AQSh Uhandagi mutaxassislar xulosalariga ishonmayapti
Uhanda koronavirus pandemiyasi sabablarini o‘rganayotgan JSST mutaxassislari Xitoy versiyasiga yana bir bor shubha bildirgan rasmiy Vashingtonga keskin javob qaytarishdi.
JSST vakillari o‘zlarining ilk xulosalarini taqdim qilishgach, AQSh bayonot berdi. Mutaxassislar, xususan, SARS-CoV-2 virusi Xitoy laboratoriyalaridan birida yetishtirilgani haqidagi ehtimollarni inkor etgandi.
«Bu virus yoki unga bog‘liq boshqa biri dunyodagi qandaydir laboratoriyada o‘rganilgani haqida xabarlar berilmagan. Bundan tashqari, Uhan virusologiya instituti laboratoriyasini o‘rganib chiqdik, bunday joydan virus sizib chiqqani ehtimoli juda past», degan JSST ekspertlar guruhi rahbari, oziq-ovqat xavfsizligi va zoonoz yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis Piter Ben Embarek.
Koronavirus Xitoyda yaratilgani, keyin esa tasodifan yoki ataylab butun dunyoga tarqatilgani haqidagi mish-mishlar o‘tgan yil yanvaridan buyon tarqala boshlagandi. AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp virus Uhandagi Virusologiya institutida ishlab chiqilgani borasida dalillar borligini aytgandi. Xitoy va JSST avvaldan SARS-CoV-2 laboratoriyada paydo bo‘lgani haqidagi gipotezani rad etib kelgan.
Rasmiy Vashington esa Xitoy taraf harakatlari shaffofligi va xalqaro mutaxassislar taqdim etayotgan ma'lumotlar ishonchliligiga shubha bildirgan.
JSST guruhi a'zolaridan biri, kasalliklar ekologiyasi bo‘yicha mutaxassis Piter Daszak bunga javoban o‘z tvitterida quyidagilarni yozgan: «Tramp davrida real vaziyat bilan aloqasini yo‘qotgan va ko‘plab jihatlarda ochiqcha xato qilayotgan Amerika razvedkasi tarqatayotgan har narsaga ham ishonaverish kerakmas». U guruh imkon qadar aniq ishlashga harakat qilganini ta'kidlab o‘tgan.
Xitoy JSST mutaxassislarini o‘z hududiga qo‘yishga osonlikcha rozi bo‘lmagandi – avval ularning ishlash sharoitlari kelishildi. AQSh tarafining fikricha, bu rasmiy Pekinning ochiq hamkorlikka tayyor emasligidan. Yanvarda JSST missiyasi Xitoyga endi yetib kelganida, Oq uy ma'muriyati qattiqqo‘l va murosasiz tekshirishlardan umidvor ekanini aytib bayonot bergandi. Rasmiy Pekin esa Vashingtondan vaziyatga siyosiy tus bermaslikni so‘ragandi.
Mavzuga oid
15:03 / 10.12.2024
Xitoy koronavirus Uhan laboratoriyasida yaratilganini rad etdi
10:06 / 16.02.2023
Koviddan keyingi sindrom bir necha oy ichida o‘zini namoyon qilishi mumkin - mutaxassis
03:31 / 16.02.2023
Koronavirusning kelib chiqishi bo‘yicha JSST surishtiruvi to‘xtab qoldi
10:02 / 31.01.2023