Jamiyat | 10:49 / 25.12.2020
5508
6 daqiqa o‘qiladi

SSV: Vazirliklar qo‘shma qarori talabalar va pedagoglar salomatligini o‘ylab qabul qilingan

SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi, tibbiyot fanlari nomzodi Sevara Ubaydullayeva oliy ta'lim muassasalarini kasallik o‘chog‘iga aylantirmaslik maqsadida 7 dekabr kuni qabul qilingan Sog‘liqni saqlash vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining qo‘shma qarori bo‘yicha savollarga javob berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

«Birinchidan, biz ta'lim jarayonlari ta'lim muassasalari xodimlari hamda talabalari uchun xavfsiz bo‘lgan muhitda olib borilishini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Onlayn ta'lim qanchalik yaxshi bo‘lmasin, talabalar olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlaydi, buning uchun esa ular an'anaviy ta'limni davom ettirishlari lozim. An'anaviy ta'limda bir necha soat davomida bir xonada o‘nlab talabalar va pedagog dars o‘tishlari kerak. Bunday holat infeksiya tarqalishini kuchaytirishi mumkin.

Ikkinchidan, yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan kurashish bo‘yicha olib borilgan tizimli ishlar natijasida vaziyatning barqarorligiga erishganimiz katta yutuq. Lekin hozirda barcha yaxshi tushunadi, AQSh, Yevropa va MDH davlatlarida bu kasallik keskin ko‘paymoqda. Buning sababi esa, odamlarning karantin qoidalariga to‘liq rioya qilmasliklari va ko‘pchilik bo‘lib to‘planishlari, odam gavjum joylarda himoyalanmay yurishlaridir. Tabiiyki, bu bizni yanada hushyor bo‘lishga undaydi.

Uchinchidan, yana shuni ham unutmasligimiz kerakki, talabalar yosh, harakatchan va faol bo‘lib, ko‘proq odamlar bilan muloqotda bo‘lishadi. Bu esa kasallik bir insondan boshqa insonga o‘tishini, OTM o‘qituvchilari va talabalar turar joylarida yashaydiganlar orasida tarqalishini, shuningdek, ularning oilalarida ota-onasi yoki farzandlariga yuqish ehtimolini kuchaytiradi.

Qo‘shma qarorda OTM xodimlari va talabalar uchun gidroksixloroxin va tarkibida sink mikroelementi mavjud dori vositalari sotib olinishi belgilangan. Negadir barchani doim gidroksixloroxin xavotirga soladi. Ammo dori vositalarining inson organizmiga ta'sirini bilgan shifokorlarda bunchalik kuchli rezonans uyg‘otmaydi. Chunki shifokor har bir dorini kimga tavsiya qilish kerakligini biladi, tavsiya qilishdan oldin inson organizmida mavjud surunkali kasalliklar, bemor yoshi va salomatlik holatini, aynan qaysi dori mumkin yoki yo‘qligini to‘liq o‘rganadi. Bundan tashqari, bizda bu haqda tegishli standart va protokollar ham mavjud.

Yuqoridagi qo‘shma qarorda ham aynan qaysi dorilarning tavsiya etilishi belgilab berilgan, rux (sink), vitamin D3 va S vitaminlari bilan bir qatorda qo‘shimcha dori vositalari hamda shaxsiy gigiyena tartiblari kiritilgan. Shuningdek, har bir dori vositasining qo‘llanishi taqiqlangan holatlar ham aniq ko‘rsatib o‘tilgan.

Aytib o‘tganimizdek, barcha dori vositalari qatoridagi gidroksixloroxin ham o‘z o‘rnida va maqsadli qo‘llansa, samarali dori vositasi hisoblanadi. Bu dori vositasidan revmatologik, ya'ni bo‘g‘im kasalliklarida foydalanib kelingan, uning inson organizmida immunitetni nazorat etish ta'siri mavjudligi aniqlangan. Koronavirus infeksiyasida esa immun tizimning sekin reaksiyasi birdagina kuchayib, «tsitokin-bo‘roni»ni keltirib chiqaradi. Aynan «tsitokin-bo‘roni» kasallik og‘ir kechuviga sabab bo‘lmoqda. Gidroksixloroxin esa profilaktika maqsadida yoki kasallikning ilk kunlarida qisqa muddat qabul qilinishi shu «tsitokin-bo‘roni»ning oldini olish imkoniyatini yaratadi. Ya'ni gidroksixloroxinni qabul qilganlarda koronavirus kasalligi simptomlarsiz yoki yengil kechuvda o‘tishi kuzatilmoqda. Buni O‘zbekiston tajribasi isbotladi, deya olamiz», degan Sevara Ubaydullayeva.

Dekabr oyining ikkinchi yarmida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi rahbarlari talabalar va OTM xodimlarini pandemiya davrida koronavirus infeksiyasidan himoyalashga oid qo‘shma qarorni imzolagani to‘g‘risidagi ma'lumot OAVda paydo bo‘lgandi. Qarorga ko‘ra, ta'minotchi korxona bo‘lgan «Dori-darmon» AKdan profilaktika maqsadida gidroksixloroxin va sink (rux) preparatlarini xarid qilish majburiyati belgilangan. Shu bilan birga, kasallik belgilari aniqlangan holda qo‘shimcha dorilar asosida davolash zarurligi bildirilgan.

Keyinroq Kun.uz saytida O‘zbekiston dunyo bo‘yicha davolashdagi samarasi isbotini topmagan, profilaktika bo‘yicha esa biror tadqiqot yakuniga yetmagan gidroksixloroxin preparatini yana katta hajmda sotib olgani tanqid ostiga olingan «Samarasiz profilaktika yoxud gidroksixloroxinda qanday sir bor?» va «­Bosh vazir ruxsati bilan yana gidroksixloroxin olinmoqda. Talabalar bu shubhali dorini qabul qilishga majburmi?» sarlavhali maqolalar e'lon qilindi.

Mavzuga oid