Jamiyat | 17:53 / 22.12.2020
19973
8 daqiqa o‘qiladi

«Zavod yonida gazning hidini hidlab yashayapmiz». Muborakdagi qishloq ahli gaz ta'minoti qayta tiklanishidan umidvor

Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi Qarliq qishlog‘i Muborak gazni qayta ishlash zavodidan uncha uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan. Qishloq aholisining aksariyati mazkur zavodda yoki gaz qazib olish sohasida ishlaydi. Ammo qarliqliklarning ta'biri bilan aytganda «zavod yonida gaz hidini hidlab yashayotgan» mazkur qishloq ahli xonadonlarida tabiiy gaz yo‘q.

Kun.uz’ga navbatdagi murojaat Qashqadaryo viloyati Muborak tumani Qarliq qishlog‘i «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘inidan yo‘llandi. Unda yozilishicha, nafaqat mazkur mahalla, balki qishloqdagi boshqa mahallalar ahli bugun shundoqqina Muborak gazni qayta ishlash zavodi yonida tabiiy gazdan mosuvo holda yashamoqda.

«Yangiobod» MFY raisi Rustam Baratovning ma'lum qilishicha, Qarliq qishlog‘ida jami 26 mingdan oshiqroq aholi yashaydi. Qishloqda jami beshta MFY bor. «Yangiobod» MFY ana shu mahallalardan biri.

«Qishlog‘imiz Qashqadaryodagi eng yirik qishloqlardan biri hisoblanadi. Bu yerda 26 mingdan oshiq aholi yashaydi. Qishloq beshta «Yangiobod», «Bo‘ston», «Qarliq», «Paxtakor», «Barkamol avlod» MFYdan iborat.

Bizga 2013-2015 yillargacha tabiiy gaz berilgan. O‘sha yillarda gaz ta'minoti to‘xtatilgan. Shundan beri qishlog‘imizga tabiiy gaz ta'minoti qayta tiklanishi uchun harakat qilamiz, ammo hozircha sa'y-harakatlarimizning nafi bo‘lmayapti. Odamlar tabiiy gaz uzilgandan keyin kuz-qish mavsumida nima topsa o‘shani yoqib uy isitib kelmoqda.

Qishloq ahlining aksariyati Muborak gazni qayta ishlash zavodi va gaz qazib olish sohasida ishlaydi. Zavodning o‘zi ham bizga yaqin joyda joylashgan. Gazni qayta ishlaydigan shundoq katta zavodni yonida yashab gazning o‘zini ko‘rmaymiz, olti-yetti yildan beri faqat uning hidini hidlaymiz», deydi Rustam Baratov.

Mahalla raisi qishloqqa tabiiy gaz ta'minoti qayta tiklab berilishini so‘rab murojaat qilmagan joyi qolmaganini ma'lum qildi. Viloyat va tuman hokimligi, gaz boshqarmasi hamda bo‘limiga murojaat qilishgan. Ammo hozirgacha hech bir natija bo‘lmagan. Uning aytishicha, Qarliqda xonadonlarga tortilgan gaz quvurlari va gaz taqsimlash uskunalari (GRP-gazoregulyatornyy punkt) yaroqli holda turibdi. Faqat 3 kilometr uzoqlikda joylashgan gaz taqsimlash stansiyasidan qishloqqacha quvur tortib berilsa bo‘ldi, qishloq yana tabiiy gazga ulanadi.

Rustam Baratovning ma'lum qilishicha, u raislik qilayotgan «Yangiobod»  MFYda gaz ta'minotidan boshqa yana bir qator muhim muammolar bor. Jumladan, mahalla fuqarolar yig‘inining o‘z binosi yo‘q. Hozir mahallada qurilgan namunali uydan vaqtinchalik idora sifatida foydalanishyapti. Bundan tashqari mazkur mahallada maktab yo‘q, bolalar qo‘shni mahalladagi maktabga qatnaydi. Shuningdek, bog‘chaga ehtiyoj bor. Mahalla chetida tuman zaxirasiga olingan 7 gektar joy bor. Mahalla ahli ana shu joyda 200 o‘rinli maktab, 200 o‘rinli bog‘cha va mahalla binosi qurib berish masalasida murojaat qilgan, ammo bu masala ham hanuz yechimini topmagan.

«Maktab bolaga ta'lim beradi. Mahalla esa uni tarbiya qiladi. Agar maktab, bog‘cha va mahalla idorasi bir joyda bo‘lsa o‘quvchilar ham ko‘z o‘ngimizda bo‘lar edi», deydi u.

Rustam Baratov va Muborak tuman kengashi deputati A.Navro‘zovning maktab masalasida qilgan murojatiga tuman qurilish bo‘limi boshlig‘i Sh.Bo‘ronov «o‘rganish natijasida haqiqatdan «Yangiobod» MFYga yangi maktab kerakligi aniqlangani va 2021 yil dasturiga uni qurish taklifi berilganligi» haqida ma'lum qilgan.

Rustam Baratov 20 dekabr kuni Qarliq qishlog‘iga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maxfirat Xushvaqtova va Muborak tumani hokimi kelib aholi bilan uchrashuv o‘tkazganini ham ma'lum qildi.

Ushbu uchrashuvda odamlar Qonunchilik palatasi deputati va tuman hokimiga aholini qiynab kelayotgan asosiy muammo sifatida qishloqqa gaz ta'minoti qayta tiklanishi masalasini ko‘targan.

«Respublikamizdagi gazning 68 foizini viloyatimiz yetkazib beradi. Uning asosiy qismi shu qishloq aholisi mehnati bilan qazib olinadi va qayta ishlanadi. Zavodning yonida gazning hidini hidlab yashayapmiz. Bizga qachon gaz beriladi? Qishloqdagi barcha gaz quvurlari sifatli holatda turibdi. Bor-yo‘g‘i gaz taqsimlash stansiyasidan qishloqqacha 3 km masofaga gaz quvurlari tortilsa bo‘ldi», degan fuqarolar.

Deputat va hokim bu masalani mutasaddi tashkilotlar bilan albatta ko‘rib chiqishlarini va mazkur qishloqqa tabiiy gaz ta'minoti tiklanishi uchun vakolatlaridan kelib chiqib harakat qilishlarini bildirishgan. Rustam Baratovning so‘zlariga ko‘ra, qishloqdan 3-4 kilometr narida avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasi qurilyapti. Uni qurayotgan tadbirkor agar mutasaddi tashkilotlar ruxsat bersa va aholi uchun qo‘shimcha gaz ajratsa shoxobchadagi gaz taqsimlash stansiyasidan Qarliq qishlog‘idagi beshta mahallaga tabiiy gaz berishga rozi bo‘lgan.

Muborak tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi tayinlandi

Qarliq qishlog‘iga gaz ta'minotini qayta tiklash masalasida izoh olish uchun Muborak tuman gaz ta'minoti bo‘limi rahbari Alisher G‘ofurovga qo‘ng‘iroq qildik, ammo bog‘lanishning imkoniyati bo‘lmadi. U qayta-qayta qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi. Tuman hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, Alisher G‘ofurov hozirgi lavozimiga yaqinda o‘tgan. Buni «Yangiobod» MFY raisi va Muborak tuman kengashi deputati A.Navro‘zov tomonidan 20 noyabr kuni yozilgan talabnoma o‘sha paytda tuman gaz ta'minoti bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan N.Xolliyev nomiga yozilgani ham tasdiqlab turibdi. Ammo nima bo‘lganda ham Alisher G‘ofurov Qarliq qishlog‘i ahli tomonidan yo‘llangan talabnomalarga qanday javob berilgani va kelajakda bu qishloqda gaz ta'minoti qayta tiklanadimi yo‘qmi, ikki og‘iz izoh bersa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Bundan tashqari, «Yangiobod» MFYda bugun mahalla idorasi yo‘qligi masalasida izoh olmoqchi bo‘lganimiz mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash tuman bo‘limi rahbari Hanifa To‘rayeva bilan ham bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. U ham qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Muborak tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mirtemir Jumayev bilan bog‘langanimizda u «Yangiobod» MFYda yangi maktab qurilishi 2021 yilgi rejada yo‘qligini, kelgusi yilda «Qarliq« MFYda joylashgan 30-maktabda qo‘shimcha o‘quv binosi, «Istiqlol» MFYda esa yangi maktab qurilishi reja qilinganini ma'lum qildi. Qisqasi, hozircha «Yangiobod» MFYda yangi maktab qurilmasligi aniq. Bog‘cha va MFY uchun bino qurilishi ham mavhum bo‘lib qolmoqda. Tabiiy gazni ham ulab berishadimi, yo‘qmi, bu ham noma'lum. Qishloq ahli gazni qayta ishlash zavodiga qaragancha, umid bilan kutmoqda.

 

Mavzuga oid