O‘zbekiston | 18:38 / 09.01.2021
15675
4 daqiqa o‘qiladi

MIB “Turonbank”ning sobiq xodimi “yeb ketgan” 851 mln so‘mni omonatchiga undirib berdi

“Turonbank”ning Zangiota filialiga 2009 yilda omonatga qo‘yilgan 100 ming AQSh dollari bank sobiq xodimi tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan edi. Bank boshqaruvi bilan uzoq davom etgan “kurash”da omonatchilarning qo‘li baland keldi.

Majburiy ijro byurosi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farrux Toshpo‘latovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ijro hujjatlari doirasida 2020 yil 3 dekabr kuni undiruvchilar Z.Musaxo‘jayevaning foydasiga 425 mln 678,5 ming so‘m va F.Musaxo‘jayevaning foydasiga 425 mln 678,5 ming so‘m, jami 851 mln 357 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ ATB “Turonbank” Zangiota filialidan to‘liq undirilgan.

F.Musaxo‘jayeva foydasiga undirilgan summa 2020 yil 4 dekabr kuni uning bank plastik kartasiga o‘tkazib berilgan. Undiruvchi Z.Musaxo‘jayeva 2020 yil 7 oktyabr kuni vafot etganligi sababli, belgilangan tartibda qonuniy merosxo‘r tayinlanguniga qadar uning foydasiga undirilgan summa byuroning Zangiota tuman bo‘limi depozit hisob raqamida saqlab turilishi belgilangan.

Marhuma Z.Musaxo‘jayevaning o‘g‘li Sh.Musaxo‘jayevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 2020 yil 21 dekabr kuni ATB “Turonbank” qarshi sudga yangi da'vo arizasi kiritgan. Bunga sabab esa fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2019 yil 10 iyundagi hal qiluv qarori bilan «Turonbank» Zangiota filiali hisobidan omonatchilarga qaytarilishi kerak bo‘lgan jami 851 mln 357 ming so‘m miqdoridagi omonat puli 100 ming AQSh dollarining qiymati sud qarori chiqqan sanadagi kurs bo‘yicha hisoblangan. Bank sud qarorlari va ijro hujjatlari ustidan shikoyatlar berib, undiruvni 1,5 yilgacha kechiktirgani ortidan ushbu davr mobaynida so‘m AQSh dollariga nisbatan qadrsizlangan. Shularni inobatga olib, Sh.Musaxo‘jayev omonat summasining 2020 yil dekabrdagi kurs bo‘yicha hisoblanishi va o‘rtadagi farqi ham to‘lab berilishini talab qilmoqda. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, farq qiymati 96 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz saytida «Turonbank»ning Zangiota filiali tomonidan fuqarolar Ziyoda va Fotima Musaxo‘jayevalarning 100 ming AQSh dollari miqdoridagi omonat pullari sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bo‘lishiga qaramay, qaytarilmayotgani haqida maqola e'lon qilingandi.

«Turonbank» Respublika boshqaruvi maqolaga munosabat bildirib, omonat mablag‘ini bankning 2009–2010 yillarda ishlagan sobiq xodimi firibgarlik yo‘li bilan egallagan deb hisoblashini va bunga ishonishini, shu bois mazkur masala Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan qo‘shimcha tergov harakatlari yakunlangandan so‘ng ommaviy axborot vositalarida muhokama qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lishini ta'kidlagandi.

Ma'lumot uchun, Savdo-sanoat palatasi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi “Turonbank” ATB Zangiota tuman filiali manfaatida ma'muriy sudga ariza kiritib, Majburiy ijro byurosi Zangiota tuman bo‘limining bank filialiga qarashli avtotransport vositalariga nisbatan qidiruv e'lon qilish va band solish haqida 2019 yil 29 oktyabrdagi qarorini haqiqiy emas deb topishni, shuningdek, band solingan avtotransport vositalarini banddan chiqarishni so‘ragan. Toshkent viloyat ma'muriy sudining 2020 yil 11 noyabrdagi qarori bilan ariza qanoatlantirishdan rad etilgan.

Mavzuga oid