O‘zbekiston | 00:11 / 19.01.2021
5935
4 daqiqa o‘qiladi

Yer, suv va texnika uchun jarimalar, 17 ming tonna kam yo‘qotish - «O‘zagroinspeksiya» yillik hisobot taqdim etdi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmuyi ustidan nazorat inspeksiyasining 2020 yildagi faoliyat natijalari bo‘yicha hisobot berildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, «O‘zagroinspeksiya» o‘tgan yili joylarda jami 63 525ta nazorat tadbirlari o‘tkazgan. Ular orqali 2 158ta holatda yerlarning o‘zboshimchalik bilan qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilgani aniqlangan.

«Buning natijasida 117 mlrd so‘mlik zarar hisoblanib, materiallar sudga kiritilgan», – dedi «O‘zagroinspeksiya» axborot xizmati rahbari Xolida Shodiyeva 18 yanvar kungi brifingda.

Suv resurslaridan foydalanishdagi 5,3 mlrd so‘mlik jarimalar

Qayd etilishicha, 2020 yilda suv resurslarini ishlatish bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 2 651ta qonun buzilishi aniqlangan.

Bunda qo‘llanilgan moliyaviy jarimalar 5,3 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Aniqlangan holatlar bo‘yicha korxonalarning mas'ul shaxslariga nisbatan jami 3,5 mlrd so‘mlik 13 680 ta ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilingan.

Traktor va agregatlardan noqonuniy foydalanish uchun belgilangan jarimalar

Xolida Shodiyevaga ko‘ra, 2020 yilda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining 19ta tuman va shaharlarida qishloq xo‘jalik texnikalaridan foydalanish bo‘yicha reydlar o‘tkazilgan.

Bu reydlar davomida 1 730ta traktor va 110ta agregatlardan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan. Bunda 310ta texnika jarima maydoniga olingan, 150ta texnikaning mulk egalari esa jarimaga tortilgan.

Xizmat ko‘rsatishdagi yangiliklar

Ma'lum bo‘lishicha, o‘tgan yili «O‘zagroinspeksiya»ning hududiy boshqarma va bo‘limlari texnik-diagnostika vositalari bilan jihozlangan 14ta «DAMAS» avtomashinasini xarid qilgan.

Shuningdek, ma'lumotlarni kiritish uchun zarur uskunalar bilan ta'minlanib, elektron dasturiy ta'minot ishlab chiqilgan. Jahon andozalariga mos qishloq xo‘jaligi texnikalariga egalik qilish hujjatlari va traktorchi-mashinist guvohnomalarining yangi namunalari joriy etilgan.

«Shu kabi tadbirlar natijasida zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishga hamda vakolatli tashkilotlardan kelayotgan so‘rovnomalarni ko‘rib chiqish muddatini 3–5 ish kunidan 1 ish kunigacha qisqartirishga erishildi», – dedi Shodiyeva.

Nasldorligi yaxshilangan qoramol, qo‘y va echkilar

Hisobotda ta'kidlanishicha, o‘tgan yili naslchilik va seleksiya tadbirlari doimiy nazoratga olinishi natijasida, qoramollarda 10–12 foiz, qo‘y va echkilarda 5–8 foiz, parrandalarda 3–5 foizining zotlari yaxshilanishiga erishilgan.

Erishilgan 17 ming tonna kam yo‘qotish

Xolida Shodiyeva brifing davomida bug‘doyning tabiiy yo‘qotish ko‘rsatkichlari haqida ham ma'lumot berdi.

«Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘yicha 2020 yilda bug‘doyni tabiiy yo‘qotish miqdori 113 ming tonna belgilangan edi. Amalda esa 96 ming tonnani yoki prognozga nisbatan 17 ming tonna tabiiy yo‘qotish miqdori iqtisod qilinishiga erishildi», – dedi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, 2020 yilda urug‘lik paxta yetishtiruvchi 3 614 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 180 337 tonna sifatli urug‘lik paxta xomashyosi tayyorlangan.

Mavzuga oid