O‘zbekiston | 13:18 / 04.01.2021
7009
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yer osti magistrallaridagi nosozliklarni sun'iy yo‘ldosh orqali aniqlash tizimi joriy etilmoqda

Innovatsion rivojlanish vazirligi va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Isroil kompaniyasi bilan hamkorlikda shahar magistral tizimlarini ta'mirlash ishlari bo‘yicha texnologiyani transfer qilib O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshirmoqda.

Isroil kompaniyasi tomonidan taklif etilgan innovatsion texnologiya magistral quvurlar o‘tadigan yo‘llarni to‘smasdan, asfaltni buzmasdan quvurlarni yangilash imkonini beradi.

Ma'lum qilinishicha, avvalo, kompaniya mutaxassislari sun'iy yo‘ldosh yordamida quvurlardagi teshilish holatlarini aniqlashdi. Bunda quvurlar holati bilan bir qatorda suv, kanalizatsiya, elektr kabellari, telekommunikatsiya, gaz quvurlarining joylashgan o‘rni aniqlanib xaritaga tushirildi. Kompaniya rahbari Moshe Chetritning aytishicha, mazkur texnologiya yer ostidagi quvurlar qanday holatda ekanini aniqlashda qo‘l keladi.

«Maya International texnologiyalari yer osti infratuzilmasini xaritalashga qaratilgan. Agar yer ostidagi sovuq va issiq suv, kanalizatsiya quvurlari elektr trassalarida biror avariya holati yuz bersa, u yerni qazish va ularni ta'mirlash ishlarini amalga oshirishdan avval yer ostida qanday holat ekanini aytib bera olamiz.

Bundan tashqari, biz yer osti quvurlarining teshilgan joylarini aniqlab beruvchi innovatsion texnologiyani ham olib kirganmiz. Mazkur texnologiya sun'iy yo‘ldosh orqali katta hududlar, deylik Toshkent shahri yer osti magistrallaridagi nosozlikni aniqlab beradi. So‘ngra mutaxassisimiz bilan suv sizib chiqqan joyning o‘ziga borib, maxsus verifikatsiya ishlari olib boriladi.

Shunday qilib, biz qisqa vaqt oralig‘ida ko‘plab quvurlardan suv sirqib chiqayotgan nuqtalarni aniqlashga muvaffaq bo‘lamiz. Mana shu texnologiyamiz yordamida joriy yilda Toshkent shahridagi suv quvurlarida 1500 ta teshiklar va yoriqlar aniqlandi.

Buncha avariya holatlarini qisqa muddatlarda aniqlab, bartaraf etish orqali qanchadan qancha suv resurslarini iqtisod etishga erishildi. Hozirda esa yer ostidagi quvurlarini ochmasdan ta'mirlash texnologiyasini olib kirishni rejalashtirdik.

Bunda mavjud trubalar olib tashlanmay, katta qazish ishlari olib borilmay, quvur ichida yangi quvur hosil qilinadi. Bir nuqtani qazib, kuniga 200 metr quvurni ta'mirlash mumkin bo‘ladi.

Shunday qilib, oylar davrida qilinadigan ishlarni kunlar, yillar davomida amalga oshiriladigan ta'mirlash ishlarini oylar davomida amalga oshirishga erishiladi. Ta'mirlash ishlari davomida esa yo‘llar yopilmaydi, aholiga noqulayliklar tug‘dirilmaydi, ekologiyaga zarar yetkazilmaydi», dedi kompaniya rahbari.

Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Jamoliddin Boboxonov texnologiya yordamida erishilgan iqtisodiy samaradorlik haqida ma'lumot berdi.

«Joriy yilda mazkur texnologiya yordamida poytaxtimizda 1108 ta suv sirqish nuqtalari yamalib, 5 mlrd so‘m iqtisodiy samaraga erishildi.

2021 yilda esa vazirligimiz va «Suvsoz» DUK bilan hamkorlikda ochilgan O‘zbekiston-Isroil qo‘shma korxonasi Toshkent viloyatida ish boshlaydi hamda bu tizim keyinchalik respublikamizdagi boshqa viloyatlarga ham joriy etiladi. Ayniqsa, qazish ishlari olib borib bo‘lmaydigan joylarda mazkur yer quvurlarini ta'mirlash va yangilash tizimi o‘z afzalliklarini yaqqol namoyon etmoqda», dedi vazirlik vakili.

Ma'lum qilinishicha, yangi texnologiya yordamida bajarilgan ishlar samardorligiga 50 yillik kafolat beriladi.

Mavzuga oid