Jahon | 19:35 / 29.01.2021
18654
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston 2023 yildan lotin alifbosiga o‘tishni boshlaydi. Yangi alifboning so‘nggi namunasi tasdiqlandi

Qozog‘iston 2023 yildan lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tishni boshlaydi. Yangi alifboning so‘nggi namunasi tasdiqlangan. Bu haqda Qozog‘iston bosh vazirining rasmiy sayti xabar bermoqda.

Xabarda qayd etilishicha, 28 yanvar kuni bosh vazir Asqar Mamin raisligida qozoq alifbosini lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tkazish bo‘yicha Milliy komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda lotin yozuviga asoslangan qozoq alifbosining yangi namunasi taqdim etilgan va tasdiqlangan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda lotin alifbosiga o‘tish haqida chiqarilgan ilk qarordan so‘ng, alifboning 40 dan ortiq namunasi, shuningdek, qozoq tili imlosi va klaviaturada harflar qanday tartibda joylashtirish loyihalari ko‘rib chiqilgan.

«Takomillashtirilgan yangi alifbo lotin alifbosining 31 ta asosiy belgilari orqali qozoq tilining 28 ta tovushini to‘liq qamrab oladi.

Qozoq tilining o‘ziga xos ә (ä), ө (ö), ү (ü), ұ (ū) i g‘ (ğ), sh (ş) tovushlari xalqaro amaliyotda tez-tez ishlatiladigan diakritik belgilar: umlaut (¨), makron (ˉ), sedil (¸), brevis (˘) bilan belgilanadi», deyiladi xabarda.

Ta'kidlanishicha, yig‘ilishda yangi alifbo qozoq tilining yozma amaliyotida mustahkamlangan «bir tovush — bir harf» tamoyiliga mos kelishi ma'lum qilingan. Yig‘ilish qarorida, yangi alifboga 2023 yildan o‘tish, 2031 yilgacha bosqichma-bosqich o‘tib bo‘lish rejasi tasdiqlangan.

Bundan tashqari, yig‘ilishda lotin alifbosiga asoslangan qozoq alifbosining yangi namunasi klaviaturada qanday tartibda joylashtirilishi ham tasdiqlangan.

«Takomillashtirilgan namunadagi yangi alifbo qozoq tilining rivojlanishiga yangi turtki beradi va uni zamonaviy an'analarga mos ravishda rivojlanishiga hissa qo‘shadi. Kelgusida qozoq tilining lotin yozuviga asoslangan alifboga bosqichma-bosqich o‘tishi uchun tayyorgarlik ishlari olib borilishi kerak», degan Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin.

Hukumat rahbari qozoq tilining lotin yozuviga asoslangan takomillashtirilgan alifbosi bo‘yicha aholi o‘rtasida keng targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib borishni buyurgan.

Ma'lumot uchun, Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev 2017 yilning aprelida hukumatga qozoq tiliga asoslangan lotin alifbosiga o‘tish grafigini tayyorlash vazifasini topshiradi. O‘sha yili oktyabrda lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tish farmonini imzolaydi.

2018 yil 20 fevral kuni yangi qozoq alifbosini tasdiqlovchi farmonga imzo chekadi. O‘shanda, yangi alifboda 32 harf bo‘lishi va apostrof bo‘lmasligi, yangi alifboga o‘tish jarayonini 2025 yilgacha yakunlash ko‘zda tutilgandi.

2018 yilda Qozog‘iston gerbidagi «QAZAQSTAN» yozuvi «QAZAQSTAN» yozuviga o‘zgartirildi.

2019 yil mamlakatning yangi prezidenti lotin yozuviga asoslangan yangi alifboga o‘tishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid