O‘zbekiston | 23:53 / 08.02.2021
4006
2 daqiqa o‘qiladi

Norboyeva: Davlat dasturlarini shakllantirishda NNTlar ishtiroki kengayishi lozim

8 fevral kuni «Faol fuqarolar» umummilliy festivali ochilish marosimida so‘z olgan Senat raisi Tanzila Norboyeva fuqarolik jamiyati institutlarini faollashishga chaqirdi.

Uning qayd etishicha, birinchi navbatda sohani tartibga soluvchi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish, bugungi kun talablariga moslashtirish kerak.

«Qonunchiligimizda haligacha fuqarolik jamiyati tushunchasining o‘zi ochib berilmagan», – dedi Senat raisi.

Norboyevaning fikricha, fuqarolik jamiyati institutlarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar borasida muammolar bor.

«Ular uchun kadrlar tayyorlaydigan institut ham yo‘q, hech qanaqa malaka oshirish kurslari ham yo‘q», – dedi u.

Senat raisining qayd etishicha, jamoatchilik nazoratini ta'minlashda NNTlarning faoliyati yetarli darajada emas.

«Faollik bo‘lsa ham, bu respublika darajasida. Hududlarda fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanganmi-yo‘qmi, ular davlat idoralari bilan qanday hamkorlik qilyapti, degan savollarga ijobiy javob bera olmaymiz».

Tanzila Norboyeva har bir davlat idorasi qoshida jamoatchilik kengashlari tuzishni taklif qildi. «Hozir jamoatchilik kengashlari sanoqli davlat idoralaridagina tuzilgan. Shuni hamma qilishi kerak», dedi senator.

Senat raisi respublika va hududlar miqyosidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda NNTlar ishtirokini kengaytirish kerakligini qayd etdi.

«Dasturlarni shakllantirishda joylardagi fuqarolik jamiyati institutlari, OAV qatnashmayapti. Davlat idoralari, hokimliklar, mutasaddi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilyapti, fuqarolik jamiyati institutlari mutlaqo qatnashmayapti.

Har bir dasturni shakllantirishda va uning ijrosini monitoring qilishda, qilinmagan ishlarni mahalliy kengashlar deputatlariga olib chiqib, shularni qildirishda fuqarolik jamiyati institutlari juda ham katta kuch bo‘lishi talab qilinadi», – ta'kidladi Tanzila Norboyeva.

Mavzuga oid