos kelmaydigan xatti-harakatlarni aks ettirmoqda.

Bu esa jamiyatda jinoyatchilikning ortishi, ma'naviy-axloqiy buzilishlar va oilalarning parokandalikka yuz tutishi kabi misollarda aks-sado bermoqda. Bu aks-sadoni eshitish shart emas, shundoq yon-atrofingizga qarang, o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz...

Uzoqqa borishning keragi yo‘q, bugun telekanallarimizni «ishg‘ol» qilib olgan xorijiy seriallarning salbiy ta'siri hatto u suratga olingan mamlakatlarda ham yaqqol sezilmoqda. Masalan, Turkiyaning Ona-bola sog‘lig‘ini saqlash va oilani rejalashtirish markazi o‘tkazgan so‘rovnomada seriallar oila birligini buzadi, degan xulosaga kelindi.

Chorum advokatlar assotsiatsiyasining advokatlaridan biri Derya O‘ztekin esa ajralish holatlari bo‘yicha bir tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2012 yilda Turkiyaning Chorum shahrida 656 juftlik turmush qurgan bo‘lsa, 640 juftlikning nikohi bekor qilingan. Ya'ni muayyan bir hududda turmush qurgan va ajrashgan yoshlarning soni deyarli teng holga kelib qolgan. Advokat ushbu dahshatli manzara oilaviy ajrimlarni oddiy hol sifatida ko‘rsatgan seriallarning natijasi ekanini ta'kidladi.

«Er-xotinlar ajrashishni xuddi teleseriallardagi kabi oson va sodda deb bilishadi va nikohlarini bekor qilishadi. Ba'zi seriallardagi voqealar zanjiri odamlarni halokat jari tomon sudrayapti. Shu nuqtayi nazardan, seriallarning foydadan ko‘ra zarari ko‘proqdir», – deydi u.

Yana bir tadqiqot so‘rovnomasida ishtirok etgan insonlarning katta qismi, ya'ni 33,8 foizi muayyan serialni oxirigacha ko‘rmasligining sababini uning axloqiy qadriyatlarga zid ekani bilan izohlagan.

Oppoq qog‘ozdagi dog‘...

Atrofingizga sinchiklab nazar soling, g‘arbona dunyoqarash va madaniyatimizni sintez qilishga urinish bizning ham qadriyatlarimizni yo‘q qilmoqda. Endilikda nafaqat bolalar va o‘spirinlar, hatto kattalar ham ekranda ko‘rganlarini o‘z hayotlariga olib kirishga harakat qilishmoqda.

Ammo gap bolalar haqida borar ekan, masalaning naqadar og‘riqli va dolzarb ekani yanada oydinlashadi.

Bu – barchamizni sergak va hushyor torttirishi lozim. Chunki bolalar bamisoli oppoq qog‘oz. Ammo, afsuski, bu oppoq qog‘ozga bugun ajnabiy seriallarning dog‘i va nuqsi urmayapti, deb hech kim ayta olmaydi.

Seriallarning yoshlar ongi va ruhiyatiga, ma'naviy dunyosiga jiddiy raxna solishi ko‘plab ilmiy misollar bilan isbotlangan. Nottingem universitetining bolalar psixologi, professor Elizabet Nyusonning aytishicha, bola balog‘at ostonasiga qadam qo‘ygach, o‘zi uchun namuna izlaydi. Ushbu model uning o‘z oila a'zosi yoki biron san'atkor va hatto u tomosha qilgan filmlardagi zo‘ravonlik timsoli ham bo‘lishi mumkin. Bola o‘zi intilgan ushbu modelga beixtiyor taqlid qilishga urinadi.

Endi yaqin o‘tmishimizga qaytamiz. Esingizda bo‘lsa kerak: «Ramayana» seriali namoyish etilganda, aksar bolalar Ram va Lakshmanga aylanib, kamon-paykon bilan bir-birining ko‘zini chiqargan, «Jumong» namoyish etilganda esa o‘zicha qilich yasashga tushib ketgandi. Bu – bizning xulosa chiqarishimiz kerak bo‘lgan, yosh avlod o‘zining boy tarixi bo‘lgani holda o‘zga yurtning o‘tmishi va madaniyatiga mahliyo bo‘lib o‘sgan yaqin tariximizdir.

Xo‘sh, bugun-chi, bugun? Bolalarimiz nimalarni tomosha qilib ulg‘ayyapti? Kunning necha soatini ijtimoiy tarmoqlar yoki televizor qarshisida o‘tkazyapti? Maktab darsliklaridan tashqari oxirgi marta qaysi kitobni o‘qidi?

Qancha umrimiz yelga sovurilmoqda?

Aslida, barcha seriallarning mushtarak bir xususiyati bor: serialning har bir qismi, odatda, eng kulminatsion nuqtada yakunlanadi va «Keyingi qismda nima bo‘larkin?» degan savol tomoshabin miyasida aylanaveradi... Bu holda u keyingi qismni eng kamida bir kun, ba'zan esa haftalab yurak hovuchlab kutishiga to‘g‘ri keladi. Bunga esa hammaning ham sabri dosh bera olmasligi aniq va tabiiyki, endi uyda, ko‘cha-ko‘yda va hatto ishxonada ham serial muhokama mavzusiga aylanadi.

Ya'ni qiziqish maroqqa, maroq hayajonga, hayajon esa telbavor tutqunlikka aylanadi. Kunlar shu yo‘sin o‘taveradi, oltinga teng umr esa yelga sovurilaveradi.

Agar bugun televizor, internet va ijtimoiy tarmoqlarda kechirayotgan vaqtimiz hisoblab chiqilsa, ishonaveringki, labimizga uchuq toshiradigan darajadagi dahshatli raqamlar paydo bo‘ladi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, kuniga uch soat televizor tomosha qiluvchi inson bir yilda 45 sutkani, aytaylik, u 75 yil umr ko‘rsa, shundan naq 9 yilini televizor ekraniga termilib o‘tkazadi.

Bugun yangi multimedia platformalarining umumlashtirilishi biz odatlangan televideniye iste'moli o‘rnini ham egallab bormoqda: endi ayrim odamlar har hafta serialning yangi qismi chiqishini kutish o‘rniga, butun bir mavsumni bittada tomosha qilib tugatib qo‘ya qolyapti. Netflix xizmati, hatto buning uchun yangi atama ham o‘ylab topdi: binge-racer (qaram poygachi).

Xo‘sh, binge-racer kim? Bunday odam dastur yoki serial qismlarini ketma-ket tomosha qilgan holda hatto tunlarini uyqusiz o‘tkazadi. Ya'ni uning ashaddiy giyohvanddan deyarli farqi qolmaydi.

Netflix ma'lumotlariga ko‘ra, 2013 yilda bunday foydalanuvchilar soni qariyb 8,4 million kishini tashkil etgan.

Agar bu raqam kundan kunga ortib borayotganini hisobga olsak, afsuski, bugun butun boshli «zombi» avlodlar yetishmoqda, deb aytish mumkin.

Seriallarning mafkuraviy ta'siri

Hukmron siyosiy elita va uning fikri teleseriallarga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Buni biz tomosha qilayotgan turk seriallari misolida ham ko‘rish mumkin. Bugungi kunda hukmron partiya – AKP (Adolat va taraqqiyot partiyasi) vakillari Turkiya Respublikasini Usmonli imperiyasidan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi, deb bilishadi.

Ularning fikricha, Turkiya – Usmonli imperiyasining davomidir. Shuning uchun Usmonli imperiyasining ulug‘vorligi, ustunligi va umumiy merosini bot-bot eslatib turishadi va ular bugun Usmonlilar ruhini tiklashga harakat qilishmoqda.

Ushbu neo-usmonizm konsepsiyasiga parallel holda so‘nggi o‘n yillikda ko‘plab film va seriallar suratga olindi. «Tirilish: Ertug‘rul», «Muhtasham yuz yil», «Fotih» kabi seriallar shular jumlasidandir.

Ta'kidlash joizki, inson dunyoqarashi va mafkurasiga xorijiy seriallarning ta'siri salmoqli. Chunki ular kishiga giyohvand moddaday ta'sir ko‘rsatib, uni haqiqiy hayotdan uzib qo‘yadi.

Ayon haqiqat shuki, bugungi kunda kino industriyasi pardasining ortida turganlar faqat reyting yoki pul ishlash uchungina film suratga olishmaydi. Shubhasiz, ularning boshqa bir maqsadi bor. Shuning uchun ham aksar seriallarda ijtimoiy qadriyatlarning umumiy negiziga mutlaqo qarama-qarshi bo‘lgan mavzular targ‘ib etiladi.

BBC ciyosiy muharriri Xardiman Skott ta'kidlaganidek, siyosatchilar televideniyening qudratini yaxshi bilishadi va undan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga intilishadi. Xususan, seriallarda siyosiy qarashlar va mafkuraviy gegemonizm konsepsiyasi turli yashirin tashviq-da'vatlar, manipulyatsiyalar orqali «eksport» qilinadi.

Bir so‘z bilan aytganda, og‘u singdirilgan qand zarqog‘ozga o‘ralgan holda taqdim etiladi. Natijada esa jamiyatning ijtimoiy tuzilishi asta-sekinlik bilan tanazzulga yuz tutadi. Tili, dini, madaniyati g‘orat qilingan millatni esa osonlik bilan yengish mumkin.

Seriallarning psixologik ta'siri

Serialning yangi qismini tomosha qilish va miyadagi mukofot tizimi o‘rtasida bog‘liqlik borligi aniq. Kataloniya universiteti nevrologi Diyego Redolarning fikricha, oldinda bemalol ko‘rsa bo‘ladigan seriyalarning mavjudligi asab tizimiga yordam beradi, chunki asab tizimi kutishga, faollikka va serialga qaram bo‘lib qolishga toqat qilolmaydi. Keyingi qismni tomosha qilolmaslik bezovtalikni keltirib chiqaradi va kundalik hayotdagi boshqa vazifalar haqida o‘ylashni qiyinlashtiradi.

Bir o‘tirishda serialning juda ko‘p qismlarini tomosha qilish esa kognitiv va psixologik zararning yuzaga kelishiga sababchi bo‘ladi. Bunday xatti-harakatlar oxir-oqibatda yakkalanishga va hatto kundalik shaxsiy hayotning qadrsizlanishiga ham olib kelishi mumkin.

Shuningdek, serial tomoshasidan so‘ng jismoniy charchoq va hissiy tushkunlikka tushish holatlari ham ko‘p kuzatiladi. Shu bois olimlar har qanday serialni tomosha qilishdan oldin bu haqda obdon o‘ylab ko‘rishni maslahat berishadi.

Yuqorida ta'kidlab o‘tganimizdek, seriallar, ayniqsa, yoshlarning axloqi, ruhiy-ma'naviy dunyosiga jiddiy salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkin. Ular bolalarning o‘z ota-onalari bilan o‘zaro munosabatiga, ularning o‘qishi va fikrlashining chegaralanishiga, madaniy begonalashuvga, tilning buzilishiga, bolalik va beg‘uborlikning erta yo‘qotilishiga sababchi bo‘ladi.

Masalan, Angliyadagi bir maktab-internatda 13–16 yosh toifasidagi bolalarni ikki guruhga bo‘lgan holda tadqiqot o‘tkazildi. Birinchi guruh 15 kun davomida hajviy va ijtimoiy dasturlarni, ikkinchi guruh esa zo‘ravonlik aks etgan dastur va seriallarni tomosha qildi. Qizig‘i shundaki, ushbu tadqiqot natijalari birinchi guruhdagi bolalarda bag‘rikenglik va kirishimlilik, ikkinchi guruhdagilarda esa aksincha, jismoniy zo‘ravonlik, axloqiy buzilishga moyillik ortganini ko‘rsatdi.

Nima qilmoq kerak?

Har qanday dastur va serial efirga uzatilar ekan, jamiyatning ijtimoiy tuzilishi, urf-odatlari, qadriyatlari, axloqiy fazilatlari suiiste'mol qilinmasligi shart. Televideniye tizimi uchun mas'ul bo‘lgan mutasaddilar masalaning mana shu jihatini hech qachon esdan chiqarmasliklari lozim.

Shu bilan birga, dastur yoki serialni televideniye efiridan olib tashlash bu hali yechim degani emas.

Eng avvalo, biz saviyasiz, yengil-yelpi, real hayotdan yiroq, faqat maishiy masalalar atrofidagina o‘ralashib qolgan milliy «serial»larni suratga olishni bas qilishimiz, o‘zaro raqobatda auditoriyani xorijiy seriallarga boy berib qo‘ymaydigan haqiqiy kinoasarlarni yaratish ustida jiddiy bosh qotirishimiz lozim.

Agar biz diniy, milliy va axloqiy qadriyatlarimiz, shuningdek, tarixiy qahramonlarimiz hayoti haqida o‘tkir syujyetli seriallar va filmlar yaratmas ekanmiz, ertaga ham kimlardir tomonidan suratga olingan va otning kallasiday mablag‘ evaziga xarid qilingan xorijiy seriallarning jamiyatimizga ko‘rsatayotgan salbiy ta'siri haqida nolib o‘tiraveramiz.

Unutmaylik: ko‘p qon yo‘qotmaslik va qutb ayiqlarining holiga tushib qolmaslik o‘z qo‘limizda!

Otabek Tillayev

Mavzuga oid