O‘zbekiston | 17:05 / 08.02.2021
16328
5 daqiqa o‘qiladi

«Disney darajasida personajlar yaratmoqchiman» - xorij uchun multfilm tayyorlovchi animator bilan suhbat

G‘olibjon Sanokulov 28 yoshda. Buxoro viloyati Olot tumanidan. Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat institutida tahsil olgan. WhiteLine Animation studio asoschisi. 3D animator va VFX Supervisor. U hozirda xorij bozori uchun multfilmlar tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda. Buning ortidan 1 soniyalik tayyor mahsulot uchun 100 dollargacha daromad oladi.

«Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusida G‘olibjon animatsiya imkoniyatlari, uni puxta o‘rganish mashaqqatlari haqida gapirib berdi.

«Birovning qo‘liga qarab ishlay olmasligimni tushunganman»

— Yoshligimda oilamizda «faqat va faqat o‘qish» degan tarbiya bo‘lgan, o‘qish uchun barcha sharoit yaratilgan. Dadam hisobchi bo‘lganlari uchun oilada hammamiz o‘zimizni shu yo‘nalishda tasavvur qilganmiz. Men bu sohada ishlab ham ko‘rdim, lekin bu o‘zim xohlagan yo‘nalish emasdi.

Oilada erkatoyroq bo‘lib o‘sgandim. Maktabda, kollejda paxta terimlariga chiqmaganman. Qarindoshimizning yordami bilan ishga kirganimdan keyin esa ataylab paxta terimiga yuborishdi. O‘shanda to‘yimga 10 kun qolgandi. Hasharotlardan qo‘rqardim, meni olib ketinglar deb qarindoshimizga telefon qilganman. Shunda akam: «Hozir mashina yuboraman, seni olib qaytadi, lekin ishdan bo‘shatishadi. Qanday qilib xotiningni boqasan?» deganlari qattiq ta'sir qilgan.

Shundan keyin birovning qo‘liga qarab ishlay olmasligimni, buning uchun boshqa ish topishim kerakligini tushunganman. Avval videomontaj, keyin esa 3D sohasiga kirib keldim. Juda ko‘p vaqtimni o‘rganishga sarflaganman. 3 yilimning har bir kuni o‘rganishga ketgan. YouTube'da boshlang‘ich darslarni o‘rganish mumkin. Yuqoriroq darajalarni o‘rganish uchun esa dasturlarni sotib olishingiz kerak.

2018 yilda qo‘shiqchilardan birining klipida animatsiyalarni tayyorlab berganimdan keyin ishlarim yurishib ketgan. O‘shanda 15 ming dollarga baholangan ishni 400 dollarga qilib berganman. Lekin aynan o‘sha ishim orqasidan 15 ming dollardan ko‘proq pul topganman, juda ham ko‘p buyurtma kelgan.

Animatsiya nima?

— Animatsiya montajdan farqli soha. U – 3D yo‘nalishlaridan biri. Uning arxitekturadan farqi shundaki, real muhit kayfiyatini yaratib berishi kerak. Arxitektura loyihasida hamma narsa toza va ideal holatda bo‘ladi. Bizda esa bunday emas. Muhitni real, hayotdan olingandek ko‘rsatish uchun binolarni sal nuraganroq holda, ko‘chalarni baklajka yotgan holatda tasvirlash kerak. Klip, kino va roliklarda iloji yo‘q narsalar, xayoliy dunyo hosil qilinadi.

Shuningdek, personaj animatsiyasi ham bor. Bunda eskiz bo‘yicha 3D model yaratiladi, keyin tekstura qilinadi. Render qilganda personaj chiroyli chiqishi kerak. Sheyding orqali yoritilgach, suyak qo‘yib chiqiladi. Bu bosqichlarning har biri bilan alohida mutaxassis shug‘ullanadi.

3D-modellashtirish, animatsiya, personaj yaratishning barcha bosqichlarini to‘liq o‘rganish uchun o‘rtacha 13 oy kerak bo‘ladi.

O‘zimning ham Disney darajasida personaj yaratish va uni animatsiya qilish niyatim bor. Bitta personaj ustida ishlash uch oy vaqt oldi. Buning uchun hafsala bo‘lishi kerak. Karantin paytida Dreamworks'dagi animatorlardan birining ishiga taqlid qilib personaj animatsiyasini tayyorladim, feysbukka joyladim. Shundan keyin juda ham ko‘p, hatto Yaponiya kompaniyalaridan takliflar kelib tushdi, ammo birontasiga javob berganim yo‘q. Chunki ular ustida ishlashga vaqt yo‘q, rad qilishga to‘g‘ri keladi.

Animatsiya, 3D yo‘nalishlarida ishlash uchun diplom kerak emas. Ishga kirmoqchi bo‘lsangiz, ikkita jihatga qaraladi: jamoa bilan ishlay olish ko‘nikmasi va qilingan ishlar portfoliosi.

«Kino ko‘rish emas, uni qanday tayyorlash bilan qiziqish kerak»

— O‘zimning 18 yoshligimni ko‘rganimda faqat va faqat o‘qish, o‘rganishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Ta'lim muassasasida barcha fanlarni birdek o‘rganish kerak. Bitta sohani tanlayman deb qolgan barcha fanlarni yig‘ishtirib qo‘yish noto‘g‘ri. Bu dunyoqarash kengayishiga xizmat qiladi. Qanchalik dunyoqarash keng bo‘lsa, fikrlash shunchalik oson bo‘ladi.

O‘qishga kira olmaganlarga maslahatim – kasb o‘rganishsin. Agar keyingi yil yana yiqilsa, shashti tusha boshlaydi, hafsalasi pir bo‘ladi. Masalan, vaqtini kompyuter o‘ynashga sarflamasin-da, o‘sha o‘yinning qanday yaratilgani bilan qiziqsin. Kino tomosha qilmasin-da, kinoni qanday tayyorlashni o‘rgansin. Har bir inson nimaga qiziqishi va qo‘lidan nima ish kelishini tushungan holda harakat qilishi kerak.

Mavzuga oid