Jamiyat | 14:56 / 27.02.2021
12399
7 daqiqa o‘qiladi

«O‘qishga kirish oson bo‘lsa ham, bitirish qiyin bo‘lishi kerak» – xususiy maktab va o‘quv markazi asoschisi bilan suhbat

Aziz Rahimov 28 yoshda bo‘lishiga qaramay, Merit xususiy maktabi hamda Merit o‘quv markazi asoschilaridan biridir. Hozirda tadbirkor sifatida faoliyat olib boradi. Aziz “Osmondagi bolalar” loyihasiga bergan intervyusida xususiy maktablarga zarurat, nega jamiyatda ayol shifokorlar ozchilikni tashkil etishi, yoshlar maqsadga erishishda yo‘l qo‘yadigan xatolar xususida fikrlarini bildirdi.

Tibbiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun nima qilish kerak?

Hozir O‘zbekistonda tibbiyot sohasini rivojlantirish uchun qilinayotgan ishlar yo‘q emas, bor. Fikrimcha, davlat biron sohani o‘zi rivojlantira olmayotgan bo‘lsa, uni xususiy sektorga berishi kerak. Shunda rivojlantirishni ular olib ketadi. Hozirda Toshkentda 2 mingta klinika bor va bu juda ko‘p. Davlat klinikalarini qanday rivojlantirish mumkinligi bo‘yicha bir yechimni ayta olaman. Bu – sug‘urta. Sug‘urta tizimi takomillashtirilsa, tibbiyotga investitsiya kiritish uchun mablag‘ muammosi qisman hal bo‘ladi.

Chet el tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, u yerda tibbiyot uchun davlat budjetidan katta mablag‘ ajratiladi. Ammo bizda aholi ko‘pligi bois, tibbiyotga ko‘p pul ajratish yechim emas. Undan ko‘ra, sug‘urta tizimi samarali tashkil etilsa, aholi o‘zi “men sug‘urtam uchun pul to‘laganman”, deydi va qayeridir og‘rib qolsa, xususiy klinikaga ham borishi mumkin. Uning chekini, pulini xususiy klinika sug‘urta kompaniyasidan olaveradi.

“Ayol vrach qidiramiz, ammo ayol-qizlarni shifokor bo‘lishga targ‘ib qilmaymiz”

Aziz Rahimov

Ayol-qiz shifokorlarning tibbiyotda yetishmasligini juda og‘riqli holat deb bilaman. Asosan doyalikda yetishmaydi. Misol uchun, rafiqangiz homilador bo‘lganda ayol doyalarni qidirib yurasiz. Ushbu sohada mehnat qilayotgan ayollarga moliyaviy tomondan ham yordam berish lozim, deb o‘ylayman. Bu borada yana bir muammo bor – hammasi mentalitetga borib taqaladi. O‘zimiz ayol vrach qidiramiz, ammo ayollarni, qizlarni shifokor bo‘lishga targ‘ib qilmaymiz.

O‘z faoliyatim davomida ikki marta ayol jarrohlar bilan gaplashganman. Ular ayol kishi xirurgiya sohasini tanlashda ko‘p narsalardan voz kechishi kerakligini ta'kidlab o‘tishgan. Misol uchun, operatsiya kechki paytga belgilangan bo‘lsa, tungi smenalarga qolish kerak bo‘ladi. Ayrim hollarda, uyda bo‘la olishmaydi ham. Fikrimcha, bunday rejimda ishlashga ularning turmush o‘rtog‘i ruxsat bermaydi.

“Qadriyatlar ustunmi yoki daromad?”

Tibbiyot sohasida 7 yil o‘qib, 3 oy ishlaganman, xolos. Mana shu muddatda bu soha men uchun emasligini anglaganman. Moliyaviy tomondan erkin bo‘lsangiz, bemalol shifokorlik bilan shug‘ullana olasiz. Ko‘pchilik bilmaydigan omillar bor. Bu muammo faqat bizda emas, rivojlangan davlatlarda ham bor. Shifokorning asosiy daromadi, bemordan pul olmayotgan bo‘lsa ham, uning yozayotgan tashxisi va tavsiya etayotgan dorisiga bog‘liq bo‘ladi. Muayyan kompaniya, dorixona “mening dorimni tavsiya bering”, deb o‘sha dori sotilganda daromaddan ma'lum foiz berishadi. Shifokorlarning bu ishga qo‘l urishiga sabab oylik maoshlari kam ekanligi, deb ayta olaman. Shifokorlik - odamlar ishonadigan mas'uliyatli kasb. Yuqoridagi holatda shifokor o‘ziga “mening qadriyatlarim ustunmi yoki daromadmi?” deb savol berib ko‘rishi kerak. Bu yerda kurash ketadi: shifokor qimmat doriga muqobil sifatida ta'sir kuchi biroz pastroq, ammo davolasa bo‘ladigan dori-darmonlarni maslahat berishi yoki aksincha, qimmat dorilar bilan davolanishni yozib berishi ham mumkin.

“O‘qishga kirish oson bo‘lsa ham, uni bitirish qiyin bo‘lishi kerak”

 Ta'limni rivojlantirishni birinchi navbatda kadrlardan boshlash kerak. Ya'ni, har qanday sohada o‘sha sohani rivojlantira oluvchi kadrlar yetarli bo‘lsa, o‘sish bo‘ladi. Mayli, o‘qishga kirish oson bo‘lsin, lekin bitirish qiyin bo‘lishi kerak, degan fikrdaman. Mening bir xodimim bor, pedagog bo‘lishga ishtiyoqi baland, “yonib” ishlaydi. Lekin kirish imtihonida yetarli ball yig‘a olmaganligi uchun o‘qishga kira olmagan.

Yoshlar “kirdim-bitirdim”, deb universitetda o‘qimasliklari kerak. Kadr o‘qishga kirganligini birinchi qadam deb bilishi kerak. “Hayotim endi qiyinchiliklardan boshlanadi”, degan gap ichidan o‘tsin. Masalan, ming nafar talabgor pedagogika institutiga kirsin, lekin 200tasi bitira olsin. Bu kadrlar keyinchalik bolalarimizga dars berishadi. Yetuk kadr har bir bolaga alohida yondasha olishi, ozgina bo‘lsa-da xarizmaga ega bo‘lishi kerak. Xonaga kirdimi, o‘quvchi unga bog‘lanib qolishi lozim. Bu universitetda o‘rgatilmaydigan jihatlar, deb ayta olaman.

“Ustoz bilan yo‘lni bosib o‘tish osonlashadi”

Muvaffaqiyatga erishishda ustozning o‘rni juda muhim deb bilaman. Biron narsaga erishmoqchi bo‘lsangiz, shu maqsadga erishgan, bu yo‘ldagi qiyinchiliklarni ko‘rgan insonning oldiga borasiz va maslahat olasiz. Doim o‘z sohasining ustalaridan maslahat olishga harakat qilib kelaman. Ustoz oldingda bo‘lsa, bosib o‘tilajak yo‘l osonlashadi. Shu yo‘ldan ustozsiz yurib ham maqsadga erishsa bo‘ladi, lekin ustoz bilan tezroq o‘sasiz va oldinda bo‘lasiz.

“Omad kelganda, unga tayyor bo‘lish – muvaffaqiyat omili”

 Biznesdagi muvaffaqiyatni ikki omilga bog‘layman, Birinchisi omad. Ya'ni, to‘g‘ri paytda to‘g‘ri joyda bo‘lib qolishingiz, to‘g‘ri odamlar sizga yo‘l ko‘rsatishi. Ikkinchisi esa shu omadni qabul qilishga tayyor bo‘la olishingiz. Unga qadar o‘z ustingizda ishlab, tayyorgarlik ko‘rib borgan bo‘lishingiz kerak.

Muvaffaqiyat hammada har xil. Hamma turli holda erishadi. Masalan, kimdir ota-onasi bergan tarbiyasi orqali erishadi, kimdir yordam berib yuborishi mumkin, yana kimdir yaxshi ishi orqali muvaffaqiyatga erisha oladi. Muvaffaqiyatga eltuvchi yo‘llar juda ko‘p. Ya'ni bitta yo‘l bo‘lishi shart emas. Yoshlarga maslahat sifatida ayta olaman, omad kelganda doim tayyor bo‘la olishsin. Buning uchun esa vaqtni bekorchi narsalarga sarflamasdan, izlanishda bo‘lish lozim.

Mavzuga oid