Aksilkorrupsiya agentligi Andijondagi 17ta qurilish obektlarida manfaatlar to‘qnashuviga oid holatlarni o‘rganmoqda
O‘tgan oy Andijon viloyatida qurilishga aloqador davlat idoralari rahbarlarining milliardlab summadagi davlat obektlarini qarindosh-urug‘chilik yo‘li bilan o‘zlashtirayotgani haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzurida tashkil qilingan ishchi guruh ushbu holatlar o‘rganilayotganini ma’lum qilgandi.
Agentlik yetakchi inspektori Zafarbek Qo‘chqorov tekshirish jarayoni haqida qo‘shimcha ma’lumot taqdim etdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
“Hozirgi kunda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tomonidan ushbu masala alohida nazoratga olinib, tekshirish-o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda. Tegishli tashkilotlardan malakali mutaxassislar jalb etilgan holda ishchi guruh tuzilgan hamda guruh a’zolarining vazifa-funksiyalari aniq belgilab olingan. Hozirga qadar manfaatlar to‘qnashuvi alomatlari aniqlangan 17ta obektlar bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilyapti.
Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan har bitta obekt bo‘yicha tegishli hujjatlar “Yagona buyurtmachi xizmat injiniring” kompaniyasidan chaqirtirib olingan. Har bitta obekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari, ularning ekspertizasi, o‘tkazilayotgan tanlov-tender jarayonlarining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun tartib-taomillariga va qonunosti normativ aktlarga muvofiqligi o‘rganib chiqilmoqda. Hozirda tekshiruv deyarli boshlanish nuqtasida turibdi va yakunlari bo‘yicha o‘zimizning xulosamiz, yakuniy fikrimizni bayon qilamiz”, - dedi u.
Agentlik rasmiysi Zafarbek Qo‘chqorov o‘rganish bosqichlariga, ularning natijadorligiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi ehtimolini nazarda tutib, ishchi guruhi tarkibi oshkor etilmasligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyati hokimligi qoshidagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK rahbari Muhiddin Qodirov va “Qishloq qurilish invest” MChJ IK Andijon viloyat filiali rahbari Ravshanbek Jabborqulov milliardlab davlat buyurtmalarini o‘zlari va qarindoshlariga tegishli kompaniyalar o‘rtasida “taqsimlagan”.
Davlat obektlarini qurish va ta’mirlashda manfaatlar to‘qnashuvi holatlari ro‘y bergani bo‘yicha Andijon viloyat prokuraturasi ham o‘rganish olib borayotgani aytilgandi.
Mavzuga oid
10:11 / 18.12.2024
Uy-joy qurilishida yangi tizim joriy etilishi mumkin
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
17:42 / 16.12.2024
7,2 mlrd so‘mlik tender savdolari ixtiyoriy ravishda bekor qilindi
19:53 / 11.12.2024