O‘zbekiston | 08:38 / 26.01.2021
23337
11 daqiqa o‘qiladi

Ofisiant yordamchisidan senior dasturchigacha: MasterCard'da ishlayotgan o‘zbek yigiti bilan suhbat

Saidbek Arislonov 27 yoshda. Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘rta maxsus ta'limni tibbiyot yo‘nalishida olgan bo‘lsa-da, hozirda AQShda MasterCard kompaniyasida full-stack dasturchi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Saidbek «Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusida ofitsiant yordamchiligidan senior dasturchilikkacha bo‘lgan yo‘li, AQShda dasturchilar qancha daromad ko‘rishi, sohasining murakkabliklari haqida gapirib berdi.

«AQShda ham daraxtda pul o‘smaydi»

— Hozirda MasterCard kompaniyasida senior dasturchi sifatida ishlamoqdaman. Menga Hindistondan jamoa berilgan. O‘z jamoam bilan kompaniya B2B platformasining bir necha tildagi versiyasini ishlab chiqish ustida ishlamoqdamiz.

2012 yilda dadam grin-kard yutganlari uchun AQShga ketganmiz. O‘shanda 18 yoshda edim. Bu mamlakatga kelib ko‘rganim shu bo‘ldiki, daraxtda pul o‘smas ekan.

Yangi muhit men uchun katta o‘zgarish bo‘lgan. Ofisiant yordamchisi bo‘lib restoranga ishga kirganman. Hatto ofitsiant ham emas, uning yordamchisi. Yordamchining vazifasi idish-tovoqlarni yig‘ishtirish bo‘lgan. O‘sha yili AQShda Sendi to‘foni bo‘lgan va men ishlayotgan restoranni ham suv bosgan.

Keyinchalik dorixonaga ishchi bo‘lib ishga kirdim. Mijozlarning uyiga buyurtmani yetkazib berish, yuk tashish kabilar vazifamga kirardi. O‘sha paytda New York Sity College of Technology'ga o‘qishga ham kirdim. 2 semestrni ish bilan parallel olib bordim. 3-semestr boshlangach, Uber'ga haydovchilikka o‘tsang, yaxshi pul ishlaysan deyishdi. O‘qishim bo‘lgani uchun dars qilaman desam pul kamayib ketar, ko‘p pul topaman desam o‘qishim tushib ketardi. Ikkisini ham yaxshi eplolmay, yana ikki yarim yil yuramanmi deb o‘ylaganman.

Shu paytda Virjiniyada yashaydigan akam bu shtatga ko‘chib kelishni, bu yerda IT'ni tez o‘rganib, ishga kirib ketish mumkinligini taklif qilganlar. Virjiniyaga ko‘chib ketdim. Kechqurun pitssa yetkazib berish xizmatiga ishga kirdim. Beshdan kechki o‘n ikki-birgacha pitssa tashiganman. Ertalab to‘qqiz-o‘ndan beshgacha faqat darsda bo‘lganman.

«Bozorda «savalangach», kamchiliklarimni bilganman»

— Bu paytda dasturlash hozirgidek juda ommalashib ketmagandi. O‘rganishim juda qiyin bo‘lgan. Chunki kerak-kerakmas narsalarni ham o‘rganaverganman. YouTube'da videolarni ko‘rib borganman. Boshida juda ko‘p intervyulardan yiqilganman. Hali yana tayyorlanishim kerak ekan, deb ortga qaytmoqchi bo‘lib turganimda bir kompaniya ishga olgan.

AQShda ham dasturchilikni o‘rganish oson emas. Talab juda katta, yangi narsalar chiqayotgani uchun ko‘p talab qo‘yiladi. Lekin bu ilojsiz degani emas, hammasi o‘rganish mumkin bo‘lgan narsalar.

O‘rganish jarayonida o‘zimni qorong‘i joyda ketayotgandek his qilganman. The New Boston degan YouTube kanalda 10–15ta darsni ko‘rib, bo‘ldi, dasturlash tilini o‘rgandim deb o‘ylaganman. Lekin bu hali yuzdan biri ekan.

Nimani bilishim kerakligini hech kim aytmagan. Bozorga chiqqanimdan keyin, intervyuga borganimda meni o‘rtaga olib savol bilan «savalashgandan» keyin kamchiliklarimni bilganman, nimalarni o‘rganishim kerakligini tushunganman.

Har bir intervyuga borganimda xato qilgan nuqtalarimni yozib olardim va navbatdagi suhbatga shularni bilib o‘rganib borardim. 11-intervyuga borganimda hamma bilganlarimni so‘rashgan va muvaffaqiyatli o‘tganman.

«Ular faqat dastur yozadigan emas, o‘zi bilan birga qahva icha oladigan odam izlashadi»

— Bitta kompaniyada uzoq ishlamayman. Shartnoma asosida 6 oy – 1 yil ishlayman. Chunki yangi kompaniya bu yangi jamoa, yangi texnologiya, bu yangi tajriba demakdir.

Tajribamdan aytishim mumkinki, ishga kirishda sizni intervyu qiladigan odam 50 foiz texnik bilimlaringizga, 50 foiz muomalangizga qaraydi. Faqatgina texnik kuchingizni emas, avvalgi tajribangizdan qanaqa xulosalar chiqarganingizni ham inobatga olishadi.

Insoniylikka ham katta e'tibor beriladi. Ular ishga olayotganda faqat dastur yozib o‘tiradigan odam emas, birga qahva ichib, gaplashib o‘tira oladigan odamni ham olayotganini yaxshi tushunadi.

Hozirda mening oliy ma'lumotli degan diplomim yo‘q. AQShda ko‘pchilik oliy ta'limga ega bo‘lish shart emas, deb aytadi. Universitetda o‘rgatiladigan narsalar internetda ham bepulga bor. Massachusets texnologiyalar instituti, Stenford kabi nufuzli oliygohlarning darslari ham bor. Lekin baribir katta ustozlarim o‘qish kerakligini aytishadi. Kattaroq lavozimga ishga o‘tishda bakalavr va magistratura kerak bo‘ladi, o‘qib qo‘ygin deyishadi.

Umuman olib aytganda, AQShda senior dasturchi bo‘lish uchun diplom so‘ralmaydi. Tajribangiz va texnik bilimingizga qaraladi.

AQShda dasturchilar qancha daromad topadi?

— Dasturlashni boshlagan odam 2–3 haftada o‘zini shu sohada ko‘ra olish-olmasligini sezadi. Mayda kod yozib o‘tirish, xatolarni izlashga hammaning ham sabri yetmaydi. O‘zini shu sohaga urayotganlarning juda ko‘pchiligi hozir puliga qiziqishyapti.

3 oylik kurs bitirsang, shuncha daromadli kasb egasi bo‘lasan degan chaqiriqlar ham bo‘lyapti. Lekin odamlar faqat puliga qiziqib boryapti. 1–3 oy zo‘rg‘a bitiradi, ammo chuqur o‘rganmagan.

Dasturlash juda katta sabr talab qiladi. Mayda-chuyda narsalarga bosh qotirib o‘tirish, bitta narsaga haftalab tikilib o‘tirish holatlari, asab buzilishlari bo‘ladi. Dasturchi shunga moslashishi kerak.

AQShda senior dasturchilar yiliga o‘rtacha 120 mingdan 150 ming dollargacha oladi. Silikon vodiysidagilarniki bundan ham ko‘proq, lekin u yerda narxlar ham shunga yarasha qimmat. Bu daromad faqatgina AQShda. O‘zbekistonda buni va'da qilib bo‘lmaydi.

Dasturchilikka kirib kelayotganlar qachon pul topishni boshlayman deb rosa ko‘p so‘rashadi. Ularga aytmoqchi bo‘lganim – rizq Allohdan. Biz faqat harakat qilamiz. Asosiysi yo‘lga tushish kerak.

Masalan, hozirgi kompaniyamda ishlashim juda bemalol. Ikki hafta uchun oldindan reja qilinadi. Ishni ikki kunda tugatib qo‘yaman. Silikon vodiysida ham dasturchilar kuniga 10–20 qator kod terishadi. Bunga 10 daqiqa vaqt ketadi. Ammo bunaqa bo‘lishi uchun yo‘lga kirib olib, ozgina tajriba to‘plab olish kerak. Keyin bemalol o‘tirish mumkin.

Muhimi, so‘rashdan uyalmaslik kerak. Har kuni savol bilan bezovta qilgan shogirdlarim yaxshi ishlarga kirishgan.

O‘zim ham avval katta loyihani ko‘rib, bo‘shayman, ishlay olmayman deb o‘ylaganman. Birinchi ishimga borish-kelishda motivatsion audiolar eshitardim. Har kuni aniq bo‘shayman, deb o‘ylardim. Lekin kelib, o‘z ustimda ishlardim. Buning uchun ham ancha mashaqqat kerak. Seniorlikka yetguncha avval junior bo‘lganman.

«Dasturlashni bolalikdan o‘rgatish kerak»

— Amerika bozoriga Hindiston konsalting kompaniyalari kirib olgan. Buyurtmalarini faqat hindlarga qildiradi, begonaga bermaydi. Chunki kompaniyalarning rahbarlari – hind. Amerikada istalgan IT-kompaniyaga borsangiz, kamida yarmi hind bo‘ladi. Sababi hindlarga kichkinaligidan matematika, dasturlash o‘rgatiladi.

Bizda ham dasturlash ko‘proq yosh bolalarga o‘rgatilishi kerak. Faqatgina prezident, xususiy maktablarda emas, eng oddiy maktablarda ham dasturlash o‘qitilishi kerak. Maktabda o‘rganmasa, onlayn o‘rgansin. Yoshligidan qiziqtirish kerak.

AQShda bola kichikligidan dasturlashni o‘rganaman desa hamma imkoniyat bor. O‘qitish jamoat maktablarida ham yo‘lga qo‘yilyapti. Boshida o‘yin bilan o‘rgatiladi. Lego, robotlar yasaydi. Ham o‘ynaydi, ham dasturlashni o‘rganadi.

«Bitta o‘yin keltiradigan daromad butun boshli davlat budjetidan ko‘p bo‘lishi mumkin»

— O‘zimning 18 yoshdagi holatimni ko‘rganimda, «faqat va faqat o‘rganish kerak», degan bo‘lardim. Chunki sharoit va imkoniyat bor. Bu paytda ro‘zg‘or tashvishi yo‘q. Faqat o‘tirib o‘qish kerak. Agar harakatni bundan ham vaqtliroq boshlaganimda, balki hozirgidan ham yaxshiroq bo‘lardi.

Maqsadni katta qo‘yish kerak. Ba'zida bitta videoo‘yinning daromadi butun boshli bir davlat budjetidan ortib ketib qoladi. Misol uchun, belarus va ukrainlar autsorsingga ishlaydi. Belarus budjeti – chetdagi loyihalardan keladigan pullar. Bizda esa paxta teriladi, oltin sotiladi. Undan ko‘ra, bitta IT mahsuloti chiqarilsa, o‘sha pul keladi.

Rossiyaga ketishadi, lekin u yerda katta oylik olishmaydi. Nari borsa 500 dollar oylik. Agar dasturchi bo‘lsa, bundan ko‘pini o‘zimizda ham topsa bo‘ladi. Odam o‘zi berilib o‘qiydigan bo‘lsa, Rossiyaga borish shart emas.

Qizig‘i, kadrlar ish topa olmayapman deyishadi, ish beruvchilar esa kadr yo‘q deyishadi. Haqiqatan ham eng zo‘r kadrmisan, desa, hech kim javob bera olmaydi.

«Nima qilsam «vauv» deb meni ishga olasiz?» deb so‘rashadi. Loyihalaringni ko‘rsat, o‘zing qilgan ishlarni ko‘rsat, kurslardagi sertifikatingni ko‘rsat. Peshonasidan o‘pib ishga olaman.

Top universitetlarning darslari tekinga turibdi. Faqatgina o‘z ustida ishlash kerak, hayron qoldira olish kerak. O‘quv markazlarini bitirganlar qancha. Lekin ular orasida boshqalarga qaraganda ortiqcha harakat qilganlargina natijaga erishadi.

Mavzuga oid