Jahon | 23:16 / 09.01.2021
16446
2 daqiqa o‘qiladi

Gretsiya hukumati rossiyalik milliarderga xususiy orolda kurort qurishga ruxsat berdi

 Dmitriy Ribolovlev orolni 2013 yilda Aristotel Onassisning merosxo‘ri Afina Onassisdan 120 mln dollarga sotib olgandi.

Foto: Wikipedia

Gretsiya hukumati 2020 yil dekabri oxirlarida rossiyalik milliarder Dmitriy Ribolovlevning qizi Yekaterinaga tegishli Skorpios orolida kurort qurishga ruxsat berdi. Bu haqda Greek Reporter nashriga tayanib Forbes xabar berdi.

Bu boradagi investitsion rejani atrof-muhit va energetika, kemasozlik va orol siyosati, turizm vazirlari hamda rivojlanish va investitsiyalar vaziri o‘rinbosari imzoladi, deb yozmoqda Keep Talking Greece nashri.

Rejaga ko‘ra, maydoni 9420 kv. metrli mehmonxona, basseynlar, sun'iy ko‘l, yo‘llar, vertolyot maydoni, parrandachilik fabrikasi, fermalar, otxona, uzumzor va mevazorlar barpo etiladi.

 Bundan tashqari, orolning sharqiy va janubiy taraflarida joylashgan, uning sobiq egasi Aristotel Onassis yashagan uylar ta'mirlanadi. Skorpios porti kengaytiriladi va modernizatsiya qilinadi.

Loyiha qiymati 165 mln yevro deb baholanmoqda, u 2024 yil yozida yakuniga yetkaziladi.

Dmitriy Ribolovlev orolni 2013 yilda Aristotel Onassisning merosxo‘ri Afina Onassisdan 120 mln dollarga sotib olgandi. Orol xaridori sifatida esa uning qizi nomidan ish yurituvchi kompaniya ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid