O‘zbekiston | 13:02 / 23.01.2021
10539
2 daqiqa o‘qiladi

Jahongir Obidjonov: «Bugungi elektr energiyasi uzilishlariga sabab – tarmoqlarning 60 foizi eskirgan»

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonovning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, respublikada havo sovishi oqibatida elektr energiyasida sodir bo‘layotgan uzilishlarga sabab – tarmoqlarning eskirganligida.

Bir necha kundan buyon mamlakatimizning barcha hududlarida Rossiyaning (Moskva viloyati) Yevropa hududidan kirib kelgan sovuq antitsiklon ta’siri sezilmoqda. Aksariyat hududlarda kuchli shamol va qor bo‘roni kuzatilmoqda. Shunday kunlarda bir nechta viloyatlarda elektr energiyasida uzilishlar yuzaga keldi. Bunday holat 2020 yilning dekabr oyi oxirida havo harorati pasayganda ham kuzatilgan edi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» mutasaddisi Jahongir Obidjonovning so‘zlariga ko‘ra, yurtimizda 240 ming km.dan ortiq elektr tarmoqlari va 86 mingta transformator mavjud. Hozirgi kunda bularning 60 foizi eskirgan, chunki yillar davomida bularni modernizatsiya va qayta qurish ishlariga e’tibor berilmagan. 2017 yildan boshlab bunga e’tibor qaratilmoqda. 2016 yilda eskirganlik darajasi 80 foiz edi. Shundan beri liniyalarni yangilash ishlari bajarilib, bu ko‘rsatkich 60 foizga tushgan. Hozirda tarmoqlarda modernizatsiya va qayta qurish ishlarini davom ettirish bo‘yicha 5 yillik dastur ishlab chiqilmoqda.

«Haqiqatdan ham shu kunlarda havo harorati sovishi oqibatida elektrda juda ko‘p uzilishlar bo‘lyapti. Bunga sabab tarmoqlarning eskirish darajasi yuqoriligi. Barcha viloyatlar va respublikada navbatchilik shtabi tashkil qilingan. Yuz berayotgan avariyalarni tezkor bartaraf etish ishlari olib borilyapti. Qor bo‘roni va shamol boshlangandan beri xodimlarimiz dam olmasdan talafotlarni bartaraf qilishyapti»,- deydi Jahongir Obidjonov.

Mavzuga oid