Sport | 10:46 / 27.02.2021
11378
16 daqiqa o‘qiladi

Hafta o‘yinlari anonsi: «MYu» Londonda mehmon, «Atletiko»da hal qiluvchi o‘yin

Birinchi davra davomida juda tig‘iz va murosasiz tuyulgan APL jadvalida hammasi tartibga tushgan va «Manchester Siti» muddatidan oldin chempionlikni nishonlash yo‘liga tushgan bo‘lsa, Ispaniyada aksincha, shu paytgacha bo‘lmagan intriga qaytib qolishi mumkin. Italiyada esa «Milan» yopishish uchun so‘nggi has ilinjida. Yevropa milliy chempionatlari navbatdagi dam olish kunlari ham bizni zeriktirmaydi.

MANCheSTeR SITI – VeST HEM (27 fevral, 17:30)

Angliyada 2021 yilning eng yaxshi natija ko‘rsatayotgan ikki jamoasi o‘zaro to‘qnash keladi. Ulardan biri «Vest Hem» ekani chindanam syurpriz, ammo David Moyyes shogirdlari hozirda kuchli to‘rtlikda bekorga emasliklarini maydonda ham isbotlashmoqda. Gap faqat qulay taqvimda emas, «Vest Hem» so‘nggi ikki oyda «Everton», «Aston Villa», «Tottenhem» kabi raqobatchilari ustidan ham g‘alaba qozondi. Birinchi davrada «Lester» ham yirik hisobda mag‘lub etilgandi.

Lekin shuni ham tan olish kerakki, yaxshi formada bo‘lgan top-klublarga qarshi «bolg‘achilar» yetarli qarshilik qila olishmayapti. Masalan, «Vest Hem»ning APLdagi 6 mag‘lubiyatidan 5tasi aynan top-raqiblar – «Liverpul» (ikki marta), «Arsenal», «MYu» hamda «Chelsi»ga qarshi o‘yinlarda bo‘lgan. Ha, bu ro‘yxatda «Manchester Siti» yo‘q – birinchi davradagi o‘yin 1:1 hisobida yakunlangandi. Bu voqeaga ham shu qadar ko‘p bo‘ldiki, go‘yoki o‘sha «Siti» umuman boshqa jamoa bo‘lgandek. Hozirgi «Siti» barcha musobaqalarda 19 o‘yindan beri faqat g‘alaba qozonayotgan, o‘zi ishtirok etayotgan barcha turnirlarda yaqqol favoritga aylangan «Siti»...

«Vest Hem» uchrashuvda Yarmolenko, Ogbonna, Masuaku kabi asosiy tarkib o‘yinchilari yordamidan foydalana olmaydi. Shuningdek, Frederiksning ham holati so‘roq ostida. «Manchester Siti» tarkibi va uning sifati shu qadar yuqoriki, biror-bir futbolchining yo‘qligi haqida fikr yuritish ham ma'nosiz. Zero, jamoa Kevin De Bryuynening jarohatini ham sezmasdan o‘tkazib yubordi. Birgina Natan Ake hamon to‘liq tiklanib ulgurgani yo‘q.

Shunday bo‘lsa-da, hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasida «Borussiya»ga qarshi maydonga tushgan manchesterliklar tarkibida bir qator rotatsiya amalga oshirilishini ham kutsa bo‘ladi. Jamoaning yaqin ta'qibchilari «MYu» va «Lester» bu turda mos ravishda «Chelsi» va «Arsenal»ga qarshi to‘p suradi. Demak, Pep Gvardiola jamoasida balki o‘rtadagi ochkolik farqni yanada oshirish imkoni turibdi.

SeVILYa – BARSeLONA (27 fevral, 20:15)

«Barselona» Kuman boshchiligida bir amallab turnir jadvalida yuqorida borayotgan bo‘lsa-da, yuqori saviyali jamoalarga qarshi o‘yinlarda o‘ta ishonchsiz o‘yin ko‘rsatmoqda. Chempionlar Ligasida Turindagi g‘alaba «Kamp Nou»da mag‘lubiyat bo‘lib qaytdi, «El Klasiko»da ham, «Atletiko»ga qarshi o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchraldi. «PSJ»dan yirik mag‘lubiyat. «Sevilya» bilan birinchi davradagi o‘yinda ham 1:1 hisobi qayd etilgandi. «Sevilya» bilan Qirollik kubogi uchun dastlabki bahs ham yodimizda – andalusiyaliklar 2:0 hisobida ustun kelgandi. Xullas, «Barselona» hech bo‘lmasa birorta sovringa ilinishni istasa, top-o‘yinlarni yutishni boshlashi kerak, masalan, «Sevilya»ga qarshi mana shu uchrashuvni.

«Sevilya» juda yaxshi sport formasida. Oxirgi 21 uchrashuvda jamoa faqat safar o‘yinlarida, La Ligada «Atletiko»ga va Chempionlar Ligasida «Borussiya»ga yutqazib qo‘ydi, xolos. Qolgan 19 o‘yinning atigi ikkitasi durang bilan tugagan. 17 g‘alabaning 14tasida «Sevilya» o‘z darvozasini daxlsiz saqlay olgan ham. Himoya markazida Diyego Karlos va Jyul Kunde juftligi bekorga bir qator grandlar tomonidan nishonga olinganlari yo‘q. Bunday raqibni safarda mag‘lub etish u qadar oson bo‘lmaydi. Umuman, turnir jadvalida ham yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha «Sevilya» raqibidan yaxshiroq ko‘rsatkich qayd etgan. Demak, mezbonlarning g‘alabasi ularni uchinchi o‘ringa olib chiqadi.

Buning ustiga «Barselona» tarkibida Pyanich, Koutino, Arauxo va Serji Roberto kabi futbolchilar jamoaga yordam bera olishmaydi. Mezbonlardan esa Okampos jarohatlangan bo‘lsa-da, «Sevilya» uchun bu muammo bo‘lmasa kerak, jamoa oxirgi 11 o‘yindan beri maydonni gol urmasdan tark etmayapti.

LeSTeR – ARSeNAL (28 fevral, 17:00)

O‘tgan mavsumda fevralgacha «Lester»da hammasi juda yaxshi ketgan va Rodjyers shogirdlari uchinchi o‘ringa mustahkam o‘rnashib olishgandi. Ammo keyinchalik hammasi chappasiga ketdi – Suyunji, Meddison, Chilluell kabi futbolchilar jarohat oldi. «Lester» «MYu» va «Chelsi»ni oldinga o‘tkazib yuborib, yakunda Chempionlar Ligasi yo‘llanmasidan quruq qolishdi.

Rodjyers o‘sha ssenariy takrorlanmasligi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda. «Lester» Angliyaning eng barqaror jamoasi bo‘lib turibdi, «Liverpul», «Chelsi» ustidan qozonilgan g‘alabalar futbolchilarga ishonch bergani shubhasiz. Ammo yana jarohatlar boshlandi – Meddison operatsiya stoliga yotishga majbur bo‘ldi, chap qanotda Chilluellning o‘rnini ortig‘i bilan bosayotgan Jyeyms Jastin mavsum oxirigacha safdan chiqdi. Rodjyers bunday sharoitda Yevropa Ligasini qurbon qilayotganini ham tushunsa bo‘ladi, zero endi faqat yuqori jismoniy tayyorgarlik evaziga raqobatchilarni ortda qoldirish mumkin.

«Arsenal»ga esa aksincha, bu safar ham APLda «non yo‘q», Arteta jamoa qurish ustida ishlarini davom ettiradi, balkim Yevropa Ligasi o‘yinlarida g‘olib chiqishga urinib ko‘rar. Boshqa tomondan aynan APLdagi «Arsenal»ni kuzatish qiziq – hech qanday bosim yo‘q, murabbiy bemalol o‘z rejalarini maydonda sinab ko‘rishi, yosh futbolchilarning taqdiriga oydinlik kiritishi va yo‘l-yo‘lakay o‘z oldiga maqsad qo‘ygan raqiblarni to‘xtatishga urinishi mumkin. Shulardan biri - «Lester», nega bo‘lmasin?

Buning ustiga, birinchi davradagi o‘yin ham ancha dramatik kechgan, Vardining o‘yin oxirlarida urgan goli mehmonlarga uch ochko olib kelgandi. Umuman, APL doirasidagi o‘yinlarni olsak, oxirgi 4 o‘yinda londonliklar birorta ham g‘alaba qozona olmagan, uch o‘yinda «Lester» zafar quchgan.

Har ikki jamoa payshanba oqshomida Yevropa Ligasida qatnashishdi va aytish mumkinki, oson bo‘lmadi. «Arsenal» faqat so‘nggi daqiqalarda iroda ko‘rsatib, «Benfika»ni 3:2 hisobida yengdi va keyingi bosqichga chiqdi (safardagi o‘yinda 1:1). «Lester» esa «Slaviya»ga o‘z uyida 0:2 hisobida yutqazib qo‘ydi (birinchi o‘yin 0:0). Har ikki jamoa ham to‘liq asosiy tarkib bilan o‘ynashganini e'tiborga olsak, yakshanba kuni futbolchilardan yuqori jismoniy formani kutish qiyin. Bu ham o‘z navbatida xatolarni ko‘paytiradi, o‘yinning ancha ochiq va sermahsul, ya'ni muxlislarbop o‘tishini ta'minlaydi balki. 

CheLSI – MANCheSTeR YuNAYTeD (28 fevral, 21:30)

Hozircha, orada olti ochkolik farq bo‘lsa-da, bu o‘yin to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchilar o‘rtasidagi bahs deb baholanishga haqli to‘qnashuv. G‘alaba londonliklarni «Yunayted»ga 3 ochkoga yaqinlashtiradi, kelasi hafta Sulsher shogirdlari «Siti» bilan ham o‘ynashini e'tiborga olsak, «Chelsi»da hatto tenglashib olish imkoniyati yuzaga keladi.

APL doirasida «Chelsi» uch yildan beri «Yunayted» ustidan g‘alaba qozona olmayapti, ayniqsa, Sulsher davrida o‘zaro statistika «qizillar» foydasiga ancha oshib ketdi. Ammo bu safar mezbonlarda an'anani buzish uchun omillar yetarli. Birinchidan, Tuxel boshchiligida «Chelsi» juda ishonchli seriyani amalga oshirmoqda – 8 o‘yinda 6 g‘alaba va 2 durang. Bu o‘yinlarda raqiblar atigi ikki marta «Chelsi» darvozasini ishg‘ol qildilar, xolos. Himoyada ishonchli o‘ynaydigan raqib – «Yunayted» uchun juda noqulay. Ikkinchidan, mehmonlar tarkibida jarohatlar juda ko‘p – Pogbadan tashqari, Skott Maktominey va Van de Bekning jarohatlari aslida jamoada eng ko‘p nomzod bo‘lgan pozitsiyaga shu qadar putur yetkazdiki, «Sosedad»ga qarshi o‘yinda Tuanzebe o‘ynashga majbur bo‘ldi. Sulsher Skott va Van de Bekning yakshanba kuniga tayyor bo‘lishiga umid bildirdi, lekin aniq emas. Shuningdek, Edinson Kavani qachon o‘ynay boshlashi hali ham so‘roq ostida. Yevropa Ligasi o‘yinida Den Jyeyms ham jarohat olib maydonni tark etdi. Ya'ni Tuxel bu uchrashuvga tayyorlanishi uchun raqibning tarkibini bemalol taxmin qila oladi.

Shuningdek, Tuxel – Sulsher duelining navbatdagi seriyasi sifatida intriga oshadi. Murabbiylar Chempionlar Ligasi doirasida to‘rt marta to‘qnash kelib ulgurishdi. Bu o‘yinlarning hammasida mehmonlar g‘alaba qozongan.

ROMA – MILAN (1 martga o‘tar kechasi, 00:45)

«Milan» mavsum boshidan beri yo‘ldosh bo‘lib kelgan sehrini yo‘qotib qo‘ydi yoki ko‘kka sovurib yubordi. Qatorasiga to‘rt g‘alabasiz o‘yin milanliklarni ham Yevropa Ligasidan, ham A Seriya g‘olibligi kurashidan chiqarib yuborishiga sal qoldi. Dastlab, kutilmaganda «Spetsiya» maydonida mag‘lubiyat, keyin Milan derbisidagi 0:3. Natijada butun mavsum turnir jadvalini boshqarib kelgan Pioli shogirdlari peshqadam «Inter»dan 4 ochkoga qolib ketmoqda. Kontening tajribali futbolchilari juda yaxshi tezlik olishgani, buning ustiga hech qanday yevrokuboklarda qatnashmayotganliklarini e'tiborga olsak, endi yetib olish oson bo‘lmaydi.

Dastlabki qiyinchilik ertagayoq kutib turibdi. «Roma». Kuchli to‘rtlikda borayotgan, oxirgi 7 o‘yindan faqat bittasini, u ham bo‘lsa safarda «Yuventus»ga yutqazgan «Roma». Birinchi davradagi uchrashuv 3:3 hisobida jangovar durang bilan tugaganini e'tiborga olsak, g‘alaba qozonishi uchun «Milan» o‘sha eng yaxshi o‘yinlaridan birini yana namoyish etishga majbur. Aks holda, yana ochko yo‘qotish va «Milan» chempionlik poygasidan chiqib ketishi mumkin.

«Roma»ga yetakchi futbolchisi Edin Jyekodan foydalana olmasligi xalaqit berishi turgan gap. Yevropa Ligasida «Braga»ga qarshi o‘yin bosniyalik futbolchiga qimmatga tushdi va jarohat olib maydonni erta tark etdi. Mehmonlar tarkibida esa boshqa bir bolqonlik hujumchi Mario Manjukich yordam bera olmaydi.

VILYaRReAL – ATLeTIKO (1 martga o‘tar kechasi, 01:00)

Bu safar raqib nafaqat «Vilyarreal», umuman, har qanday jamoa bo‘lganida ham «Atletiko»ning o‘yini e'tiborga arziydi, zero aynan mana shu turlarda Ispaniyadagi chempionlik poygasi taqdiri ma'lum bo‘ladi. «Atletiko» uchun juda muhim palla. Sababi, ancha payt juda bir tekis ketgan va chempionlikka erishishi umumun shubha tug‘dirmaydigan tasavvur uyg‘otgan «Atletiko» muammolarga duch keldi – qatorasiga uch g‘alabasiz o‘yin va «Atletiko» bir haftada Chempionlar Ligasida ham, La Ligada ham qiyin holatda qoldi.

To‘g‘ri, Ispaniya chempionatidagi holat hali ham yomon emas, yetarlicha farq bor, lekin bekorga aynan mana shu turlarga e'tibor berishga chaqirmadik – «Atletiko» bu o‘yinlarda yana g‘alabali yo‘lga tushib olsa, hech qanday krizis yo‘qligini, «Levante»ga qarshi o‘yinlar shunchaki omadsizlik ekanini ham o‘zlariga, ham raqiblarga isbotlashadi. Shundagina yengil tin olish mumkin, aks holda, «qon isini sezgan» «Real» yoki «Barselona» La Ligada imkoniyat paydo bo‘lganini payqashsa, butunlay boshqacha o‘ynashni boshlab yuborishlari mumkin. Aynan ta'qibchilarni uyg‘otib yubormaslik uchun ham «Atletiko» xotirjam rejimga qaytishi kerak.

Buning ustiga «Atletiko» keyingi o‘yinni «Real»ga, undan keyingisini «Atletik»ka qarshi o‘tkazadi. Madrid derbisi oldidan ochko yo‘qotish «Real»ni bir o‘yin masofasigacha yaqinlashtirib qo‘yadi. Bu juda xavfli.

«Vilyarreal» esa bunday nozik palla uchun eng noqulay raqib. «Atletiko» Vilyarrealda oxirgi besh o‘yinda birorta ham g‘alaba qozona olmagan. Madridda o‘tgan birinchi davra o‘yini ham teng kurashlar ostida kechgan va hisob ochilmagandi.

Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, mezbonlardan Moreno, Koklen, Gaspar kabi futbolchilar tiklanib ulgurganlari yo‘q. Iborra esa, mavsum oxirigacha safdan chiqqan. Simeonega Yannik Karrasko va himoyachi Xose Ximenes yordam bera olishmaydi.

BOShQA O‘YINLAR

27 fevral. BAVARIYa – Keln (19:30), BORUSSIYaD – Arminiya (19:30), Dijon – PSJ (21:00), LeYPsIG – Borussiya M (22:30) Verona – YuVeNTUS (28 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

28 fevral. TOTTeNHEM – Byornli (19:00), INTeR – JYeNOA (19:00), Sheffild- LIVeRPUL (1 martga o‘tar kechasi, 00:15) Marsel – LION (1 martga o‘tar kechasi, 01:00)

1 mart. EVeRTON – Sauthempton (2 martga o‘tar kechasi, 01:00), ReAL M – Real Sosedad (2 martga o‘tar kechasi, 01:00)

Mavzuga oid