Jahon | 14:59 / 14.01.2021
6877
2 daqiqa o‘qiladi

JSST missiyasi Uhanga yetib keldi

Ekspertlar mahalliy olimlar, shifokorlar bilan suhbatlashadi, shahardagi yovvoyi hayvonlar va dengiz mahsulotlari sotiladigan bozordagi vaziyatni o‘rganishadi.

Foto: AFP via Getty Images

JSST ekspertlaridan iborat guruh koronavirusning kelib chiqishini o‘rganish maqsadida Uhanga yetib keldi.

Avvalroq guruh 12 mamlakat mutaxassislaridan tashkil topishi aytilgandi. Missiya o‘z ishini ikki haftalik karantinni o‘taganidan keyingina boshlashi mumkin.

Ekspertlar mahalliy olimlar, shifokorlar bilan suhbatlashadi, shahardagi yovvoyi hayvonlar va dengiz mahsulotlari sotiladigan bozordagi vaziyatni o‘rganishadi.

JSST va Pekin o‘rtasida Xitoyda koronavirus kelib chiqishini o‘rganish bo‘yicha muzokaralar bir necha oy avval boshlangandi. 5 yanvar kuni JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyyesus rasmiy Pekin tashkilot xodimlarining mamlakatga kirishiga ruxsat bermaganini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy so‘nggi daqiqalarda rad javobini bergan.

Xitoy buni JSST ekspertlarida ayrim hujjatlarning yo‘qligi va delegatsiyani qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rishga oid qiyinchiliklar bilan izohladi.

Xitoyga JSST ekspertlarining birinchi guruhi 2020 yilda kelgandi. Ular virus insonga ko‘rshapalaklardan yuqishi mumkin degan xulosaga kelgan, ammo infeksiya manbasi to‘g‘risidagi savol ochiq qolgandi.

Yana bir guruh iyulda borishi ko‘zda tutilgandi, ammo mamlakatga faqat ikki nafar mutaxassis kiritildi. Ular Uhanga borishmadi va navbatdagi missiyalar tashrifiga tayyorgarlik miqyosini o‘rganish bilan cheklandi.

 

Mavzuga oid