O‘zbekiston | 14:35 / 12.01.2021
10979
3 daqiqa o‘qiladi

2021 yil soliq siyosati. DSQ e'tiborida bo‘lgan asosiy masalalar ma'lum qilindi

Soliq bazasini yashirish va soliq to‘lashdan qochish maqsadida mahsulot narxlarini pasaytirish holatlari yuzasidan choralar kuchaytiriladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini(QQS) qaytarish bilan bog‘liq holatlar qayta ko‘rib chiqiladi.

Davlat coliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 11 yanvar kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida davlat budjeti ijrosiga xavfi yuqori bo‘lgan 5ta yo‘nalish belgilab olinganini ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Import tovarlar yetkazib beruvchi 1700dan ortiq korxonalar 10 trillion so‘mdan ortiq xorijiy mahsulotlarni olib kirgan, ammo «1,4 trillion so‘mlik mahsulot sotganman, qolganini sotganim yo‘q», deb umumiy miqdorning 13 foizini ko‘rsatyapti, bu soliq bazasini yashirish holatlariga olib kelyapti», – dedi Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari.

Raisning birinchi o‘rinbosariga  ko‘ra, soliq to‘lashdan qochish maqsadida mahsulot narxlarini pasaytirib, hisobotlarni taqdim etish holatlari ham uchrab turibdi va joriy yilda bunga qarshi choralar kuchaytiriladi.

Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘ini(QQS) qaytarish bilan bog‘liq holatlar qayta ko‘rib chiqiladi.

Ta'kidlanishicha, ko‘p korxonalar, eksport qiluvchi firmalar soxta bitimlar tuzib, to‘lanmagan QQS soliqlarini davlat budjetidan undirish holatlari sodir bo‘lgan. Buning oldini olish maqsadida, elektron hisob-fakturalar tizimi joriy qilindi va hujjatlar almashinuvi to‘liq avtomatlashtirgan holda tovarlarni ishlab chiqarishdan to uning sotuvigacha bo‘lgan davri tahlil qilinishi rejalashtirilgan.

Mubin Mirzayevning aytishicha, joriy yil davomida davlat budjeti qo‘shimcha zaxira manbalar bilan to‘ldirilishi maqsad qilingan.

Budjetning yalpi ichki maxsulotga (YaIM) nisbatan 1 foiz taqchilligini kamaytirish va yana 1 foiz miqdorda qo‘shimcha zaxiralarni topish asosiy maqsadlardan biridir.

Avvalroq, Moliya vazirligi 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga soliq solish tartibiga kiritilgan asosiy o‘zgarishlarni ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid