Sport | 14:33 / 17.02.2021
12195
8 daqiqa o‘qiladi

«Leypsig»ga xatolar qimmatga tushdi. Klopp va «Liverpul» - deyarli chorak finalda

«Leypsig» futbolchilarining ikki qo‘pol xatosidan Muhammad Saloh va Sadio Mane unumli foydalanishdi. «Liverpul» Budapeshtda kerakli hisobda g‘alabaga erishdi - 2:0.

Chempionlar ligasi
1/8 final

«RB Leypsig» (Germaniya) — «Liverpul» (Angliya) — 0:2 (0:0)
Gollar: Saloh, 53 (0:1). Mane, 58 (0:2).
«RB Leypsig» (Germaniya): Gulachi, Klostermann, Upamekano, Mukele (Orban, 64), Anxelino, Kampl (Xvan Xi Chxan, 73), Zabitser, Nkunku, Olmo, Aydara (Poulsen, 64), Adams.
«Liverpul»: Alisson, Roberson, Aleksandr-Arnold, O‘zan Kabak, Vkynaldum, Henderson, Tiagu Alkantara (Oksleyd-Chemberlen, 72), Jons, Robertu Firminu (Shachiri, 72), Saloh (N.Uilyams, 90), Mane.
Ogohlantirishlar: Mukele, 5. Aydara, 5. Nkunku, 52. Anxelino, 65. O‘zan Kabak, 68. Olmo, 76. Henderson, 81.
Hakam: Vinchich (Sloveniya).
16 fevral. Budapesht. «Pushkash Arena» stadioni.

Mehmondo‘st Vengriya
Allaqachon 2021 yil kirib kelgan, 2020 yildagi muammolar esa hech qayerga yo‘qolmagan. Koronavirus hamon chekinmadi, tomoshabinlar tribunalarga qo‘yilmayapti, mamlakatlar xorijiy klublar uchun chegaralarni yopgan. Xususan, Germaniya Buyuk Britaniyada chiqqan koronavirusning yangi shtammidan qo‘rqib, britanlar bilan aviaaloqalarni to‘xtatgan. Nemislar hatto «Liverpul» uchun ham istisno qilishmadi. Shu tufayli «Leypsig» muqobil uy maydoni izlashga majbur bo‘ldi, yo‘qsa jamoaga 0:3 hisobidagi mag‘lubiyat yozilishi mumkin edi — UYeFAning hozirgi reglamentida shunday belgilab qo‘yilgan.

O‘yin uchun joy Budapeshtdan topildi. Vengriya va «Ferens Pushkash Arena» nafaqat «Leypsig»ning «Liverpul»ga qarshi o‘yinini, Menxengladbaxning «Borussiya» va «Manchester Siti» o‘rtasida keyingi hafta o‘tadigan o‘yinni ham qabul qilishga rozi bo‘ldi. «Ferensvarosh» Chempionlar ligasini turnir bosqichidayoq tark etgan, ammo jamoa stadionida pley-off o‘yinlari o‘tkazilmoqda.

Gulachi darvoza to‘rida
Budapeshtga safar «Leypsig» va Vengriya milliy jamoasi darvozaboni Peter Gulachini xursand qilgani aniq. U aynan Budapeshtda tug‘ilgan va «Pushkash Arena»da o‘ynagan. Bundan tashqari, Gulachi olti yil davomida «Liverpul» tarkibida bo‘lgan, ammo zaxira darvozaboni sifatida faqat o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushgan. Shu tufayli vengrning ishtiyoqi ikki karra edi.

Ammo «Liverpul»ga qarshi o‘yin Gulachi uchun memlar bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Yo‘q, vengr umuman olganda yomon o‘ynamadi — o‘tkazib yuborilgan gollarda u aybdor emas. Ammo birinchi bo‘limda Gulachi Robersonning deyarli maydon markazidan parashyut qilib yo‘llagan zarbasini o‘tkazib yuborishi mumkin edi. «Leypsig» darvozaboni raqib hujumchisini jarima maydoni tashqarisiga chiqib qarshiladi va to‘pni uzoqlashtirdi, ammo himoyachilar to‘pni yo‘qotishdi, to‘p Robersonga kelib tushdi, bu vaqtda o‘z hududidan ancha oldinga chiqib ketgan darvozabon ortga qaytishga ulgurmadi - to‘p darvoza to‘sini ustidan o‘tib ketdi, darvozabon esa inersiya bilan sakrab pastga qulaganida darvoza to‘riga o‘ralashib qoldi. Gulachining bu holati «Leypsig»ning o‘yindan keyingi holatini ideal darajada ifodalardi.

Nominal jihatdan mezbon bo‘lganlar birinchi bo‘limda juda yaxshi o‘yin ko‘rsatishgandi. Ilk daqiqalardanoq Olmo qulay vaziyatga ega bo‘ldi, Alisson uning zarbasiga qarshilik ko‘rsata olmadi, ammo to‘p ustundan qaytdi. Ko‘p o‘tmay Saloh ham yaxshi imkoniyatni ko‘kka sovurdi — Gulachida seyv. Ammo birinchi bo‘limda eng yodda qolarli vaziyat aynan vengriyalik darvozabonning to‘rdagi holati edi.

Individual xatolar
«Leypsig» birinchi bo‘limda ham ehtiyotsiz o‘ynayotgandi. Fransiyalik himoyachi, yozda «Bavariya»ga o‘tishi hal bo‘lgan Upamekano epizodlardan birida xato qildi, u himoyadan chiqishda berilgan birinchi pasni raqib egallab oldi, ushbu hujum davomida Upamekanoning o‘zi Manega qarshilik ko‘rsata olmadi, mehmonlar hujumchisi darvozabon bilan yakkama-yakka holatda qolgan Firminoni to‘p bilan ta'minladi va to‘p darvozaga borib tushdi, ammo hakam «Liverpul» hujumchisi to‘pni maydon chizig‘i tashqarisidan uzatgan deb topdi.

Tanaffusdan keyingi xatolar esa kechirilmadi.

Avvaliga Zabitser ortga to‘p qaytarishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, Klostermann toyib ketib orqaroqqa tashlab berilgan to‘pga yeta olmadi, Saloh hisobni ochdi — 0:1. Keyin esa Mukile raqib qarshi hujumi vaqtida to‘pni raqibga topshirib qo‘ydi, darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yuborilgan Mane osonlik bilan darvozani ishg‘ol qildi — 0:2.

Shu bilan intriga o‘ldi. «Leypsig» qolgan vaqt davomida «standart»larda va Anxelinoning qanotidan hujumlar orqali vaziyatni o‘nglashga urindi, ammo barcha harakatlar besamar ketdi, «Liverpul» esa himoyaga majburan Henderson qo‘yilgan holatda ham ishonchli o‘ynadi. «Liverpul» darvozaboni bu pozitsiyaga ko‘nikib bormoqda va u bu o‘yinni ham jamoaning yangi a'zosi Kabak bilan ko‘ngildagidek yakunlab qo‘ydi.

0:2 — «Liverpul» sovuqqonlik bilan g‘alaba qildi. O‘tgan mavsumda YeChL yarim finalchisi bo‘lgan «Leypsig»da bu safar turnirni davom ettirish imponiyati juda past. Premer-ligada chempionlikdan umid uzgan Yurgen Klopp endi bor e'tiborini YeChLga qaratmoqda.

Upamekano uchun «Liverpul»ga qarshi o‘yin 2021 yil yozida «Bavariya»ga 42,5 mln yevro evaziga transfer qilinishi e'lon qilinganidan keyingi ilk o‘yin edi. Juda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan yana bir futbolchi Marsel Zabitser esa klubda Dayodan keyingi eng qimmatbaho futbolchi (Transfermarkt bo‘yicha 42 mln yevro), unga hozirda Angliya klublari jiddiy qiziqayotgandi. Bu o‘yin unga yomon reklama bo‘ldi.

  • «Liverpul» yanvar oyi oxiridan buyon ilk marta g‘alaba qozondi - uch o‘yindan iborat mag‘lubiyatli seriyaga yakun yasaldi (jami 2:8). Bu o‘yinda esa nafaqat g‘alaba qozonildi, balki gol ham o‘tkazilmadi.
  • Sadio Mane «Liverpul» safida yevrokuboklarda urgan gollari sonini 20taga yetkazdi – u endi klubning bunday natijaga erishgan beshinchi futbolchisidir.
  • Muhammad Saloh bu mavsumda barcha turnirlar doirasidagi 24-golini urdi (YeChLda – to‘rtinchisi). Top-5 ligalar bo‘yicha undan ko‘proq gol faqat Robert Levandovskida – 25.

Safardagi 2:0 hisobidagi g‘alaba – chorak final yo‘llanmasini kafolatlamasligi mumkin, ammo hozirgi «Liverpul» uchun juda zarur bo‘lgan impuls vazifasini o‘tab berishi shubhasiz.

Mavzuga oid