O‘zbekiston | 19:32 / 14.01.2021
54298
2 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Qurbonov general-leytenant bo‘ldi

Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonovga general-leytenant harbiy unvoni berildi. Vazirlik matbuot xizmati Kun.uz'ga bu ma'lumotni tasdiqladi.

13 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhi harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi. 14 yanvar kuni mukofotlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, mudofaa vaziri Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent shahridagi Xalqlar do‘stligi saroyida o‘tkazilgan bayram dasturida ham general-leytenant harbiy unvonli formada mehmonlarga prezident tabrigini o‘qib eshittirgan.

  • Bahodir Nizamovich Qurbonov 2015-2018 yillarda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan, 2018 yil fevralida unga general-mayor harbiy unvoni berilib, Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimiga tayinlangan. 2019 yil fevralida esa u O‘zbekiston mudofaa vaziri sifatida ish boshlagandi.
  • Ma'lumot uchun, general-leytenant harbiy unvoni O‘zbekistonda darajasi jihatidan 3-o‘rinda turadi - armiya generali va general-polkovnik unvonlaridan keyin. 

Mavzuga oid