So‘nggi ikki yilda korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida 371 mlrd so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan – Bosh prokuratura
23 mlrd so‘mlik 21 ta obektni qurish yuzasidan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘tkazilgan tender va tanlovlarda buyurtmachi va pudratchilar o‘rtasida qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati va Hisob palatasi tomonidan respublika va hududiy ishchi guruhlari tuzilib, qurilish, kommunal xo‘jaligi va yo‘l qurilishi sohalarida qonuniylik ahvoli o‘rganilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura saytida ma'lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi ikki yilda korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida respublika bo‘yicha 371 mlrd so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, bu qilmishlar uchun 2477 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
“Afsuski, qurilish, kommunal xo‘jaligi va yo‘l qurilishini amalga oshirish uchun belgilangan tartib-taomillarga rioya qilmaslik, pudratchilarni tanish-bilishchilik yoki pora evaziga tanlab olish yoxud manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish kabi korrupsiyaviy holatlar ko‘plab kuzatilmoqda.
Birgina ijtimoiy tarmoqlarda bu borada deyarli har kuni berib borilayotgan tashvishli xabarlarning o‘zi mazkur holatlarning isbotidir.
Shu bois, korrupsiya illatiga barham berish, qonun ustuvorligi va jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta'minlash maqsadida Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati va Hisob palatasi tomonidan respublika va hududiy ishchi guruhlari tuzilib, qurilish, kommunal xo‘jaligi va yo‘l qurilishi sohalarida qonuniylik ahvoli o‘rganilmoqda”, deya ma'lum qilinadi Bosh prokuratura tomonidan.
Ta'kidlanishicha, qisqa muddatda mazkur sohalarda qonuniylikni ta'minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Ma'lumot berilishicha, jumladan, prokurorlar tomonidan qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida jami 452 ta obektda tekshirishlar o‘tkazilib, ularning natijasiga ko‘ra qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan tegishli davlat organlariga 46 ta taqdimnoma kiritildi. 337 nafar shaxs ma'muriy va 22 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, kelgusida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida 126 nafar mansabdor shaxs yozma ravishda ogohlantirildi.
Prezident topshirig‘iga asosan 1379 ta yangi obektning loyiha hujjatlari qayta ko‘rib chiqilganda, dastlabki qiymatga nisbatan 1,5 trln so‘m yoki 22 foiz xarajatlar ortiqcha va asossiz kiritilganligi aniqlanib qisqartirildi.
Bundan tashqari, Hisob palatasi tomonidan jami 82 ta obektda budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha tekshirishlar o‘tkazilib, 66 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Shu bilan birga, 23 mlrd so‘mlik 21 ta obektni qurish yuzasidan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan o‘tkazilgan tender va tanlovlarda buyurtmachi va pudratchilar o‘rtasida qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Tekshirishlarda aniqlangan jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 111 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishlari qat'iy nazoratga olindi va ayni paytga kelib 24 ta jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilib, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligi ta'minlandi.
Ushbu toifadagi jinoyat ishlari bo‘yicha davlat va jamiyat manfaatlariga 260,7 mlrd so‘mlik moddiy zarar yetkazilganligi aniqlanib, uning 47,6 mlrd so‘mi undirilishi ta'minlandi.
Ayni vaqtda, yetkazilgan zararlarni ixtiyoriy to‘lamasdan kelayotgan, tergov va suddan yashirinishi ehtimoli bo‘lgan 36 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
“Yuqorida qayd etilgan ishchi guruhlar tomonidan olib borilayotgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha esa keng jamoatchilikka muntazam axborot berib boriladi”, deyiladi Bosh prokuratura tomonidan.
Mavzuga oid
16:22 / 28.11.2024
«Shaffof shaharlar» va «Halol tumanlar» dasturlari yo‘lga qo‘yiladi
11:33 / 15.11.2024
“Pora kattalashgan sari suverenitet bilan savdolashish boshlanadi” – faollar bilan suhbat
16:21 / 12.11.2024
1,5 mingga yaqin boshqaruv xodimi qonunga zid tarzda tadbirkorlik qilayotgani aniqlandi
23:25 / 09.11.2024