O‘zbekiston | 15:25 / 03.01.2021
10584
2 daqiqa o‘qiladi

«2021 yildan eng katta tilagim – mulk daxlsizligi»

«Kun. Munosabat» ruknining navbatdagi sonida jurnalist Tolib Rahmatov ortda qolgan yil davomida Kun.uz'ga fuqarolar va tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy mavzulari haqida so‘z yuritdi.

«Eng katta istagim – O‘zbekistonda xususiy mulk daxlsizligi ta’minlansin. Eng ko‘p muammo shu yerda. Mana, prezident ham parlamentga murojaatida yerni bozor aktiviga aylantirish masalasini ko‘rib chiqish kerak dedi.

Niyatim, shu taklif tezroq amalga oshsin, yer sotilsin. Hokim qarori bilan yerni birovdan olib, birovga beraverish barham topsin. Men 2 sotix bo‘lsa ham yer oldimmi, shu yer meniki bo‘lib qolsin, men uni bolalarimga, nevaralarimga ham meros qilib qoldira olay.

Sud-huquq tizimi ham islohga muhtoj. Sudlar aqalli yarim mustaqil bo‘lsin. Bunday deyotganimning sababi, yil davomida bir necha sudlarda qatnashdim. Sudning borishidan taxmin qila boshlaymizki, jabrdiydalar foydasiga qaror chiqadigandek. Buni hatto sudda qatnashayotgan ikkinchi tomon – vazirlik yoki hokimlik vakillari ham e’tirof eta boshlaydi. Lekin alaloqibat tadbirkor zarariga – o‘sha vazirlik va hokimlik foydasiga qaror chiqadi.

Sudlarni onlayn kuzatish imkoni paydo bo‘ladi, deyilgan edi. Lekin hanuz bu to‘la ta’minlanmagan. Juda qiziq sud jarayonlarini onlayn kuzatish imkoni yo‘q. 2021 yilda shu tizim ham yo‘lga qo‘yilsa edi, balki sudyalarimiz ularni xalq kuzatib turganini inobatga olisharmidi, deb o‘ylayman», – deydi Tolib Rahmatov.

Mavzuga oid