AQShdan 30ga yaqin o‘qituvchi O‘zbekistondagi maktablarda ishlash uchun keldi
Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov va AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum 9 fevral kuni Toshkent shahridagi 295-maktabga tashrif buyurishdi. Ushbu maktabda O‘zbekistondagi ta'lim muassasalarida dars berish uchun AQShdan tashrif buyurgan 27 nafar ingliz tili o‘qituvchilarini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonga yetib kelib, karantin muddatini o‘tagan guruh koronavirus pandemiyasi boshlangandan buyon Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan AQSh almashinuv ishtirokchilarining ilk guruhidir.
«O‘zbekiston prezidenti parlamentga qilgan murojaatida chet tillarini o‘rganishni bu yilgi ustuvor vazifalardan biri deb ta'kidladi. Shu bois, joylarda ingliz tilini o‘rgatishni yanada yaxshilashga ko‘maklashishi uchun biz AQShdan mutaxassislarni taklif etdik. Bu bizga yuqori maqsadlarga ega «English speaking Nation» loyihamizni amalga oshirishda yaqindan yordam beradi», dedi vazir Shermatov.
«Sizlarni bu yerda kutib olib, ushbu marosimni O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda nishonlayotganimizdan bag‘oyatda xursandman. Siz ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, ingliz tilini xorijiy til sifatida o‘qitish, ilmiy tadqiqotlar va pedagogika bo‘yicha mutaxassisligingizni o‘zbekistonlik hamkasblar bilan baham ko‘rish uchun muhim safarga otlandingiz.
Har biringiz mamlakat bo‘ylab sinfxonalar va ta'lim muassasalarida muhim ahamiyatga molik ishlarga poydevor bo‘lib xizmat qilasiz. Ingliz tilida so‘zlashuvchi mutaxassis sifatida sizlar hukumatlarimizning ingliz tilida ravon so‘zlashuvchi bitiruvchilarni ko‘paytirish va O‘zbekiston yoshlarining ta'limga oid hamda iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish uchun birgalikda maqsadlarimizga katta hissa qo‘shasiz», dedi elchi Rozenblyum o‘z tabrik nutqida.
O‘qituvchilarning aksari mahalliy o‘qituvchilar davrasiga qo‘shilib, sinfxonalardagi darslarda bevosita ishtirok etadi. Guruhdagi yetti kishi esa «English Speaking Nation» dasturi doirasidagi «Murabbiy-trenerlar» nomli pilot loyihada ishtirok etadi. Ularning maqsadi O‘zbekiston o‘rta maktablaridagi chet tili o‘qituvchilariga kasbiy rivojlanish va malaka oshirishda amaliy yordam berishdan iborat. Ushbu dasturni AQSh elchixonasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi granti asosida Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda Amerika kengashlari amalga oshiradi.
Mazkur mutaxassislar Toshkent, Qashqadaryo, Andijon, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Namangan, Surxondaryo, Farg‘ona, Jizzax, Navoiy viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat olib borishi rejalashtirilgan.
295-maktabga tashrif mobaynida AQSh elchisi dars jarayonlarini bevosita kuzatdi hamda o‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbat qurdi. So‘ngra faollar zalida elchi Navoiy g‘azallaridan parcha o‘qib berdi. Shuningdek, maktabning faol o‘quvchilari Navoiyning she'riyatidan o‘qib chiqish qildilar.
Uchrashuv yakunida elchi Deniyel Rozenblyum ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berdi.
Mavzuga oid
21:05 / 24.12.2024
Iroq AQSh qo‘shinlarini o‘z hududida qoldirishga tayyor - OAV
19:49 / 24.12.2024
American Airlines aviakompaniyasi AQShga barcha reyslarni to‘xtatdi
17:40 / 24.12.2024
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
17:05 / 24.12.2024