Banklarga iste'molchilar bilan munosabatlarda yangi talablar belgilandi
Bank mijozlarga masofaviy xizmat ko‘rsatganda shartnoma shartlari bilan to‘liq tanishtiradi hamda mijozlar oldida o‘z xodimining harakatlari uchun javobgar bo‘ladi. Shuningdek, bank o‘zining mobil ilovasida iste'molchi uchun shaxsiy kabinet yaratishi shartligi belgilandi.
2021 yil 14 yanvarda Markaziy bankning «Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi ma'lum qilindi
Hujjatga muvofiq, bank mijozlarga masofaviy xizmat ko‘rsatganda, (masalan, mobil ilovalar orqali) shartnoma tuzilishidan oldin, masofaviy tizim orqali shartnoma shartlari bilan tanishib chiqish va undan nusxa olish imkoniyatini yaratib berishi lozim.
Bundan tashqari, bank xodimi o‘z xizmat vazifasini bajarishi davomida omonatchiga zarar yetkazsa, bunday holatda bank omonatchi oldida o‘z xodimining harakatlari uchun javobgarligi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, iste'molchi omonat mablag‘lari haqida bankka bormasdan ma'lumot olishini ta'minlash maqsadida bank o‘zining internet-banking tizimida va mobil ilovasida iste'molchi uchun shaxsiy kabinet yaratishi va iste'molchiga uning shaxsiy kabinetida u bilan tuzilgan omonat shartnomalariga doir ma'lumotlardan foydalanish imkoniyatini ta'minlab berishi shartligi ma'lum qilindi.
Avvalroq, Kun.uz saytida «Turonbank»ning Zangiota filiali tomonidan fuqarolar Ziyoda va Fotima Musaxo‘jayevalarning 100 ming AQSh dollari miqdoridagi omonat pullari sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bo‘lishiga qaramay, qaytarilmayotgani haqida maqola e'lon qilingandi.
«Turonbank» Respublika boshqaruvi maqolaga munosabat bildirib, omonat mablag‘ini bankning 2009–2010 yillarda ishlagan sobiq xodimi firibgarlik yo‘li bilan egallagan, deb hisoblashini va bunga ishonishini, shu bois mazkur masala Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan qo‘shimcha tergov harakatlari yakunlangandan so‘ng ommaviy axborot vositalarida muhokama qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lishini ta'kidlagandi.
Keyinchalik, Majburiy ijro byurosi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farrux Toshpo‘latovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ijro hujjatlari doirasida 2020 yil 3 dekabr kuni undiruvchilar Z.Musaxo‘jayevaning foydasiga 425 million 678,5 ming so‘m va F.Musaxo‘jayevaning foydasiga 425 million 678,5 ming so‘m, jami 851 million 357 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ ATB «Turonbank» Zangiota filialidan to‘liq undirilgan.
«Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarorda ta'kidlanishicha, bankdan kredit oluvchi fuqaro kreditning qoplanmagan qismidan ortiq summada garov ta'minoti summasini kamaytirish huquqiga ega bo‘ladi.
Banklarda to‘lov amalga oshirish yoki bank kartasidagi pulni naqdlashtirish jarayonida karta PIN-kodini mijozning o‘zi terishiga imkoniyat berish talabi qo‘yildi.
Mavzuga oid
19:03 / 16.12.2024
Mahalla bankirlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
10:41 / 30.11.2024
Bankdagi tanishlari orqali tadbirkorga 10 mlrd so‘m ajratib berishini aytgan shaxslar ushlandi
08:51 / 29.11.2024
Banklar balansidagi issiqxona va sexlar tadbirkorlarga berilishi mumkin
09:59 / 23.11.2024