O‘zbekiston | 12:32 / 11.01.2021
11933
4 daqiqa o‘qiladi

«Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining «Xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Qaror bilan xotin-qizlar muammolarini «Ayollar daftari»ni yuritish orqali tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vaqtinchalik tartib tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, har bir sektor kesimida mahallabay «Ayollar daftari»ga 30 yoshdan oshgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar, boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand xotin-qizlar, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar, uy-joyini ta'mirlashga muhtoj I guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar, noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a'zolarining nomida turar joyi mavjud bo‘lmagan xotin-qizlar,  qaramog‘ida bir yoki undan ortiq I va II guruh nogironligi bo‘lgan bolalari mavjud yolg‘iz ayollar, tibbiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar,  huquqiy yordam olishga muhtoj xotin-qizlar,  psixologik maslahatga muhtoj xotin-qizlar kiritiladi.

«Ayollar daftari» xotin-qizlarning muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlari har yarim yil birinchi oyining dastlabki 15 kunida uyma-uy yurib o‘rganilgan holda yuritiladi. Unga ko‘ra, xotin-qizlarning muammolari anketa-so‘rovnoma orqali aniqlanib, aniqlangan muammolar 3 kundan oshmagan muddatda xotin-qizlarning shaxsiy individual anketalariga kiritiladi.

Shunga ko‘ra, 1 kun muddatda individual anketalar ko‘rib chiqiladi. Shundan keyin 3 kundan oshmagan muddatda anketa ma'lumotlari idora va tashkilotlarning ma'lumotlari bilan solishtiriladi hamda ayollarning ijtimoiy himoyaga muhtojlik darajasi aniqlanadi.

«Ayollar daftari»ga kiritiladigan xotin-qizlarning ro‘yxatlari hamda ularning muammolarini bartaraf etishga qaratilgan «Yo‘l xaritasi» loyihasi 7 kundan oshmagan muddatda Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga kiritiladi.

Tasdiqlangan ro‘yxatlar 3 kundan oshmagan muddatda Mahalla yagona axborot tizimi dasturiga kiritilib, shu asosda vaqtinchalik tartibda belgilangan xizmatlar ko‘rsatiladi.

Qarorga ko‘ra, «Ayollar daftari»ga kiritilgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha (33 mln 450 ming so‘m) miqdorda kreditlar ajratiladi.

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan to‘rt baravarigacha (446 ming so‘mdan 892 ming so‘mgacha) miqdorda bir martalik moddiy yordam berilishi mumkin.

Bir martalik yordam olgan xotin-qizlar «Ayollar daftari»dan chiqarilmagan yoki bir yil ichida qayta kiritilgan hollarda bir martalik moddiy yordam bir kalendar yili davomida bir marotaba beriladi.

Sektorlar rahbarlari hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘ining xulosasi asosida «Ayollar daftari»ga kiritilgan xotin-qizlarga turar joy ijara kompensatsiyasi to‘lab beriladi.

Turar joy ijarasi to‘g‘risidagi shartnoma 2021 yil 31 dekabrga qadar bo‘lgan muddatga tuzilib, to‘lovlar ijaraga beruvchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lanadi.

«Ayollar daftari»ga ikki va undan ortiq ortiq masalalarini hal etish uchun kiritilgan xotin-qizlarning barcha masalalari to‘liq hal etilgach, daftardan chiqariladi.

Mavzuga oid