O‘zbekiston | 17:58 / 24.12.2020
3992
6 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya, iqtisodiy integratsiya va BMT majburiyatlari – Sodiq Safoyev Senatning xalqaro aloqalar bo‘yicha yil hisobotini berdi

23 dekabr kuni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev palataning xalqaro aloqalar bo‘yicha 2020 yilda qilingan ishlari haqida ma'lumot berdi. Kun.uz muxbiri siyosatchining hisobotida keltirilgan asosiy tezislarni keltirib o‘tdi.

«Insoniyat naqadar zaifligining isbotini ko‘rdik»

Sodiq Safoyevga ko‘ra, pandemiya bir asr davomida insoniyat ko‘rmagan noharbiy falokat bo‘ldi.

«Avval hech qachon milliardlab odamlar uylarida bekilgan, chegaralar yopilgan va iqtisodiyot qotib qolgan holatni tarix qayd etmagan. Biz yana bir bor insoniyat naqadar zaifligining isbotini ko‘rdik», – deya so‘z boshlagan u.

Safoyevning aytishicha, parlament ana shunday og‘ir sharoitga qaramay, «o‘z yo‘lida davom etish» pozitsiyasidan borgan.

Yakunlanayotgan yilda xalqaro parlamentlararo faoliyatni rivojlantirish sohasida Senatda xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliya tuzilmalar va biznes vakillari bilan 80ga yaqin uchrashuv o‘tkazilgan. Shuningdek, O‘zbekiston parlamenti va xorijiy davlat parlamentlari o‘rtasida 43ta parlamentlararo guruh tuzilgan.

«Bizga iqtisodiy integratsiya kerak»

Senat raisining birinchi o‘rinbosari hisobotida O‘zbekistonning YeOIIga integratsiyasi masalasiga ham to‘xtalgan.

«O‘zbekiston uchun integratsion jarayonlarda faol ishtirok etish juda muhim. Chunki O‘zbekiston o‘zining jug‘rofiy joylashuvi nuqtayi nazaridan ham muayyan imtiyoz va muammolarga ega. Shuning uchun savdo aloqalarini rivojlantirish, transport yo‘laklarini barpo etish biz uchun rivojlanishning eng muhim omillaridan biridir.

Prezident o‘z murojaatnomasida parlamentning ikkala palatasiga ham YeOII bilan hamkorlik natijalarini chuqur o‘rganish va xulosaga kelish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Bizda bu masalada ekspertlar tomonidan chuqur o‘rganishlar o‘tkazildi va «kuzatuvchi davlat» maqomi ma'qul ko‘rildi. O‘ylashimcha, bu parlamentning tugayotgan yildagi eng muhim ishlaridan biri», – degan u.

BMT majburiyatlarini bajarish yo‘lida

Safoyevning ta'kidlashicha, O‘zbekistonning ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari haqida gapirilganda BMTning maxsus dasturlari, masalan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishdagi faoliyat juda muhim ahamiyatga ega.

«Bir necha yil avval qabul qilingan bu dastur o‘zining a'zolaridan 2030 yilga qadar muayyan ko‘rsatkichlarga erishishni talab qiladi.

Bunda birinchi maqsad – insonning rivojlanishi. Undan, shuningdek, fuqarolarning moddiy, ma'naviy ehtiyojlarini, xavfsizlikni ta'minlash, ta'lim, sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish, gender tengligi va boshqa masalalar o‘rin olgan», – deya ta'kidlagan u.

Siyosatchiga ko‘ra, prezident topshirig‘i bilan bu dastur bevosita parlament nazoratida turadi.

«Fevral oyida parlament palatalari kengashlarining qo‘shma qarori bilan maxsus parlament komissiyasi tuzildi. Uning birinchi natijalari ham ko‘rinmoqda. Masalan, bu yil bizda Ixtiyoriy milliy hisoboti loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha shu yil BMTning iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS) boshchiligida o‘tkazilgan siyosiy forumda taqdim etildi», – degan Safoyev.

BMTning 75-sessiyasida O‘zbekiston bildirgan tashabbuslar ijrosi yo‘lida

Parlament uchun yana bir muhim yo‘nalish BMTning 75-sessiyasida O‘zbekiston bildirgan tashabbuslarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash hisoblanadi.

Sodiq Safoyev o‘z hisobotida shu yo‘lda qilinayotgan ishlar haqida ham ma'lumot bergan. Unga ko‘ra, hozirda BMTning O‘zbekistondagi agentliklari bilan doimiy muloqot, maslahatlashuv va o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

«Bunda prezident Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 3ta muhim hujjat va u bo‘yicha quyidagi ishlar qilinmoqda:

1. Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risida BMT kodeksi.

Hozirda bu hujjatning loyihasi ishlab chiqildi va BMTga taqdim etildi. Hujjat hozirda yetakchi davlatlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

2. Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risida BMT rezolyutsiyasi.

Bu ham yangilik va O‘zbekiston ilgari surgan muhim hujjat. Uning loyihasi BMT va YeXHTga topshirilgan. Umid qilamizki, hujjat shu yil ko‘rib chiqiladi.

3. Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to‘g‘risidagi BMTning maxsus rezolyutsiyasi.

Bu nafaqat bizga, Markaziy Osiyoga, balki global ahamiyatga ega bo‘lgan muhim hujjat. Hozir shu hujjat loyihalari ishlab chiqildi va BMTga ko‘rib chiqish uchun berildi», – degan Senat mulozimi.

O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ustidan parlament nazorati haqida

Sodiq Safoyev 2020 yil yakuni bo‘yicha hisobotining oxirgi yo‘nalishi sifatida Senatda O‘zbekistonning yangidan tayinlanayotgan elchilari «yo‘l xaritasi» ko‘rib chiqilayotgani haqida gapirgan.

«Bunda komissiya a'zolari nafaqat elchilikka nomzodlarning «yo‘l xaritalari»ni ko‘rib chiqadi, balki ularga tavsiya va maslahatlar beryapti. Bu borada mart oyida Yevropa mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 11 nafar elchining hisoboti tanqidiy eshitildi. Bu ishlar hozirda ham davom etmoqda», – degan u.

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, Safoyev hisobotini Senat tomonidan yil davomida qilingan ishlar davlat boshqaruvida parlamentning o‘rni, tashqi siyosat va iqtisoddagi roli oshib borayotganini ko‘rsatishi haqidagi fikri bilan yakunlagan.

Mavzuga oid