O‘zbekiston | 14:23 / 21.01.2021
27889
11 daqiqa o‘qiladi

«Binolar juda tez qurib tashlanyapti». Arxitektura-qurilish instituti mutaxassislari bilan suhbat

10 yanvar kuni Jizzax shahrida yangi qurilgan ko‘p qavatli bino qulab tushdi. Buning ortidan odamlarda qurilishlar sifatiga shubha ortdi.

Kun.uz muxbiri shu mavzuda Toshkent arxitektura va qurilish instituti professori Said Mahmudov va kafedra mudiri, dotsent Samariddin Majidovga murojaat qilib, mutaxassis sifatida holatga munosabat bildirishni so‘radi.

Jizzaxdagi holatda qanday xatoga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkin?

— Birinchidan, bu bino shaharning bosh rejasiga kiritilmagan. Ya'ni mana shu hududda ko‘p qavatli binolar qurish mumkin emas. Rejalashtirish ham mumkin emas. Ikkinchidan, konstruksiya noto‘g‘ri qilingan, konstruksiyaning birinchi va ikkinchi qavatlari noturar joyga mo‘ljallangan. Ular yuqoridagi kuchlarni ko‘tarib turishga mo‘ljallanmagan, tepasiga 4 qavat qurilgan, 4 qavatning hammasi karkasdan qilingan va oraliqlari g‘isht bilan to‘ldirilgan.

Qolaversa, g‘isht bilan ustunning bog‘lanishi yo‘q. Agar bog‘lanish bo‘lganida, bunday holat bo‘lmasdi. Shu bois, yuqoridagi yuk katta bo‘lgani sababli tepa qismi ag‘darilib ketgan. Chunki pastdagi ustunlar noturar joy uchun tiklangan. Yana binoning yerto‘lasi ham bor. O‘sha yerto‘lada konsol chiqarib qo‘yibdi. U konsolga ham yuqoridan og‘irlik tushadi. Shu sababdan yuqoridagi og‘irlikni ko‘tarolmasdan mana shunday holat yuz berdi.

Bino loyihalashtirilganidan keyin ekspertizadan o‘tgani yoki o‘tmagani haqida menda ma'lumot yo‘q. Menimcha, ustunning ko‘ndalang qismini tanlashda hisob-kitob noto‘g‘ri bo‘lgan. Chunki ko‘ndalang qism yuqoridagi kuchga bog‘lanib tanlanadi. Ko‘ndalang kesim kichik bo‘lsa-yu, tepadan tushayotgan kuch og‘ir bo‘lsa, ustun qulab tushadi.

Toshkent shahrida ham bugungi kunda qurilayotgan ayrim binolar ustunga barpo qilinmoqda va ularning g‘isht devorlari ustunlarga kirishib ketmagan, bog‘lanmagan. Shunday barpo qilish mumkinmi?

— Bu ustun va ustunning oraliq masofasiga bog‘liq. Agar ustunlar oralig‘i uzoq bo‘lsa, devorning o‘zi ham og‘irlik tushmasdan ag‘darilib ketishi mumkin.

Bundan tashqari, g‘isht devor urilayotganda ma'lum bir qatorda armaturalar qo‘yiladi. Armatura ustunga bog‘lanadi, qolgan qismi g‘isht qatorlariga kirib turadi. O‘sha narsa yo‘lga qo‘yilmayapti. (Jizzaxdagi holatda) 4 qavatdan tushayotgan og‘irlikni pastdagi ustun ko‘tara olmagan, shuning uchun ham qulab ketgan.

Qolaversa, 6 qavat bino qurish mana shu hududdagi rejaga mos emas. Bundan tashqari, ishlatilgan materiallar ham – g‘ishtdan tortib qorishmaning materialigacha – talabga javob bermaydi. Uni montaj qiladigan, teradigan, quradigan odamlar ma'lum bir bilimga ega emas. Ular, mening bilishimcha, bir kunlik ishga kelgan odamlar. Kelgan va bajarib ketgan, ertaga buning hisob-kitobiga hech kim javob bermaydi.

Binoni shu darajaga olib kelishiga sababchi bo‘ladigan qanday materiallar ishlatilgan bo‘lishi mumkin?

— Bino qurilishida ishlatiladigan materiallarning har birining o‘z marka va sinflari bor. Sababi, bino loyihalashtirilgan vaqtda smeta qismida har bir materialning markasi kiritiladi. Tsement 400 markali bo‘ladigan bo‘lsa, 400 markalini ishlatish kerak.

Bugungi kunda, qurilish obektigacha 400 markali sement yetib kelmayapti. Bu – birinchi katta kamchiligimiz. Shuningdek, olingan sementlarni ortiqcha muddatda saqlab turish. Saqlash muddati o‘tgani sayin sement kuchi yanada pasayib boraveradi.

Bundan tashqari, ularda ishlatilgan mayda hamda yirik to‘ldiruvchilar – qum va shag‘allarning tarkibidagi chang miqdorlari albatta bog‘lovchining sifatiga ta'sir qiladi.

«Binolar juda tez sur'atda qurilmoqda»

— Mamlakatimizda qurilayotgan binolarni oladigan bo‘lsak, juda ham tez sur'atda qurilmoqda. Ammo qo‘yilgan poydevor kamida bir yil qolib, cho‘kishi kerak. Poydevor qo‘yilganidan keyin zaminda joylashguncha biz shoshib uni ko‘taradigan bo‘lsak, yuqoridagi holatlarga duch kelib qolamiz.

Shu sababli quruvchi-muhandislar, loyihachilar va ishchilar – hamma o‘z ishini belgilangan muddatda qilsa, bunday holatlarga duch kelmaymiz. G‘isht bilan devor uriladigan bo‘lsa, ustunga bog‘lovchi bilan kirishishi kerak.

Bitta kamchilikni hammamiz tan olishimiz kerak: nazorat yo‘q.

Aslida har bir qavat bitganida g‘ishtlar bog‘lanishini mutaxassis xodimlar borib tekshirishi kerak edi. Mutaxassis tekshirmasdan 2-qavat qurilmoqda. G‘isht teruvchi esa, faqat g‘isht terishni biladi. U yerda ustun tayyor turibdi, orasiga g‘isht terib ketmoqda. Oraliq qancha katta bo‘lsa, g‘ishtning o‘zini terib qo‘ysangiz ham ustunga bog‘lanish bo‘lmasa, g‘isht ma'lum bir vaqtdan keyin o‘zidan o‘zi yiqilishi mumkin.

Zilzilada bu qanday xavf tug‘dirishi mumkin?

— Birinchi navbatda oraliq masofa hisobga olinishi kerak. Oraliq 6 metrli ustunga yuqoridan tushayotgan kuchga nisbatan uning ko‘ndalang kesimi ham to‘g‘ri kelishi kerak.

Bitta oddiy g‘isht 2,5–2,7 kg.ni tashkil etadi. 18 metr kvadrat joy bo‘ladigan bo‘lsa, taxminan 600 dona g‘isht ketadi va og‘irligi bir tonnadan ortiq bo‘ladi. Qulagan binoga nazar soladigan bo‘lsak, birinchi va ikkinchi qavati maishiy xizmat ko‘rsatish binosi, undan so‘ng turar joy binosi bo‘lganidan keyin, bularni hisobga olish kerak edi.

Shu bilan birga, qavatlar oralig‘iga oraliq qoplamalar qo‘yiladi. U ham og‘ir betondan qilinadi va uning og‘irligi ham ustunga tushadi. Ustun bilan ustunni o‘zaro bog‘lab turuvchi rigel ham bo‘ladi. U og‘irlik kuchini ustunga beradi. Geometrik shakl o‘zgarib ketadi. Oniy o‘zgaruvchan sxema hosil bo‘ladi va bu og‘irlik kuchlarining hammasi kelib poydevorga tushadi. Poydevorga tushayotgan paytda ko‘ndalang kesim kichkina bo‘lsa, tepadagi og‘irlik poydevorgacha kelmasdanoq o‘z muvozanatini yo‘qotadi.

Jizzaxdagi binoning poydevori ham cho‘kkani aytildi. Poydevor nega cho‘kadi?

— Poydevor cho‘kmasligi uchun geolog va geofiziklar o‘sha qurilish maydonining tuproq tarkibini tekshirishi talab etilardi. Ma'lum bir chuqurlikni kavlasangiz, shag‘al, qum kelib chiqadi. Ya'ni qum va shag‘al suvga to‘yingan bo‘lishi mumkinligini aniqlay olardi.

Ilgarilari ko‘p qavatli uy poydevori bir yil cho‘ktirib qo‘yilardi. Hozir bir oyda bino tiklanmoqda. Poydevor qurilganda ham ob-havo, betonning markasi hisobga olinmayapti. U 28 sutkada qurishi kerak. Bizda qurilish kombinatlar bor, ular ham davlat standartlari asosida ishlaydi, lekin qurilish materiallarining sifatini tekshirmayapti.

«Xorijlik quruvchilar o‘z laboratoriyalariga ega»

— Hozirda chetdan kelib qurayotganlar o‘zining laboratoriyasi bilan kelgan. Unda betonning markasi, poydevor, ora yopma plitalarni tekshirib, oraliq kesimlar va loyihani yana qayta ko‘rib chiqib, keyin qurilishni davom ettirishga ruxsat bermoqda.

Shu o‘rinda ta'kidlash lozim, ruxsat bergandan keyin nazorat ham bo‘lishi kerak. Jizzaxdagi binoni qurganlar esa, mutaxassis emas, menimcha, loyihani ham ekspertizadan o‘tkazmagan. Qolaversa, hozirda, xususiy loyihalash firmalari bor, o‘shalardan o‘tgandir, balki.

Tadbirkor qurilishga katta mablag‘ ajratar ekan, unga tender e'lon qilishi, binoni kim quradigan bo‘lsa, uning barcha moddiy-texnik bazasi yetarli ekanini tekshirishi shart.

Hozir bizda yana bir jihatga e'tibor berilmayapti, ya'ni bugungi dunyo qurilishida qurilish qorishmalari va betonlarni ishlab chiqarishda ularning mustahkamligini oshiruvchi qo‘shimchalardan foydalanilmoqda. Bizda esa, bu joriy qilingani yo‘q.

Kelgusida mana shunday xatolarning oldini olish uchun nima qilishimiz kerak?

— Har bir binoning turiga qarab qurilish me'yorlari bor. Ana shu me'yoriy qoidalarga e'tibor berib, qurilish rejalashtirilgan hududni yaxshilab tekshirish kerak. Poydevor qo‘yishdan oldin cho‘kish holatini aniqlash uchun ma'lum bir vaqt berilishi lozim.

1996 yildan boshlab me'yoriy hujjatlar ishlab chiqildi va har bir soha bo‘yicha alohida me'yoriy hujjatlar qabul qilingan. Agar mana shu me'yoriy hujjatlarga amal qilib qurilsa, bunday holat yuz bermaydi.

Istalgan joyga kelib, hokim yo tadbirkorning xohishiga ko‘ra, 6 yoki 9 qavatli bino qurish mumkin emas.

***

Kun.uz muxbiri yuqorida bildirilgan fikrlardan kelib chiqib, bino karkas usulida barpo qilinganida oraliq devorlarning ustunlarga kirishmasligi qanchalik xavfsiz, degan savol bilan Qurilish vazirligi rahbarlariga murojaat qildi.

Vazir o‘rinbosari Kozim To‘laganovning izohlashicha, oxirgi yillarda g‘ishtdan og‘irlik ko‘taruvchi emas, faqat devor sifatida foydalanilmoqda.

«Oxirgi yillarda karkaslar binoning butun kuchini ko‘tarishga mo‘ljallangan, g‘isht ularda og‘irlik ko‘taruvchi emas. Ya'ni g‘isht devorlar to‘ldiruvchi vazifasini o‘taydi, karkas bilan kompleksni tashkil etmaydi. G‘isht ko‘taruvchi sifatida belgilanganida boshqa masala edi. Ularning barchasining loyihasida karkas ko‘taruvchi», – dedi To‘laganov.

Qurilish vaziri Botir Zokirov masalaning boshqa bir tomoniga e'tibor qaratdi.

«Ayrim binolarda ustun va rigel orasida g‘isht izolyatsiya qilinadi. Bu – kuchli zilzila sodir bo‘lganida o‘sha devor tashqari tomonga qulashini anglatadi. Binoning o‘zi qulamasligi kerak. Albatta, bu 7 qavatgacha bo‘lgan uylarning loyihasida nazarda tutiladi. Qolganlarida 50 qavat bo‘lsayam turadi, yiqilmaydi», – dedi vazir Botir Zokirov.

Mavzuga oid