Jahon | 09:32 / 03.02.2021
7915
2 daqiqa o‘qiladi

Nike qo‘l yordamisiz kiyish mumkin bo‘lgan ilk krossovkalarni taqdim etdi

AQShning Nike brendi qo‘l yordamisiz kiyish mumkin bo‘lgan birinchi krossovkalarni taqdim etdi.

Kompaniyada ta'kidlanishicha, Go FlyEase nomli krossovkalar jismoniy imkoniyati cheklangan odamlar uchun juda asqatadi va pandemiya davrida sirtlarga qo‘l bilan tegishni minimallashtirish sog‘liqni saqlashdagi muhim jihatga aylangan bir vaqtda dolzarb bo‘ladi. 

Nike sport poyabzali uni o‘rtasidan ikki qismga bo‘luvchi va oyoqlar kirishi uchun ko‘proq joy hosil qiluvchi sharnir mexanizm bilan jihozlangan. Krossovkalar yechilganda uning old qismi yuqoriga ko‘tarilib, orqa qismi esa pastga tushadi. Poyabzalni kiyish uchun uning ichiga oyoqni tiqib, tovonga bosish yetarlilik qiladi.

E'tiborlisi, Go FlyEase’ning bog‘ichi bo‘lmay, uning o‘rniga tagcharm atrofida joylashgan rezinka qo‘llanadi. U oyoqni poyabzalda mustahkam ushlashga yordam beradi.

Krossovkani ishlab chiqqan mutaxassislarning ta'kidlashicha, hammasi oddiy bo‘lib, sport poyabzaliga ko‘nikish uzoq vaqt talab qilmaydi.

Krossovka 120 dollar narxdan 15 fevraldan cheklangan miqdorda, 2021 yil oxirida esa keng sotuvga chiqariladi.

Mavzuga oid