O‘zbekiston | 15:36 / 31.01.2021
38093
8 daqiqa o‘qiladi

«Rizq – Allohdan». Seuldagi o‘zbek restoratori - qanday qilib pulsiz va tajribasiz biznes boshlagani haqida

Xorijda yashash va ishlashning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Musofir yurtda biznes boshlash va uni muvaffaqiyatli yuritib ketish esa undan-da mashaqqatli.

Halol xizmat ko‘rishni o‘z oldiga maqsad qilib, Janubiy Koreya poytaxti Seul shahrida mo‘jazgina restoranga asos solgan Mahmud Abdullayev ham musofirchilikning og‘ir sinovlarini boshdan kechirgan.

«Lazzat» restorani – Seuldagi birinchi halol o‘zbek milliy taomlari oshxonasi. Uning asoschisi elchixona tadbirlari, xalqaro ko‘rgazma va festivallarda ham faol ishtirok etib, o‘zbek milliy taomlarini xorijliklarga tanitib kelmoqda.

O‘tgan yili Mahmud Abdullayev O‘zbekistonning «Turizm fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. 2020 yilda «Lazzat» restoranida o‘zbek milliy taomlarini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi. Shuningdek, Mahmud Abdullayev Discovery kanalining «Hello Plate» loyihasida Koreyadagi dunyoning to‘rt nafar eng kuchli oshpazlari bilan o‘zaro bellashdi.

Kun.uz'ning Koreyadagi muxbiri «Lazzat» restoranida bo‘lib, Uzbek.Life loyihasi doirasida Mahmud Abdullayev bilan suhbatlashdi.

— Mahmud aka, barchasi qanday boshlangan? Koreyaga kelishingizga va mana shu yo‘lni tanlashingizga nima sabab bo‘lgan?

— 2009 yilda O‘zbekistonda avtomobil ehtiyot qismlari savdosi bilan shug‘ullanar edim. U vaqtlarda bir do‘stim Koreyaga qatnab yurar edi. U menga: «Mahmud aka, biz bilan Koreyaga borib, original ehtiyot qismlarini tanlab bersangiz, ularni O‘zbekistonga jo‘natishni yo‘lga qo‘ysak, nima deysiz?» deb taklif berdi.

Shu do‘stim sababli 2009 yil kuzida Janubiy Koreyaga kelib, avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, zavodlarni o‘rgana boshladik.

— «Lazzat» oshxonasini ochishingizga nima turtki bergan?

— Koreyaga 2009 yilda kelgan bo‘lsam, 2013 yil bahoriga qadar turli xil ishlarni qilib, oilam, farzandlarimdan uzoqda musofirchilikning nonini yeb yurdim. Keyin 2013 yil bahorlarida ayolimni ham olib keldim.

U vaqtda Anvar aka ismli hamyurtimizning do‘konlarida go‘sht tarqatib yurar edim. Bir oshxonaga go‘sht olib borganimda: «Oshxona bor, sotib olmaysizmi?» deb qolishdi. Shunda do‘stim Xurshidbekka: «Faqat quruq go‘shtni sotaveramizmi, endi buni pishirib ham sotaylik», dedim. Bu taklifim ularga ham ma'qul bo‘ldi va biz bu restoranni ochishga shartnoma tuzdik.

Shartnomani 2013 yil avgust oyida tuzgan bo‘lsak, oktabr oyida O‘zbekistonga qaytib, farzandlarimni o‘qishlarini ko‘chirib, Koreyaga olib kelganman. Restoran ochilganiga ham mana 7 yil bo‘libdi.

— Koreyada yashaydigan chet elliklar uchun eng asosiy muammolardan biri – koreys tili. Koreyalik mijozlar bilan suhbatlashishda, umuman kerakli hujjatlarni yurg‘izishda qiyinchiliklar bo‘lmadimi?

— Koreys tilini bilmasdik, ingliz tilimiz ham u darajada zo‘r emas. Uning ustiga, koreyslar ham ingliz tilini biz bilganchalik bilishmaydi. Koreys tilida yozishni ham, so‘zlashishni ish jarayonida, ustoz ko‘rmasdan, o‘zimiz dehqonchasiga o‘rgandik. Hozirda hech qayerda o‘qimay turib, koreys tilida bilim darajasini aniqlash bo‘yicha test (TOPIK)da ikkinchi darajani olganman.

— Restoran 2013 yilda ishga tushgan bo‘lsa, bir yildan so‘ng siz Koreya Turizm tashkilotining «Turizm restorani» sertifikatini qo‘lgan kiritgan ekansiz. Mana shu mukofotga qanday sazovor bo‘lgansiz?

— Har bir ishning zamirida halollik yotishi kerak, deb hisoblayman. Biz birinchi bo‘lib Seul shahrida halol o‘zbek oshxonasiga asos soldik. Oshxonamiz avval O‘zekistondan kelgan koreyslar tomonidan yurg‘izilgan, nomi «Bon appetit» edi. Boshida nomini o‘zgartirmoqchi bo‘ldik. Lekin yaqinlar maslahatlashganimizda, ular koreyslar o‘zbekcha nomni yaxshi bilmasligini, kelib turgan mijozlarni ham yo‘qotib qo‘yish mumkinligini aytishdi. Shunda eski nomda faoliyatni davom ettirdik.

Kafe nomi – «Bon appetit»; mijozlar kelib steyk, pasta so‘rashardi. Biz esa osh, lag‘mon, sho‘rva tayyorlab qo‘yganmiz, lekin odamlar menyuni ochib, taomlarni tanimay, chiqib ketishardi. Ishonasizmi-yo‘qmi, steyk qilishni o‘rgandim. Avvaliga achchiq deyishdi, keyin qattiq deyishdi. 3 oy uxlamay, o‘rganib-izlanib nihoyat mazali steyk qilishni o‘rgandim.

Lekin bir kuni koreys do‘stim kelib, bir kunda 5ta steyk sotgandan ko‘ra, o‘z milliy taomlaringni tayyorlashga urg‘u bergin, deb maslahat berdi.

Bir kuni oshxonamizga «T-Mon», «Coupang»da ovqatlarni sotadigan tashkilot vakillari kelib, kafe yangi ochilibdi, reklama qilamizmi, deb taklif qilishdi. Ular uchun maxsus taomlar tayyorladik. Ular taomlardan tatib ko‘rishdi, video orqasidan esa ketma-ket izohlar keta boshladi. Mijozlar soni ham birdaniga orta boshladi.

2014 yilda esa Koreyaning mashhur «Naver» saytida oshxonam nomi yozila boshladi. Keyin Turizm tashkiloti tashrif buyurib, mijozlar orasida chet elliklar ko‘pligi sababli «Turizm restorani»ga aylanish taklifini berishdi. Albatta, buni o‘ziga yarasha talablari bor edi. Barcha talablarini bajonidil bajardim va maxsus guvohnomani qo‘lga kiritdim.

Ana shundan so‘ng, oshxona nomini o‘zgartirishga qaror qildik. Turli nomlarni ko‘rdik: Toshkent, Samarqand, Buxoro, Bekobod (o‘zim bekobodlikman), vodiy, choyxona, shabada... Xayolimga lazzat degan nom keldi va internetni izladim, Koreyada bunaqa nomdagi korxona yo‘q ekan. Ma'nosi ham chiroyli, ko‘plarga tushunarli, restoran uchun mos nom. Shu tariqa, oshxona nomini o‘zgartirdik.

2015 yilda Koreyaning taniqli «KBS» xalqaro telekanali vakillari kelib, kafe haqida, oilamiz haqida ko‘rsatuv olishni taklif qilishdi. Shu ko‘rsatuvda boshimizdan o‘tgan barcha qiyinchiliklarni, savdo yurg‘izishdagi mashaqqatlarni ochiq ko‘rsatib berishgan.

Allohning qudratini qarangki, shu ko‘rsatuvdan keyin Yaponiyadan atayin restoranga mehmonlar keldi. Amerikadan, Malayziyadan tashrif buyurishdi. Ular bilan hozirgacha bordi-keldi qilamiz.

O‘sha vaqtlari Koreyada halol mahsulotlar kam edi. Eng qizig‘i, Saudiya Arabistonidan bir oila ikki sumka halol mahsulotlarni biz uchun atayin jo‘natdi. Allohning rahmatini qarangki, men o‘sha ko‘rsatuvda taqvo qilib, o‘g‘limga do‘konda shubhali narsani yema, halol emas degandim; Alloh Taolo menga Makkadan shu halol narsalarni yetkazdi.

«Restoran ochishda menga ishonch bergan inson – ayolim»

— To‘g‘risi, Koreyaga kelmasimdan oldin hattoki tuxum ham pishirmaganman. Koreya kelib, hali oshxona ochmasimdan avval go‘sht do‘konida ishlab, uncha-muncha go‘sht pishirib ko‘rdim, kotlet, shashliklar tayyorladim. Lekin bu oshxonani ochishimda menga ishonch bergan inson – ayolim.

Ayolim O‘zbekistonda akamning kafesida oshpaz bo‘lib ishlagan, deyarli hamma milliy taomlarni pishirgan. Oshxonani ocharkanman, taom tayyorlash borasida ishonganim ayolim bo‘lgan.

Keyinchalik o‘zim ham o‘qidim. Hozir somsadan boshlab desertgacha hamma taomlarni tayyorlay olaman.

Suhbatni to‘liq shaklda Kun.uz'ning YouTube sahifasida tomosha qiling.

Feruza Avazova suhbatlashdi.

Mavzuga oid