O‘zbekiston | 08:12 / 01.02.2021
19434
2 daqiqa o‘qiladi

Nikoh qayd etilgani yoki nikohda turmasligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani onlayn olish mumkin 

Nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki ajralganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomani onlayn olish mumkin, deb xabar bermoqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali.

“Har oyda minglab yurtdoshlarimizdan ushbu ma'lumotnoma so‘raladi. Endi uni olish uchun FHDYo bo‘limlarida navbat kutishlar ortda qoldi. Ushbu xizmat Yagona portalda ham ko‘rsatiladi va sizni vaqtni behuda sarflashdan qutqaradi”, - deyiladi ma'lumotda.

Qayd etilishicha, ariza beruvchi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tib, ma'lumotnoma to‘ldiradi. So‘ng, belgilangan miqdordagi to‘lovni amalga oshiradi. So‘rovnoma FHDYo organiga yuboriladi.

FHDYo organi QR-kod qo‘yilgan ma'lumotnomani rasmiylashtiradi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuboradi.

Agar so‘rovnomada so‘ralayotgan ma'lumotlar FHDYo organida mavjud bo‘lmasa, u tegishli ravishda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish arxivlariga yuboriladi va bu haqda arizachi xabardor qilinadi.

Xizmat 3 ish kunida ko‘rsatiladi. To‘lov miqdori - Yagona portal orqali murojaat qilinganida bazaviy hisoblash miqdorining 4,5 foizi.

Mavzuga oid