AQShda erkak bir necha oy aeroportda koronavirusdan yashirinib yurgan
AQSh politsiyasi o‘zi yashaydigan shtatda koronavirusga chalinishdan qo‘rqqani sababli Chikago (Illinoys shtati) aeroportida 3 oy yashirinib yurgan kaliforniyalikni hibsga oldi.
36 yoshli Aditya Singx Chikagoga 2020 yil 19 oktyabrda kelgan va o‘shandan beri mahalliy O'Xara aeroportini tark etmagan. Erkak 16 yanvarda shaxsini tasdiqlovchi guvohnomani taqdim qilish so‘ralganda qo‘lga olingan. Singx tekshiruv vaqtida aeroport xodimlaridan biriga tegishli beyjni ko‘rsatgan.
Aniqlanishicha, erkak ona shtatida koronavirusga chalinishdan qo‘rqib, aeroportda qolishni ma'qul topgan. Uning ta'kidlashicha, u aeroportdagi yo‘lovchilar bo‘lishgan yegulik bilan kun kechirib yurgan. Unga taqdim qilingan davlat advokatining ta'kidlashicha, erkak Los-Anjyeles yaqinida yashaydi, magistr darajasiga egaligi va mehmonxona biznesini o‘rganganiga qaramay ayni vaqtda hech qayerda ishlamaydi.
Erkak koronavirusdan yashirinish uchun nimaga aynan Chikago aeroportini tanlagani noma'lumligicha qolmoqda.
“Bu ba'zi narsalar ko‘zimiz oldidan ilg‘anmay o‘tib ketishi mumkinligini ko‘rsatadi. Aeroportda haftalab sezilmay qolib ketish mumkin”, deb izoh bergan voqeaga transport bo‘yicha mutaxassis Yozef Shviterman.
Erkakka aeroport hududiga noqonuniy kirish va mulkni o‘g‘irlash ayblovi qo‘yilgan. Singx aeroport xodimi beyjini o‘g‘irlamagani, balki uni topib olganini aytgan.
“Ushbu voqea tergov qilinmoqda. Biroq biz ushbu fuqaro aeroport va yo‘lovchilar xavfsizligiga tahdid solmaganini aniqladik. Biz ushbu voqeaning tergovi yuzasidan huquq-tartibot idoralaridagi hamkasblarimiz bilan birgalikda ishlamoqdamiz”, deb aytilgan Chikago aviatsiya departamenti bayonotida.
Sud Singxni 1000 dollar garov puli evaziga ozodlikka qo‘yib yuborgan va unga Chikago aeroportida yana paydo bo‘lishni taqiqlagan. Ta'kidlanishicha, ushbu ish bo‘yicha navbatdagi sud jarayoni 27 yanvarda bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
19:37 / 19.12.2024
Xitoy sun’iy orolda dunyodagi eng yirik aeroportlardan birini quradi
13:24 / 16.12.2024
AQShdagi aeroport noma’lum dronlar tufayli yopildi
13:21 / 16.12.2024
Toshkent aeroporti hududidan fuqaroga do‘kon ochishda yordam va’da qilgan shaxs ushlandi
00:04 / 03.12.2024