Xorazmda viloyat hokimi o‘rinbosarining ukasiga tegishli kompaniya tenderda 20 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini yutgan
Xorazmda viloyat hokimining tayinlanganiga bir yil ham bo‘lmagan o‘rinbosarining ukasiga tegishli kompaniya 20 mlrd so‘mlik davlat buyurtmasini yutgani ma'lum bo‘ldi. Bunda hokim o‘rinbosari Bahrom Qurbonov tender komissiyasi raisi bo‘lgan. Bu haqda Davlat xaridlari portalidagi ma'lumotlarga tayanib, Telegram’dagi Davletovuz kanali xabar berdi.
Bahrom Qurbonov 2020 yilning martida Xorazm viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan. Muqaddam «O‘zshaharqurilishinvest» injinering kompaniyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. U viloyatda qurilish kompleksida pudrat, loyiha ishlariga bo‘lgan davlat buyurtmasini tender asosida joylashtirishni, shuningdek, uning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta'minlaydi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning 25 iyun kuni Bahrom Qurbonov raisligida Xorazm viloyati Urganch shahridagi perinatal markazini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tender savdo komissiyasi majlisi bo‘lib o‘tgan. Komissiya qiymati 20 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan inshootni qurish uchun «Bunyodkor» MChJni g‘olib sifatida tanlab olgan. Mazkur korxona ulushlari yuridik shaxslar reyestriga ko‘ra to‘lig‘icha Ulug‘bek Sharipovich Qurbonovga taalluqli. U viloyat hokimi o‘rinbosari, tender komissiyasi raisi Bahrom Sharipovich Qurbonovning yaqin qarindoshi – ukasi hisoblanadi.
Mazkur kompaniya, shuningdek, Urganch shahar «Ashxobod» mahalla fuqarolar yig‘inidagi ichimlik suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha tenderda ham g‘olib bo‘lgan. Tender natijalari 2020 yil sentyabr oyida e'lon qilingan. Qariyb 7 milliard so‘mlik obekt bo‘yicha tender komissiyasi raisi Uy-joy va kommunal xo‘jalik vaziri bo‘lgan, lekin u yig‘ilishda «uzrli sabablarga ko‘ra qatnasha olmagan».
«Davlat buyurtmalari, ta'bir joiz bo‘lsa, katta qozon. Undan barcha tadbirkorlar teng va to‘siqlarsiz foydalana olishi kerak. Shundagina rivojlanish bo‘ladi, shundagina raqobat muhiti qaror topadi. Modomiki davlat buyurtmalarini mansabdor shaxslarga taalluqli kompaniyalar olar ekan, bu kompaniyalar qanchalik zo‘r va kuchli bo‘lmasin, oxir-oqibatda boshqa tadbirkorlik sub'yektlarining rivojlanishiga, ularning kengayishiga to‘sqinlik paydo bo‘ladi, bozorda bir tarafda mahalliy bozorni monopol qilgan, ikkinchi tarafdan esa chala, o‘g‘ri, otkat bilan ishlaydigan, faqat sifatsiz qurilish qiladigan kompaniyalarning kuni tug‘adi.
Shuning uchun madaniyatli jamiyatlarda bunday davlat buyurtmalarida chinovnikning korxonasi ishtirok etmaydi, hech qachon amaldor ukasi yoki akasi nomidagi kompaniya ishtirok etayotgan tenderda komissiya raisi bo‘lmaydi. Bu absurd. Bu jinoyat. Bu korrupsiya. Yuqoridagi holatlar, nazarimizda, manfaatlar to‘qnashuvi, qonun buzilishi joylarda chuqur ildiz otganini, muammoga tizimli yechimlar izlash kerakligini ko‘rsatmoqda», deydi kanal muallifi.
Avvalroq Andijonda davlat buyurtmalarini buyurtmachining o‘ziga tegishli kompaniyalar taqsimlab olgani ma'lum bo‘lgandi. Xususan, «Yagona buyurtmachi xizmati» IK rahbari Muhiddin Qodirov o‘ziga tegishli bo‘lgan «Milano Biznes Servis» MChJga qariyb 20 milliard so‘mlik qurilishga oid davlat buyurtmalarini olgan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyati prokuraturasi qurilishlardagi manfaatlar to‘qnashuvini tekshirmoqda.
Davletovuz kanali Jizzax viloyatida ham viloyat hokimi o‘rinbosari qarindoshlarining kompaniyalari bir necha yuz milliard so‘mlik loyihalarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergandi.
Shuningdek, viloyati hokimi Ergash Soliyevning qizi Nargiza Soliyevaga tegishli kompaniya ko‘chalarga gul ekish bo‘yicha bir necha milliard so‘mlik tenderlarni yutib olgani ma'lum bo‘lgandi.
Mavzuga oid
17:42 / 16.12.2024
7,2 mlrd so‘mlik tender savdolari ixtiyoriy ravishda bekor qilindi
14:01 / 13.10.2024
“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?
12:08 / 27.09.2024
Xorazmda MChJ mas’ul shaxslari ijtimoiy soha obektlariga beriladigan ko‘mir uchun ajratilgan pullarni o‘zlashtirdi
18:40 / 18.09.2024