O‘zbekiston | 19:24 / 25.01.2021
8765
3 daqiqa o‘qiladi

Mirzacho‘lda aholi e'tiroziga sabab bo‘lgan ammofos ishlab chiqarish korxonasini ko‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi

Kun.uz saytida Mirzacho‘l tumani Ipak yo‘li mahallasida ammofos ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona faoliyatiga oid maqola e'lon qilingandi. Maqolada o‘g‘it korxonasidan tarqalayotgan hid va tutun aholini bezovta qilayotgani aytilgandi.

Mirzacho‘l tuman hokimligi axborot xizmati Jizzax viloyat SEO va JSB sanitariya gigiyena laboratoriyasi xodimlari tomonidan hududning atmosfera havosida zaharli gaz va chang miqdorini aniqlash uchun namunalar olinganini ma'lum qilmoqda.

«Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani Ipak yo‘li QFYda yashovchi bir guruh fuqarolarning murojaati yuzasidan joriy yilning 22 yanvar kuni «Zilol buloq» MChJga qarashli ammofos ishlab chiqarish sexidan chiqayotgan zaharli gazlarning inson organizmiga salbiy ta'siri viloyat SEO va JSB hamda viloyat ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganildi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, «Zilol buloq» MChJga qarashli ishlab chiqarish sexi va aholi orasidagi sanitariya himoya zonasi sanitar qoida va me'yorlarga 1000 metrni tashkil etmagani, ya'ni amalda 210-230 metrni tashkil etishi aniqlandi.

Bugungi kunda ammofos ishlab chiqarish sexi ishlamayapti.

O‘rganish davomida Jizzax viloyat SEO va JSB sanitariya gigiyena laboratoriyasi xodimlari tomonidan atmosfera havosida zaharli gaz va chang miqdorini aniqlash uchun namunalar olindi.

O‘rganish natijasi bo‘yicha «Zilol buloq» MChJ rahbari D.Qodirovga Mirzacho‘l tumani SEO va JS bo‘limining 2021 yil 22 yanvardagi 120-sonli xati bilan bir oy muddat ichida ishlab chiqarish sexini boshqa joyga ko‘chirish yoki ushbu aholi yashash punkti bilan oraliq masofani sanitariya qoidalari va me'yor talablari darajasiga keltirish, shuningdek ushbu sexni boshqa maqsadda ishlatish uchun o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi», — deyiladi tuman hokimligi axborot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyat ekologiya boshqarmasi kimyoviy o‘g‘it sexi uchun ekoekspertiza xulosasi olinmaganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid