Light | 15:48 / 15.02.2021
134879
7 daqiqa o‘qiladi

Aksariyat o‘smirlar dardi va foydasiz muolajalar - husnbuzarlarning ko‘pchilikka noma'lum sabablari

85 foizga yaqin o‘smir yoshdagilar va ba'zan o‘smir yoshdan o‘tganlar ham husnbuzardan aziyat chekadi. Gormonlar me'yori buzilishi, gazli ichimliklar, shirinliklar, xlorli suv, ichki kasalliklar yuzdagi toshmalarga sabab bo‘ladi.

Foto: iStock

Yuz terisi parvarishini qachondan boshlash kerakligi, terida paydo bo‘ladigan husnbuzar, toshmalar sababi, ulardan qoladigan dog‘lar va davolash usullari haqida Kun.uz muxbiri tajribali dermatolog-kosmetolog Saida Isamuhammedova bilan suhbatlashdi.

Husnbuzarlar irsiy yo‘l bilan ham o‘tadi

Husnbuzarning teriga toshish davri 2ga bo‘linadi. Birinchisi o‘smirlik davridagi husnbuzar – 14 yoshgacha chiqib, aksariyat hollarda 1-2 yilda o‘tib ketadi. Ikkinchisi – 25 yoshdan keyin boshlanadi va bu kechki husnbuzar kasalligi hisoblanadi. Ikkala davrda ham uning paydo bo‘lish sabablari aniqlanib muolaja qilinmasa, husnbuzarlar o‘rnida dog‘lar qolib ketishi mumkin.

Husnbuzarlar asosan irsiy yo‘l bilan o‘tadi. Deylik, ota-onadan birining yoshligida husnbuzar bo‘lgan bo‘lsa, bu kasallik farzandlarining bittasiga o‘tishi mumkin. Agar ota-onaning ikkisi ham bu kasallikdan aziyat chekkan bo‘lsa, farzandlarining barchasiga husnbuzar toshish ehtimoli bor. E'tibor qilinmasa, ular 30 yoshdan keyin ham yuzda qolib ketishi mumkin.

Gormonlar me'yori buzilishi, gazli ichimliklar, xlorli suv yuzdagi toshmalarga sabab bo‘ladi

Gormonlar o‘zgarganda yoki ularning mutanosibligi buzilganda, endokrinologik va ginekologik kasalliklar paydo bo‘lganda, ovqatlanish tartibi buzilib, ko‘p miqdorda gazli ichimliklar va yengil uglevodlarga boy mahsulotlar iste'mol qilinganda ham yuzga toshma va husnbuzarlar toshishi mumkin. Hammada ham yuqoridagi mahsulotlarni iste'mol qilganda husnbuzar toshmaydi. Ba'zi organizmlar uchun oqsillar ortiqchalik qilib, yuzga toshmalar toshib o‘zini ma'lum qiladi. Shu bilan birga, toshmalar ichki organizmda paydo bo‘lgan kasallik bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Masalan, oshqozon-ichak kasalliklari va qabziyat bezovta qiladigan bemorlarda ham husnbuzar toshadi.

Odatda havoda namlik baland hududlarda yashaydigan kishilar husnbuzardan aziyat chekmaydi. Quruq iqlim mintaqada yashaydiganlarni bu kasallik ko‘proq bezovta qiladi.

Shuningdek, tarkibida xlori ko‘p bo‘lgan suv ichish yoki yuvinish uchun foydalanish ham yuzdagi toshmalarga sabab bo‘lishi mumkin. Xlorli suv yuzni quritadi, natijada yog‘ bezlari keragidan ortiq faollashib, yuzda husnbuzarlar ko‘payib boraveradi. 

Husnbuzarni davolashda qon tahlili, gormonlar me'yorini tekshirish muhim

Teridagi doimiy toshma yoki husnbuzarlarning kelib chiqish sababini aniqlamasdan muolaja qilish samara bermaydi. Odatda ko‘pchilik o‘zidagi bu muammoni hal qilish uchun kosmetologga murojaat qiladi. Ammo bu muolaja vaqtincha bo‘lishi yoki deyarli foyda bermasligi mumkin.

Toshmalar sababini bilish uchun avvalo endokrinolog, dermatolog tekshiruvidan o‘tish zarur. Bunda avvalo bemorning testosteron, progesteron, prolaktin kabi endokrinologik gormonlari me'yorini tekshirish, ulardan tahlil olish talab qilinadi. Gormonlar me'yordan oshib ketgan bo‘lsa, bu vaqtda ultratovush tekshiruviga buyuriladi. Uning natijalariga qarab, bemor dermatolog ko‘rigiga yuboriladi. 
Youtube’dagi videolar bilan husnbuzarlarni davolab bo‘lmaydi

Youtube’da husnbuzar yoki yuzdagi toshmalarni, ulardan qolgan chandiq yoki dog‘larni 1 hafta, 10 kunda ketkazish haqida juda ko‘p videolar joylangan. Professional ko‘rikdan o‘tmasdan turib, teriga turli vositalarni qo‘llash yuz terisini yana ham yomonlashtirishi mumkin. Tarqalgan videolardan marketing va pul ishlash maqsad qilingan, ular hech qanday foyda bermaydi. Youtube’da video ko‘radiganlarning aksariyati o‘smirlar bo‘lgani va husnbuzar bilan bog‘liq muammolar ham aynan o‘smir yoshda ko‘p uchragani sabab bu mavzudagi videolar juda ko‘p joylashtiriladi. Husnbuzar 10 kunda yoki 2 haftada yo‘q bo‘lib ketmaydi.

Husnbuzar yoki toshmani faqat shifokor ko‘rigi, ilmiy asoslangan tibbiy muolajalar bilan davolash mumkin.

Husnbuzarlarning teridan yo‘qolishi minimal 1,5 oydan 6 oygacha cho‘zilishi mumkin. Ko‘pincha endokrinologik muolaja 3 oy, dermatolog va kosmetolog muolajasi 3 oy bo‘ladi.

Bunday vaziyatda bemorga parhez buyuriladi. Shirinliklar, tarkibida yengil uglevod mavjud mahsulotlar: yong‘oqlar, shirin va gazli ichimliklarga ruxsat berilmaydi. Iste'mol qilingan mahsulotlar natijasida 24 soat ichida yuzga husnbuzar chiqishni boshlaydi.

Husnbuzarga qo‘l tekkizilsa, siqilsa o‘rnida dog‘lar qoladi

Ko‘pchilikning yuziga husnbuzar toshganda qo‘l bilan ko‘p tekkizilib, husnbuzar siqilganda va quyoshning ultrabinafsha nurlari ta'sirida dog‘lar qolib ketadi.

Bunday vaziyatda yuzga umuman tegish mumkin emas. Aks holda qariyb 100 foiz bemor yuzida dog‘ qoladi. Ayniqsa bug‘doyrang terilarda dog‘ qolish foizi katta bo‘ladi. Dog‘ qolmasligi uchun bosqichma-bosqich davolash foyda beradi.

Shuningdek, husnbuzarni siqish bundanda og‘ir asoratlarga ham olib kelishi mumkin.

Yuz parvarishini o‘smirlik davridan boshlagan ma'qul

Husnbuzarlar minimal 12 yoshdan, avj davri – 14-16 yoshgacha ko‘payadi. Shu paytdan boshlab yuz parvarishini boshlash kerak. Agar yuzda hech qanday muammo bo‘lmasa, unda yuzni faqat davolovchi gel bilan yuvib, parvarish qilish kifoya qiladi. Yuzni bozor yoki do‘konlarda sotadigan sovun yoki gellar bilan emas, dorixonadagi ilmiy asoslangan mahsulotlar bilan yuvish kerak.

Ota-onalar farzandlari yuzida toshmalarni davolashda, aynan dermatolog-kosmetologga murojaat qilishi kerak. Vaqtida shifokorga qaratilmasa, husnbuzardan dog‘lar va chandiqlar qolishi va natijada ularni to‘liq ketkazish imkonsiz bo‘lib qolishi mumkin.

Quyoshga qarshi krem, sochiqlar terining sog‘lom bo‘lishini ta'minlaydi

Avvalo, ko‘chaga chiqishdan oldin quyoshga qarshi krem surib chiqish tavsiya etiladi. Krem quyoshning ultrabinafsha nurlaridan himoyalab, yosh o‘tgandan keyin dog‘ va tez ajin tushmasligi uchun foyda beradi.

Yuz parvarishida yuzni to‘g‘ri yuvish muhim. Sovun o‘rniga yuzning quruq yoki yog‘lilik darajasiga qarab davolovchi gellar ishlatish zarur. Qiruvchi skrab va  niqoblarni umuman ishlatmaslik kerak. Gelda yuvilgan yuz maxsus losonlar bilan artiladi. Ustidan namlantiruvchi krem surtiladi.

Yuz parvarishida yana bir muhim jihat sochiqlar sanaladi. Har bir oila a'zosining yuz va qo‘l sochiqlari alohida bo‘lishi shart.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi

Mavzuga oid